Jamiyat 10.05.2019 154

URUSH XOTIRALARI VA TINCHLIK SHUKRONASI

Qamashi tumani Mang‘it mahallasida 109 yoshli urush qatnashchisi  Ro‘ziboy bobo Sattorov yashaydi.

- U kunlarning og‘rig‘i hamon qalbimdan ketmagan, - deydi Ro‘ziboy bobo urush davrining og‘ir va mashaqqatli yillarini xotirlar ekan. - O‘shanda 1941-yilning iyul oyi edi. Bir nechta yaqinlarim bilan birga G‘uzor tumanidagi poyezd vokzaliga bordim. Vokzal men kabi frontga jo‘nayotgan askarlar, ularning qarindoshlari bilan to‘la ekan. Yigitlar o‘zlarini mag‘rur tutib, tez orada urushdan g‘alaba bilan qaytishiga yaqinlarini ishontirishga harakat qilar, ularning ko‘nglini olishga urinar, ammo hammaning yuz-ko‘zida qandaydir mahzunlik zohir edi.

Urushga otlanganlar orasida o‘zimizning Mang‘it qishlog‘idan ham do‘stlarim, birodarlarim ko‘p edi. Yaqinlarim bilan xayrlashgach, qishloqdosh yigitlar bilan birga vagonga joylashdim. Poyezd o‘rnidan qo‘zg‘ala boshladi.

Juda ko‘pchilik, onalar, singillar, yosh kelinchaklar ancha joygacha poyezd ortidan yugurib, qo‘l siltab qolishgandi. Ularning "Oy borib, omon qaytinglar! Tez-tez xat yozinglar!" degan iltijoli hayqiriqlari hamon quloqlarimdan ketmagan.

Poyezd bir necha kundan so‘ng Volga bo‘yidagi shaharlardan biriga yetib keldi. Birdan jangga kiramiz, deb o‘ylagandim. Ammo avval tayyorgarlikdan o‘tishimiz kerakligini aytishdi. O‘sha joylarda ham bilagida kuchi bor, qo‘lidan ish keladigan barcha erkaklar jangga olingan, natijada xo‘jalik ishlari qolib ketgandi. Biz harbiy tayyorgarlik bilan bir vaqtda xo‘jalik ishlariga yordamlasha boshladik. Hamma bir maqsad yo‘lida birlashgan, kecha-kunduz tinimsiz ishlasak-da, hech kim charchadim, demas, qilayotgan har bir ishimiz dushmanga zarba bo‘lishini istardik.

Shu yilning sentabr oyi oxirlariga borib yaqin kunlar ichida jangga kirishimiz haqida aytishdi. Bu paytda dushman ham shaharga yaqinlashib qolgan edi. Hamma mudofaaga otlanadigan bo‘ldi. Meni 354-gvardiyachi o‘qchi polkiga yozishdi.

Biz dushman askarlarining tinimsiz hujumlarini qaytarishga urinar, goh ortga tisarilishga majbur bo‘lsak, gohida oldinga siljirdik. Ana shu janglarda ko‘plab do‘stlarim, safdoshlarimdan ayrilganman. Ular orasida turli millat vakillari bor edi. Keyin boshqa hududlarga o‘tib, jang qildik.  Menga ayovsiz janglarda ko‘rsatgan qahramonliklarim uchun serjant unvoni berishdi. Ammo o‘sha paytlarda men kabi barcha yigitlarning maqsadi bitta - xalqlarimiz boshiga shunday og‘ir kunlarni solgan dushmanni yakson qilish edi.

Aniq esimda, 1944-yilning 15-may kuni, vaqt choshgohdan oshgan palla edi. Polkimiz navbatdagi hujumga shay, faqat buyruq kutayotgandik. Nihoyat, komandirning "Olg‘a!" degan jangovar buyrug‘i jarangladi. Hamma oldinga tashlandi. Dushman ham shuni poylayotgan ekan. Biz okopdan chiqib, oldinga harakatlanishimiz bilan snaryadlar uloqtirishdi. Ulardan biri shundoq yonimda  portladi. Snaryad parchasi sonimga kirib ketgan ekan, ko‘p qon yo‘qotib, hushimdan ketdim...

Gospitalda 3 oy davolanib, biroz o‘ziga kelgan serjant Ro‘ziboy Sattorov uyga qaytishi ham mumkin edi. Lekin qalbida dushmanga nisbatan nafrat olovi qaynayotgan o‘zbek o‘g‘loni yana jangga kirishni, safdoshlariga yordam berishni istadi.

Ro‘ziboy Sattorov urushning so‘nggi kuniga qadar jang qilib, fashizm ustidan qozonilgan tarixiy g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shdi. Shundan so‘ng ham bir yil davomida urush bo‘lgan hududlarda xalq xo‘jaligini tiklash ishlarida faol qatnashib, 1946-yilda jonajon qishlog‘iga qaytib keldi. Yillar davomida turli sohalarda halol mehnat qilib, obro‘-e’tibor topdi.

 Piru badavlat otaxon bugun farzandlari, nevara-chevaralari ardog‘ida, shafqatsiz urushni ko‘rgan inson sifatida to‘kin-sochinlik, farovonlik barqaror bo‘lishini tilaydi.

Gulnora HASANOVA,

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Qamashi tuman kengashi yetakchi mutaxassisi