Jamiyat 09.07.2019 73

UKA O‘Z OPASINING UYINI O‘MARDI

Nishonlik Rahim Botirov (ism va familiya o‘zgartirilgan) 22 yoshda. Uylangan, aql-hushi joyida. Harakat qilsa, tog‘ni talqon qilgudek kuchi, shijoati bor.

Ammo biror-bir foydali ishning boshini tutishi, o‘z kelajagi uchun hozirdanoq mustahkam poydevor yaratishi lozim bo‘lgan bu yigit mehnatga bo‘yin eggisi kelmas, bekorchilikdan goh u yerda, goh bu yerda sang‘ib yurardi.

Garchi ota-onasi bilan birga yashasa-da, oilali erkakga tez-tez pul kerak bo‘lib turishi tabiiy. O‘zi hech ish qilmagach, pulni kimdan so‘raydi? Albatta, ota-onasidan. Ammo hadeb ota-onadan pul so‘rayverish ham og‘ir ekan. Har holda Rahim shuni his etib, o‘zi pul topishga qaror qildi.

Bu yaxshi, lekin uning pul topish uchun egri yo‘lni tanlagani yomon. Bir-ikki marta o‘g‘rilik qilgan yigit qo‘lga tushib, bu qilmishi uchun unga jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudining 2018-yil 3-iyuldagi hukmiga asosan ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangandi. Biroq Rahim bundan o‘ziga tegishli xulosani chiqarmadi. Yana jinoyatga qo‘l urdi.

Aslida o‘sha kuni u uyidagilarga mazasi bo‘lmayotganini aytib, narigi qishloqda yashovchi opasinikiga ketgandi. Uning qo‘shnisi bo‘lgan tabibga ko‘rinib kelmoqchi edi.

Ukasi kelganidan shodlangan opa uning tobi yo‘qligini  eshitib, atrofida girgitton bo‘la boshladi. Tabibdan so‘ragan edi, ertaga tong saharda qorni och holda kelsa ko‘raman, deb aytdi. Shundan so‘ng uni uyida olib qoladigan, ertasiga tongda tabibga ko‘rsatadigan bo‘ldi. O‘zi esa turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda bozorga borib kelmoqchi edi.

- Sen jiyanchangga qarab tur, pochchang bilan bozorga tushib, darrov qaytib kelamiz, - dedi opa.

Ular ketishgach, Rahim beixtiyor uyni tintiy boshladi. E’tiborini shkaf ustida turgan gipsdan ishlangan sandiqcha tortdi. O‘ylashicha, pochchasining pullari ana shu sandiqcha ichida edi.

Bunday vaziyatda ko‘p ham bosh qotirib o‘tirmaydigan yigit darhol sandiqchani sindirdi. Taxmini to‘g‘ri ekan, ichidan 400 ming so‘mcha pul chiqdi. U pulni oldiyu, yosh jiyanchasini yolg‘iz qoldirib, uyga jo‘nadi. Qaytib xotiniga "Tez tayyorlan, Dehqonobodga boramiz, momongni ko‘rib kelamiz", deya uni mehmondorchilikka unday boshladi.

Kelinchak ham erining nega birdaniga bu fikrga kelib qolganidan hayron, tez-tez yumushlarini bajarib, kiyinib chiqdi. Shu kuni ular Dehqonobodda, kelinning keksa momosining uyida mehmon bo‘lishdi. Ertasiga tuman markaziga borib, bozor aylandi. Rahim bir qancha buyumlar sotib oldi, kelinga ham ancha-muncha narsa olib berdi. Uydagilarga ham sovg‘a-salom qilib, ortga qaytishdi.

Uyga kirib kelishar ekan, kelin xursand, Rahimning esa yuragi bezovta edi. Bu bezovtalik bekorga emas ekan. Darvozadan kirishlari bilan IIB xodimlari uning qo‘liga kishan taqishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining ochiq sud majlisida Rahim Botirovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

SH.HASANOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi raisi