Ma'naviyat 11.06.2019 52

UMUMBASHARIY DARD

Mutolaa hayrati

UMUMBASHARIY DARD

yoxud Nazar Eshonqulning "Og‘riq lazzati" hikoyasini o‘qib…

Insonning butun hayoti to‘rt bosqichdan iborat: tug‘iladi, yashaydi, azoblanadi va o‘ladi!

Anatol Frans, Fransuz adibi

Adabiyotning quchog‘i katta, himmati cheksiz. Shu tufayli uning erkatoyiga aylangan, himmatidan bahra olib o‘ziga o‘xshagan sanoqsiz boshqa yozarmanlar kabi ko‘krak kerib yurgan ijodkor zoti bisyor. Lekin vaqt atalmish oliy hakam mavjud ekan, bunday erkatoylar qachondir o‘z samimiyati, layoqati o‘laroq baholanib, birin-ketin sanoqdan tushib qolaveradi. Buni yaxshi his etgani uchundir ehtimol, haqiqiy iste’dod adabiyotning quchog‘ida erkalanib-suykalanishni xush ko‘rmaydi. Aksincha, u ko‘p yillardan beri o‘zgarmas va mustahkam deb tan olingan adabiy mezonlaru qoliplarni, badiiy tasavvur chegaralarini parchalagan holda adabiyot maydoniga kirib keladi. O‘zbek adabiyotining ulkan adiblaridan biri Nazar Eshonqulni ham biz ikkilanmasdan xuddi shunday - o‘z nafasi, o‘zbek adabiyotida o‘z ta’sir ko‘lamiga ega yozuvchi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Shu boisdan uning ijod namunalari na milliy va na zamonaviy xarakterga ega emas, balki umuminsoniy ruh bilan yozilgan bo‘lib, umumbashariy dard ila sug‘orilgandir.

Mening bu aytganlarim ohorli gaplar emas, albatta. Mendan avval ham qaysidir shaklda adabiyotga nisbatan ham, Nazar Eshonqul ijodiga nisbatan ham qo‘llanilgan va o‘quvchilar qulog‘iga yetib borgan. Bas shunday ekan, men adib Nazar Eshonqulning adabiyotimizda tutgan o‘rni va boshqa ijod namunalarini bir yoqqa surgan holda, uning ijodiga bo‘lgan munosabatimni birgina "Og‘riq lazzati" hikoyasidan olgan taassurotlarim orqali bayon qilishga harakat qilaman.

Prujinasimon asos

Tezis nuqtai nazaridan olib qaralganda "Og‘riq lazzati" hikoyasi prujinasimon asosga qurilganga o‘xshaydi. Bu prujinaning har bitta halqasi ma’no va mantiqiy xulosalardan iborat. Eng tahsinga sazovor tomoni shundaki: o‘quvchi mutolaa qilish jarayonida halqadan halqaga o‘tgani sayin undagi ma’no va mohiyat kengayadi, oydinlashadi va ayni paytda egiladi hamda bukiladi. Mana shu sababga ko‘ra mazkur asarga o‘nlab rakurslardan nazar tashlamoq va undan ham ko‘proq nuqtai nazardan turib sharhlamoq mumkin.

Shunday qilib, men asarga avvalo "ramz"larga asoslangan tamaddun adabiyoti nuqtai nazaridan nigoh tashlashni lozim topdim. Bunday holda undagi professor ham, tomoshabin ham ramz va tasvirlangan og‘riqning o‘zi ham ramziy ifodadir. Chunki har qanday jamiyat va har qanday tuzum, istaymizmi-yo‘qmi, insonni mana shunday azobga giriftor etadi. Axir asrimizgacha bo‘lgan davrda inson tafakkurining mahsuli bo‘lgan yadroviy qurollar, insoniyat tomonidan uyushtirilgan inqilobu qirg‘inlar hammasi ham odamzotni butunlay halokatga duchor qilishga, insonni mavh etib, yer yuzidan butunlay supurib tashlashga qaratilgan emasdi. Bu harakatlar bir qism odamni halokatga duchor etgani holda yana bir qism odamlarga saodat ulashish uchun edi. Biroq bugungi kunda nafaqat gumanitar fanlar, balki aniq fanlar ham shuni tasdiqlaydiki: ko‘pchilik o‘ylaganiday dunyo va insoniyat qismlardan iborat emas, aksincha u bir butundir! Shuning uchun inson tuzum va millatlarga bo‘linib, o‘z manfaati yo‘lida o‘ylab topayotgan halokat vositalarining qurboni insoniyatning o‘zi bo‘lib qolaveradi... Demak, asarda tasvirlangan mahkumlar -  o‘zining yarasiga o‘zi tus sepib, o‘zini o‘zi azob-uqubatlarga giriftor qilayotgan jamiyat; professor - bu kabi nayranglarda asosiy rol o‘ynaydigan ziyolilar; tomoshabinlar - insoniyatni qovurib, bir-biriga "gij-gij"lab, o‘z etini o‘zi yeyishga majbur qilayotgan ayrim "yo‘lboshchi", inqilobu-bambardimonlar asoschilari, Kamyu ta’biri bilan aytganda, "dunyo hukmdorlari"dir. Asardagi to‘rtinchi mahkum borasida esa, men bu yerda muallif bolsheviklar kommunistik partiyasini nazarda tutmayaptimikin, degan xayolga bordim. Chunki partiyalar qurilishida bolsheviklar kommunistik partiyasi to‘rtinchi o‘rinda turgani bizga ma’lum. Boz ustiga asardagi "...qadim pahlavonlardek baxtiyor qiyofasini ko‘rib u aynan shu lahzani hech qaysi jannatga almashtirmaydi, uni hech qaysi payg‘ambar, hech qaysi muqaddas kitob bu lazzatdan mahrum eta olmaydi deb o‘ylardingiz" qabilidagi so‘zlar, qolaversa,  to‘rtinchi mahkum o‘lim topgandan keyin ham bu zaminda qolmay, o‘zga bir zaminda - lazzat olamida qolgani meni shunday o‘ylashga majbur etadi. Axir 72 yil hokimiyat tepasida turgan kommunistlar partiyasi hokimiyatni boy bergandan keyin ham uning xayrixohlari o‘z g‘oyalariga bo‘lgan mahkumlikdan kechmasdan, o‘sha tuzum va o‘sha jamiyatni yoqlab yashab o‘tganlari hech kimga sir emas...

Asarni mutolaa qilar ekanman, har bir jumla, har bitta hodisada muallifning zaharxanda tabassumi, go‘yo aslida yig‘iga aylanib otilib chiqishi kerak bo‘lgan-u, ammo qorachiqlarida bo‘zlov bo‘lib qotib qolgan kinoyaviy nigohi meni ta’qib eta bordi. Tasavvurimda muallifning bu zaharxanda, achchiq kinoyaga yo‘g‘rilgan nigohi butun insoniyatning asrlar osha yashab kelgan shu bugungi hayotiga dovur boqib turganga o‘xshardi. O‘zimcha insoniyatning o‘z etini o‘zi shilib lazzat olayotganiga, o‘z-o‘zini azoblashning yangidan- yangi usullarini ijod etayotganiga o‘tmish va bugundan taqqoslar axtarar ekanman, men bamisoli savollar girdobiga tushib, chirpirak bo‘layotganga o‘xshab qoldim. Eng achinarlisi shunda ediki, bu savollarga javob topishga qanchalik urinsam,  o‘zim insoniyatning qotili deb bilgan yoki aksincha insoniyat rahnamosi deb hisoblagan ayrim kishilar, kerak bo‘lsa ota-bobolarim haqidagi tasavvurlarim ham shunchalik o‘zgarib borardi. Ha, asar mutolaasi jarayonida ko‘nglimda tug‘ilayotgan bu savol va ishtibohlarning tugal javobi yo butkul qayta tirilmoq yo batamom ma’naviy o‘lim bilan teng edi, nazarimda!

