Jarayon 14.05.2019 96

UCHTASI BIRDA: SAYYOR QABUL, TIBBIY KO‘RIK VA MEHNAT YARMARKASI

Xalq bilan muloqot

Viloyat hokimligi va viloyat Xalq qabulxonasi hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul Qamashi tumani aholisini qamrab oldi.

Viloyat tashkilotlari, tuman hokimligi mutasaddilari, sektorlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari jalb qilingan tadbirda 300 nafardan ziyod fuqaro turli ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega masalalar va shaxsiy muammolari bo‘yicha murojaat qildi. Ishga joylashish, ichimlik suvi ta’minoti, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kredit olish, uy-joy, moddiy yordam kabi masalalarga oid 185 murojaatning 54 tasi joyida hal qilinib, 8 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirish berildi, 122 ta masala o‘rganish va ijroga yo‘naltirildi.

Xususan, Katta arab qishlog‘ida yashovchi Saydulla Avazov ko‘prikni ta’mirlashda, Paxtaobod mahallasilik Sattor Mallayev yo‘l va 59-maktabga sport zal qurib berish masalasida murojaat qildi. Ravotlik Qo‘zi Muqimovning qabristonga boradigan yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha murojaati 2020-yilda "Obod qishloq" dasturi asosida hal etilishi aytildi.  Boybo‘rilik o‘quvchilar esa To‘qboydagi maktabga qatnab o‘qishdan qiynalayotir. Yo‘l uzoq, yog‘in-sochinli kunlarda narigi qishloqqa borib kelish bir mashaqqat. Shunga asosan endi Boybo‘rining o‘zida ham maktab quriladigan bo‘ldi.

Gulobod qishlog‘ida yashovchi Do‘stmamat bobo Uzoqov ham yo‘l masalasida mutasaddilardan javob istaganlardan. Gap shundaki, mahalladagi umumfoydalanishda bo‘lgan, Toshkent-Termiz yo‘nalishiga olib chiqadigan 3 kilometr yo‘l ancha yillardan buyon abgor holatda, yo‘lovchi va haydovchilar uchun turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Bunga javoban ana shu 3 kilometrlik yo‘l tez orada ta’mirlanishi ma’lum qilindi.

- Qishloqdagi 200 dan ziyod bola o‘qish uchun 8 kilometr uzoqlikdagi maktabga qatnashiga to‘g‘ri kelayapti, - deydi Mehr mahallasida istiqomat qiluvchi Hasan Nurimov. - Qabul payti rahbarlarga shu masalani aytdim. Xalq ta’limi boshqarmasidan loyiha qilib, filial qurishda yordam beramiz, deyishdi. Bu ish amalga oshsa, vaqti tejaladigan bolalarga ham, xavotiri kamayadigan ota-onalarga ham ancha qulaylik bo‘lardi.

Qabul davomida, shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. 180 dan ziyod fuqaro qatnashgan ko‘rikda 14 kishiga statsionar davolanish uchun yo‘llanma, ayrimlariga ambulatoriya sharoitida sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha tavsiyalar, nogironligi bo‘lgan va sog‘ligini yo‘qotgan bir guruh kishilarga nogironlik aravachasi, tayanch vositalari berildi.

Shu kuni mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, unda 82  tashkilot, korxona va muassasa 413 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Ko‘pchilik ishga joylashish uchun yo‘llanmalarga, ayrimlar muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Uchrashuv doirasida Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi va adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan aholiga huquqiy maslahatlar ham berildi.

N.XO‘JAYEV

Suratda: tadbirdan lavha.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.