Jamiyat 14.05.2019 156

URUSH QATNASHCHILARI SHARAFLANGAN "SHUHRAT QO‘RG‘ONI" SHUHRATI NEGA O‘CHDI?

Muammo yechim kutmoqda

"Fashizmga qarshi janglarda halok bo‘lganlarga abadiy shon-sharaflar". Bu so‘zlar Qarshi shahridagi "Shuhrat qo‘rg‘oni" yodgorligi old qismiga bitilgan.  Uni odatda xalq orasida shunchaki "pamyatnik" deb ham atashadi. Balandligi  30 metrdan oshuvchi minorasi viloyat markazining aksar joyidan yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida qurib foydalanishga topshirilgan ushbu xotira majmuasi haqida hozirgi yoshlar ko‘p narsa bilishmaydi. Bir vaqtlar bu yerdan inson qadami uzilmagan. Kelin-kuyovlar tez-tez gul qo‘ygani, bayramda ko‘pchilik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun kelishgan. Yodgorlik Qarshi shahrining ramziga aylanib ham ulgurgandi.

Bugungi kunda ko‘pincha "sevishgan"lar uchrashadigan joy bo‘lib qolgan, yodgorlikning borligi ham esdan chiqayozgan. Vaholanki, "Shuhrat qo‘rg‘oni" Ikkinchi jahon urushida dushmanga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgan yurtdoshlarimizni sharaflash va mudom yod etish maqsadida barpo qilingan. Mustaqillikdan keyingi davrda bir muddat shu vazifani bajargan ham. Hozirda mazkur bayram bilan bog‘liq asosiy tantanalar Qarshi shahridagi Motamsaro ona haykali joylashgan Xotira xiyoboniga ko‘chgan.

Shu-shu "Shuhrat qo‘rg‘oni" shuhrati ham asta-sekin so‘nib borgan. Ayni paytda yodgorlik bir qarashda avvalgi fusunkorligini butkul yo‘qotgandek. Majmuaga kirib borgan sayin bunga o‘zingiz ham ishonch hosil qilasiz. Obodlik nafasi deyarli ufurmaydi. Asosiy yo‘lakning ikki tarafidagi  ekin uchun ajratilgan jo‘yaklar gul ko‘rmay qaqrab yotibdi. Qator tizilgan fonarlarga ko‘pdan beri chiroq qo‘yilmagan. So‘lg‘in, qurib qolayozgan ayrim daraxtlar ham kishi kayfiyatini xira qiladi.

Qo‘rg‘on juda qarovsiz deb o‘ylagandim, bunday bo‘lib chiqmadi. Bir-ikki kishi u yer-bu yerni supur-sidir qilayotganiga ko‘zim tushdi. Ular o‘zini Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi, deb tanishtirishdi. Yodgorlik ko‘pdan beri shu idora balansida ekan. Ular majmuaning obodligini ta’minlashga mas’ul. Ammo katta maydonni qamrab olishga ishchilarning to‘la qurbi yetmagani bois, qo‘rg‘on hududidagi yerlar aholiga ekin-tikin qilish uchun bo‘lib berilibdi. Chorvaga deb o‘t o‘stirib olisharkan. Chetlarida qurilish qilinaverganidan qo‘rg‘on hududi ham ancha kichrayib qolgan. Xullas, bu yerdagi ahvol abgor ekanini payqash qiyin emas. Shu vaqtgacha yodgorlik biror marta ta’mirlanmagan. Mavjud binolar to‘kilib borayapti.

- To‘g‘ri, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi, - deydi boshqarma yetakchi mutaxassisi Shoira Yusupova. - Misol uchun, qo‘rg‘on tarkibidagi muzey avariya holatiga kelib qolgani uchun yopilgan. Kuchli yomg‘ir yog‘sa, suvga to‘ladi. Bir tomoni cho‘kib ham ketdi. Ikki moshin tuproq tashlab, epaqaga keltirdik. O‘z kuchimiz bilan qilayapmiz. Oqlaymiz, bo‘yaymiz. Hech kim mablag‘ ajratmaydi bizga. Bir orada, 4-5 yilcha ilgari Toshkentdan, qaysidir vazirlikdan odam kelib, ko‘rgandi. Keyin ta’mirlaymiz, pul ajratamiz, deb ham qolishuvdi. Biroq hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Shu bilan qolib ketdi. O‘tgan yil ikkita obyekt - Xotira xiyoboni va Shuhrat qo‘rg‘onini obodonlashtirishga deb budjetdan 5 million so‘m berishgandi. Bu mablag‘ nimaga ham yetardi oqlash va bo‘yashdan boshqa?!

Darhaqiqat, mazkur majmua qiyofasini o‘zgartirish, bu yerga sayyohlar tashrifini ko‘paytirish bo‘yicha gap bo‘lgan. 2013-yil 1-noyabrda Vazirlar Mahkamasining "2013-2015-yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan va unga ko‘ra tegishli davrda hududdagi tarixiy-madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va ularning holatini yaxshilash bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangandi. Ahamiyatlisi, Shuhrat qo‘rg‘onini restavratsiya qilish va obodonlashtirish bo‘yicha ham muhim chora-tadbir belgilangan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bag‘ishlangan ushbu majmuaga davlat budjeti hisobidan 500 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha ijrosini nazorat qilish o‘sha paytdagi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha bosh  boshqarma zimmasiga yuklatilgan.

Qarang, bu yodgorlik viloyatning  muhim turistik obyekti bo‘lishiga  sharoit yaratilishi kerak edi. Bu maqsad uchun oz emas, ko‘p emas, 500 ming AQSH dollari ajratish reja qilingan. Hozirda bu 4,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ degani. Xo‘sh, bu pul qaysi  maqsad uchun ishlatilgan? Afsuski, Shuhrat qo‘rg‘oni obodligiga bo‘lmagani aniq. Aks holda natijasini bugun hamma sezgan, majmua yana odam qadami uzilmaydigan huzurbaxsh maskanga aylangan bo‘lardi.

Yana bir jihat. Mazkur yodgorlikning o‘ziga xosligi o‘sha davr uchun ilg‘or me’moriy yechim asosida qurilganidadir. Uni barpo etishda mahobatli va mustahkam konstruksiyalardan foydalanilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qolaversa, bezak sifatida ishlatilgan shisha mozaikalar har qanday kishi e’tiborini tortmay qolmaydi. Ularda urushga chog‘langan harbiylar, jang sahnasi, mehnatkash xalqimiz  vakillari tasvirlangan. Demak, majmuani mahalliy va xorijlik sayyohlar keladigan diqqatga sazovor joyga aylantirish mumkin. Agar muzey ham qayta ishga tushirilsa, bu maqsadga erishish yanada osonlashardi.

Fikrimizcha, majmuaga ikkinchi hayot bag‘ishlash uchun uning negizida davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida faoliyat yuritadigan maskan tashkil etib, bu ishga bir qator tadbirkorlik subyektlarini jalb etish kerak. Faqat bu maskandan maqsadli foydalanish, bu joyni so‘lim go‘sha, qolaversa "Vatanparvarlar bog‘i"dek doimo odamlar bilan gavjum va diqqatga sazovor obyektga aylantirish sharti bilan. Shunda "Shuhrat qo‘rg‘oni" o‘z shuhratini tiklar va Qarshi shahrining muhim tashrif qog‘ozi bo‘lib qolardi. Bu ishni hoziroq boshlasak, kelgusi yil 9-may - Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi nishonlanishiga ulgurarmidik.

Mirzohid JO‘RAYEV

Muallif olgan suratlar.