Taskin

Biroq men bekorga ushbu bitigim ibtidosida fransuz adibi va adabiy tanqidchisi Anatol Fransning inson hayotga kelib bosib o‘tishi muqarrar bo‘lgan to‘rt bosqich haqidagi fikrini eslab o‘tgan emasman. Axir yer kurrasini insonga yashash uchun zamin etib belgilagan Buyuk Yaratuvchining o‘zi ham qodir zot bo‘la turib bandasi uchun hamma narsani yaratib bermadi. Aksincha, ko‘pgina narsani bandasining o‘zi yaratishini, bu yo‘lda mehnat qilishini... hamda... azob chekishini iroda qildi. Demak, asarga boshqa bir tomonlama qaralganda inson hayotining o‘zi azoblanishdan, og‘riq lazzatini totib, bu azobni sevib va uni boshqalar bilan bo‘lishib yashashdan iborat ekan. Tuzum va jamiyatning nomukammal qoidalarga ko‘z yumib, asarni undan-da chuqurroq pozitsiyada tahlil qilishga urinsak, Nazar Eshonqulning "Og‘riq lazzati" hikoyasini bani bashar qismatidagi o‘zgartirib bo‘lmas qonun, insoniyat uchun oldindan o‘qilgan hukmi oliy deb baholamoq ham xato bo‘lmaydi. Ya’ni, yashash asli - og‘riq lazzati emasmi?

Kichik bir e’tiroz...

Inson qo‘li bilan yaratilgan hech qanday yaratiq mukammal emas. "Og‘riq lazzati" hikoyasini ham kitobxon, ham adabiyot ixlosmandi sifatida sharhlashga urinar ekanman, shu o‘rinda kichik bir kamchilikni-da sezganday bo‘laman. Axir adabiyotni yaxshi tushunadigan har bitta odamga shu narsa ma’lum: badiiy asardagi badiiy haqiqat hamisha hayot haqiqati bilan hisoblashishi, kerak bo‘lsa unga ergashishi shart. Misol tariqasida keltirishim mumkinki, Gabriel Markesning "Yolg‘izlikning yuz yili" asarida lo‘li Melkades olib kelgan ohanrabodan har qanday o‘quvchi hayratga tushadi. Yoki bo‘lmasa Markes o‘z asarida "Polkovnik Areliano Buyendia 32 marta isyon ko‘tardi va 32 marta ham mag‘lub bo‘ldi, 4 marta  suiqasddan, 72 marta pistirmalardan omon qoldi..." deb yozgan bo‘lsa, biz asar davomida bu suiqasd va pistirmalarning hammasidan xabardor bo‘lishimiz mumkin. Asardagi Makondaga kirib kelgan lo‘lilar, ohanrabo va albatta polkovnik Aureliano   Buyendianing hayotidagi taqqoslar ham bu bir ramz, lekin bular bari bizga reallik bo‘lib tuyuladi va hayot haqiqatiga hech qanday putur yetkazmaydi. Shu jihatdan olib qaralganda esa dunyo adabiyotidagi "izm"larni yaxshi tushunmaydigan, ya’ni "simvol"larni qabul qila olmaydigan ko‘p sonli an’anaviy kitobxonlar uchun "Og‘riq lazzati" hikoyasida tasvirlangan voqealar mantiqqa - hayot haqiqatiga ziddir. Asardagi ifoda qanchalar jonli, jumlalar devori qanchalik puxta bo‘lmasin, undan birgina shu "ramz" tushunchasini olib tashlasak, hikoyadagi o‘zini azoblash evaziga tomosha ko‘rsatadigan mahkumlar ham, tomoshabin, professor ham yolg‘on-yashiq, to‘qima obrazlarga aylanib qoladi hamda biror o‘quvchi asar voqealarini hayotiy hodisa sifatida qabul qila olmaydi. Agarda muallif asar voqealarini tush sifatida bergan taqdirida yoki adabiyotdan ko‘p sinalgan usullardan bittasi: telba yo sog‘ odamligi noma’lum biror kimsaning qoldirib ketgan daftaridagi bitiklar qabilida bergan bo‘lganda, menimcha g‘oya bilan birga reallik, hayot haqiqati ham saqlanib qolgan bo‘lur edi...

So‘zim oxirida yana bir bor aytib o‘tishim joizki, nima bo‘lganda ham bugungi o‘zbek adabiyotida Nazar Eshonqul o‘zining mustahkam o‘rniga ega, uning asarlari ichida "Og‘riq lazzati" hikoyasi esa o‘quvchi qayta-qayta mutolaa qilib ichki dunyosini boyitishga arziydigan asardir.

Bayram ALI