Jamiyat 30.08.2019 35

ULAR YODI BOQIY MASKAN

Bilamiz, xalqimiz tarixida mash’um kunlar ko‘p bo‘lgan. Minglab insonlar turli urushlarda halok bo‘lgan, qancha-qancha yurt  farzandlari  ocharchiligu bosqinlarda hayotdan bevaqt ko‘z yumgan, qatag‘on qilinganlar qancha? Uzoqqa bormaylik. Yaqin tarixga nazar tashlasak, xalqimiz chorizm istibdodidan jabr chekdi, sho‘rolar hukumati tomonidan talandi. Bu ham yetmaganidek, ularning asossiz ayblovlari bilan minglab ma’rifatli, ziyoli insonlari qamaldi, surgun qilindi, otildi.

Ikki yilcha avval, aniqrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan Qarshi davlat universiteti tuzilmasida tashkil etilgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida ana shu davrlarga tegishli, jumladan, "Sovet davlati qatag‘on siyosatining boshlanishi (1926-1936)"; 1937-1938- yillardagi "Katta qirg‘in" oqibatlari; "1940-1950-yillarda O‘zbekiston janubida amalga oshirilgan siyosiy qatag‘onlar"; "1980-yillardagi qatag‘on. "Paxta ishi" kampaniyasi"ga oid eksponatlar joy olgan. Muassasa Qarshi shahridagi Abu Ubayda ibn al-Jarroh ziyoratgohida joylashgan.

- Ayni paytda bizda yuzdan ortiq eksponatlar mavjud, - deydi muzey direktori Dilnavoz Rahmatova. - Ularning aksariyatini qatag‘on yillariga oid foto va video materiallar, qo‘lyozmalar, tarixiy xaritalar, kitoblar, suratlar hamda turli buyumlar tashkil etadi. Muzey fondi doimiy ravishda boyitib borilmoqda. Ilmiy muassasalar, viloyatimiz olimlari, tarixchilar bilan bir qatorda, keng jamoatchilik, xususan, mahallalar ahli bilan ham ishlashga harakat qilayapmiz. Joylarda o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida odamlar o‘zlarida bo‘lgan noyob tarixiy hujjatlar, foto va video materiallarni muzeyga topshirib, eksponatlarimiz soni oshishiga hissa qo‘shmoqda.

Qatag‘on qurbonlari kim edi? Sizu bizning ajdodlarimiz, millat erkini sog‘ingan, shu yurt ozodligi uchun jonlarini ayamay kurashgan fidoyi vatandoshlarimiz edi. Ular nomini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur muzey esa yosh avlodning ham vatanparvar, o‘z millatini sevuvchi, ma’rifatparvar ajdodlaridan faxr va iftixor tuyuvchi jasur farzandlar bo‘lib o‘sishida muhim rol o‘ynashi shubhasiz.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.