Ta'lim 01.10.2019 30

ULARGA ATALGAN BIR KUN - QAYERDA, QACHON?

O‘qituvchi, ustoz, murabbiy. Bu so‘zlarni eshitishimiz bilan ko‘z o‘ngimizda beixtiyor yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, mamlakatning ertangi egalarini tarbiyalashdek sharafli ishga mas’ul soha xodimlari gavdalanadi. Ular har bir xalqda e’zozda va dunyoning ko‘plab davlatlarida O‘qituvchilar kuni o‘zgacha ko‘tarinki ruhda bayram qilinadi.

Quyida dunyo davlatlarida o‘qituvchi, ustoz va murabbiylarga bag‘ishlangan kun qachon va qay tartibda nishonlanishi haqida to‘xtalamiz.

Xalqaro o‘qituvchilar kuni

5-oktabr sanasi dunyoning ko‘plab davlatlarida Xalqaro o‘qituvchilar kuni sifatida keng nishonlanadi.

Ushbu sana tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1966-yilning 5-oktabr kuni Parijda hukumatlararo anjuman o‘tkazilib, unda o‘qituvchilarning maqomiga bag‘ishlangan masala kun tartibiga kiritilgan edi. O‘shanda YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti "O‘qituvchilarning maqomi borasida tavsiyalar" to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Keyinchalik, ya’ni 1994-yilga kelib bu sana Xalqaro o‘qituvchilar kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Polshalik o‘qituvchilar bayrami – 14-oktabrda

Polshadagi barcha pedagoglar o‘zlarining kasb bayramlarini 14-oktabr kuni nishonlaydi.

Buning boisi, avvallari Polshadagi maktablar iyezuit ruhoniylari tomonidan boshqarilar edi. 1773-yilda Rim papasi Kliment XV iyezuitlar ordenini tarqatib yuborganidan so‘ng, Polshadagi maktablar beqarorlik tomon yuz tutdi.

Shundan so‘ng hukumat maktablar ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishga qaror qildi va 1773-yilning 14-oktabr kunida Polsha qiroli Stanislav Ponyatovskiy tashabbusi bilan mamlakatda "Seymi" milliy ta’lim komissiyasi tashkil qilindi.

Mazkur komissiya keng vakolatlarga ega bo‘lgani sababli keyinchalik Polsha tarixidagi birinchi ta’lim vazirligi deya tan olingan.

Ayni paytda Ta’lim vazirligi tashkil etilgan 14-oktabr sanasi polshalik o‘qituvchilarning bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu kun mamlakatdagi barcha pedagoglar dam oladi. Turli tadbirlar tashkil etiladi.

AQShda – 3-may

AQShda bu bayram "O‘qituvchilar milliy kuni", deb nomlanadi va u may oyining birinchi haftasida nishonlanadi. Shu kuni o‘qituvchilarning bolalarga bergan bilimlari, ularni tarbiyalashga  qo‘shgan  ulkan xizmatlari taqdirlanadi.

Sana tarixi 1944-yilga borib taqaladi. O‘sha yili may oyi boshida arkanzaslik o‘qituvchi xonim Matti Vit Vudridj siyosiy rahbarlarga o‘qituvchilarning davlat bayrami bo‘lishi kerakligi haqida xat yozadi. Uning xatini o‘qigan rahbarlardan biri Eleonora Ruzvelt bo‘lgan. 

Oradan to‘qqiz yil o‘tib, ya’ni 1953-yil 81-Kongressda o‘qituvchilarning milliy kuni kerakligi isbot qilindi va  Matti Vitning shu masaladagi taklifi hukumatga yetib kelgan 3-may sanasi ularga ataldi.

Prezidentning tug‘ilgan kuni

Hindistonda 5-sentabr mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha ustoz va murabbiylar bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Aslida bu sana – 1962-yildan 1967-yilga qadar Hindistonni boshqargan Sarvepalli Radxakrishnanning tavallud topgan kuni. Bu kun mamlakat o‘qituvchilari tomonidan bayram sifatida nishonlanishining esa o‘ziga yarasha tarixi bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kuni yordamchilari prezidentga murojaat qilib, uning tug‘ilgan kunini nishonlashni so‘raydi. Ammo davlat rahbari bunga rozi bo‘lmaydi, lekin boshqa bir taklif aytadi.

U shu sanani o‘zi har doim ishongan va hurmat qilgan o‘qituvchilar kuni sifatida nishonlash mumkinligini aytadi. Shu-shu 5-sentabr - Hindistonda O‘qituvchilar kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.

E’tirof etish kerakki, badavlat oilada tavallud topgan Sarvepalli Radxakrishnanning o‘zi ham mamlakatdagi bir qator kollej va universitetlarda dars bergan, Hindiston oliy ta’limini isloh qilishda bosh-qosh bo‘lgan. U o‘z vatandoshlarining ta’lim olishi uchun bor kuch-g‘ayratini sarflagan. Ayni damda hind xalqining Sarvepalli Radxakrishnan va u joriy qilgan O‘qituvchilar kuniga hurmati baland.

Professor Salomao Bekserning taklifi

Braziliyada 15-oktabr O‘qituvchilar kuni sifatida e’lon qilingan.

Bu sananing tarixi ancha uzoqqa borib taqaladi. Ya’ni, 1827-yil 15-oktabr kuni mamlakat imperatori Pedro I boshlang‘ich ta’lim haqidagi farmonni imzolaydi.

Unga asosan shahar, qishloq, aholi punktlari maktablarida boshlang‘ich ta’lim tashkil qilingan. Lekin shundan so‘ng ham bir asrdan ko‘proq vaqt davomida ta’lim rivojlanib ketgani yo‘q. Boisi, ishlar to‘g‘ri izga solinmagan, puxta rejalarsiz amalga oshirib kelinardi. Misol uchun, maktablarda bir yilda o‘n kungina ta’til berilar edi, xolos. Uzoq vaqt dam olishsiz o‘qish va o‘qitish esa o‘quvchilarning ham, o‘qituvchilarning ham tinkasini quritardi. Shundan so‘ng, bir guruh o‘qituvchilarning taklifi bilan yana qo‘shimcha bir kun - Pedro I boshlang‘ich ta’lim haqidagi qarorni imzolagan sana dam olish uchun ajratilgan.

 1947-yil esa San-Paulodagi maktablardan birida faoliyat yuritayotgan professor Salomao Bekser 15-oktabr kunini bayram qilishni taklif etadi va shu kuni barcha o‘qituvchi va o‘quvchilar uylarida pishiriqlar tayyorlab kelib, bayram dasturxoni uyushtirishgan.

1963-yil esa mamlakat miqyosida 15-oktabr bayram kuni deb e’lon qilingan.

Shuningdek, o‘qituvchilar kuni Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Latviya, Ukraina va Ozarbayjonda oktabr oyining birinchi yakshanbasida, Avstraliyada oktabrning so‘nggi jumasida, Ispaniyada 29-yanvar, Misrda 28 fevral, Livanda 9 mart, Chexiyada 28 mart,  Yamaykada 6 may, Janubiy Koreya va Meksikada 15- may,  Peruda 6-iyul, Xitoyda 10-sentabr va Konfutsiy tug‘ilgan sana – 28-sentabr, Argentinada 11-sentabr, Vyetnamda 20-noyabr hamda Turkiyada 24-noyabrda nishonlanadi.

Mamlakatimizda esa 1996-yil 27-dekabrdagi "O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida"gi Qonunga asosan 1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni, deb e’lon qilingan. Bu kun umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.

JAHONGIR tayyorladi.