Jamiyat 08.10.2019 25

UCH SHIFOKOR, BIR HAMSHIRA ISHDAN BO‘SHATILIB, TUG‘RUQXONA RAHBARIGA HAYFSAN BERILDI

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda "Bu tug‘ruqxonani odamlar bekorga qassobxona deb atamas ekan!" nomida material e’lon qilindi. Unda aytilishicha, shu yilning 6 sentabr kuni oy-kuni yaqinlashgan turmush o‘rtog‘ini Qarshi shahar tug‘ruqxonasiga olib borgan fuqaroga bolani operatsiya yo‘li bilan olish evaziga uch shifokorga 100 ming so‘mdan berish, keyin operatsiya uchun kerakli anjom va dorilarni olib kelish talabi qo‘yilgan. Qizig‘i, operatsiyadan so‘ng tug‘ruqxonadagilar "Davlat ajratgan dori-darmonni oldik", degan mazmundagi hujjatga qo‘l qo‘ydirib olishgan. Qolaversa, murojaatda operatsiyada qatnashganlarga ham pul bermaguncha bemorni reanimatsiya bo‘limiga olmay kutib turishlari, shuncha xarajatlar yetmaganday tug‘ruqxonadan chiqishda ham "bizga ataganingiz yo‘qmi" deb turadiganlar uchrashi qayd etilgan.

Afsuslanarli tomoni, ona uyga qaytgach, tanada ip qolib ketgani ma’lum bo‘lgan. Ammo shifokor boshda "o‘zi bitta ip qoldiriladi" deb o‘zini oqlagan bo‘lsa, vaqt o‘tib yana bir ip qolib ketgani ayon bo‘lgach, do‘xtirlar "shunga shuncha vahimami" degan javob berishgan. Shunga ko‘ra, fuqaro tug‘ruqxonadagi korrupsiya holatiga barham berish va shifokorlarning o‘z vazifasiga mas’uliyatli bo‘lishlarini so‘ragan.

Qarshi shahar tug‘ruq kompleksi xodimlari faoliyatiga taalluqli ushbu holat yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:

"Ayni paytda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan vaziyat o‘rganilmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan murojaatda qayd etilgan ayol va go‘dakning salomatligi alohida nazoratga olindi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan  shahar tug‘ruq kompleksida o‘tkazilgan umumiy yig‘ilishda ushbu holat atroflicha muhokama qilindi.

Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov, Qarshi shahar hokimining o‘rinbosari Alisher Nasimov, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i Ilhom Qodirov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari SHerali Nurmatov, Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Mohigul Baxramova, boshqarma va shahar hokimligi axborot xizmatlari rahbarlari, tug‘ruqxonadagi barcha shifokorlar, hamshiralar va doyalar ishtirok etishdi.

Umumiy yig‘ilish qaroriga asosan Qarshi shahar tug‘ruq kompleksida O‘zbekiston Respublikasi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonuni talablariga rioya etilishi holati qoniqarli emas, deb topildi. Bu borada kompleks rahbariga har bir xodim bilan jiddiy tushuntirish olib borish, ichki jamoatchilik nazoratini kuchaytirish vazifasi topshirildi.

Ushbu holat bo‘yicha tug‘ruq kompleksining uch nafar shifokori va bir hamshirasi egallab turgan vazifalaridan ozod etildi. Tegishli qonun talablariga rioya etilishi borasida nazoratni susaytirgani uchun shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan tug‘ruq kompleksi bosh vrachi Salima Achilovaga nisbatan "hayfsan" intizomiy chorasi ko‘rildi. Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Mohigul Baxramovaga nisbatan intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha vazirlikka taklif kiritildi.

Viloyatning barcha tibbiyot muassasalarida Qarshi shahar tug‘ruq kompleksida qayd etilgan holatni muhokoma etib, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonun yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi  tomonidan qabul qilingan qaror va buyruqlar ijrosini qaytadan ko‘rib chiqish borasida chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’muriyati shunday imtiyoz va imkoniyatlar yaratilayotgan, shuningdek, O‘zbekistonning onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi tajribasi va yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgan bir paytda yuqoridagi noxush holatlarning ro‘y bergani juda afsuslanarli hol deb hisoblaydi va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘radi. Qanchalik bilimli, malakali va mohir mutaxassis bo‘lmasin, tamagir kishiga tizimda o‘rin yo‘q, deb biladi. Shu sababli har bir tibbiyot xodimiga o‘z xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi nafaqat o‘zining va jamoasining, balki axborot maydoni chegara bilmayotgan ayni sharoitda yurtining sha’ni, obro‘-e’tibori bilan bog‘liqligi batafsil tushuntirilmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan barcha tibbiyot muassasalarining qabul va boshqa bo‘limlarida ko‘zga ko‘rinarli joylarda "Ishonch telefonlari" ko‘rsatilgan murojaatlar lavhalari joylashtirilgan. Fuqarolardan tibbiyot xodimlarining korrupsiyaga aloqador xatti-harakatlari yuzasidan mazkur shifoxona, hududdagi tibbiyot birlashmasi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’muriyatiga zudlik bilan xabar berishlarini so‘raymiz. Har bir murojaatning jiddiy o‘rganilishi kafolatlanadi. Bu boradagi hamkorlikni juda qadrlaymiz va hamjihatlikdagi sa’y-harakatlarimiz tizimda yuqoridagi singari jirkanch illatlarning oldini olishda, qat’iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda katta samara berishiga ishonamiz".

Ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ruq kompleksida kuzatilgan holat Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi tomonidan ham o‘rganilayapti. O‘rganish natijalariga ko‘ra tegishli mutasaddi-xodimlarga nisbatan yanada qat’iy choralar ko‘rilishi mumkin.