Qishloq xo'jaligi 09.08.2019 75

URUG‘LIK G‘O‘ZA MAYDONLARI APROBATSIYADAN O‘TKAZILMOQDA

Tadbir

Qarshi tumanida urug‘lik g‘o‘za parvarishlanayotgan maydonlarda aprobatsiya o‘tkazish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari hamda viloyatimizdagi sohaga aloqador korxona va tashkilotlarning mas’ul xodimlari, mutaxassislar, urug‘chilik bilan shug‘ullanayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Ma’lumki, aprobatsiya urug‘chilikda muhim tadbirlardan biri bo‘lib, u o‘simlik navining genetik jihatdan tozaligi, kasalliklarga, zararkunandalarga chidamliligi va urug‘likning umumiy holatini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Odatda urug‘lik g‘o‘za parvarishlanayotgan  maydonlarda aprobatsiya har yili avgust oyidan boshlab o‘tkaziladi va bunda holat navlar va avlodlar bo‘yicha har bir dalada alohida aniqlanadi.

Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan ushbu tadbirni belgilangan tartibda va talablar asosida o‘tkazish bo‘yicha keng tushunchalar berildi. Ayni paytda urug‘lik g‘o‘za yetishtirayotgan ko‘plab fermer xo‘jaliklarida belgilangan talablarga amal qilinmayotgani, agrotexnik tadbirlar sifatsiz amalga oshirilgani, qolaversa, g‘o‘zaning navdorligi hamda kasallik va zararkunandalar bilan zararlanish darajasini aniqlashda tegishli tashkilot rahbarlari va nav mualliflari, seleksioner olimlar ishtirokida aprobatsiya ishlariga tayyorgarlik ko‘rish qoniqarsiz tashkil etilgani tanqidiy tahlil qilindi.

Shundan kelib chiqqan holda, ushbu kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish, 22 avgustga qadar aprobatsiyani to‘liq yakunlash, shuningdek, urug‘likni qabul qilish,  jamg‘arish va saralashni belgilangan talablar asosida, tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha fikrlashib olindi.

Sarvinoz ISMOILOVA,

O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori