Jarayon 12.04.2019 116

UY-JOY QURISH UCHUN YER ENDI ELEKTRON AUKSIONDA SOTILADI, NIMA O‘ZGARADI?

Qaror va ijro

Joriy yil 28-yanvarda Vazirlar Mahkamasining "Yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi  qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq uy-joy qurish maqsadida yer uchastkasiga egalik huquqini auksion orqali sotib olish jarayoni elektronlashtirildi. Ayni holat ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi bilan birga, turli savollarni ham yuzaga keltirmoqda.

Xo‘sh, yangi tartib joriy qilinishi bilan amalda nima o‘zgaradi?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktam NUSUROV bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:

Qog‘ozbozlik butkul kamayadi

- Ushbu mexanizmga o‘tishdan asosiy maqsad aholiga uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish tartibini soddalashtirishdan iborat. Albatta, bunga zamonaviy uslublardan foydalanish evaziga erishish ko‘zlangan. Shuningdek, ushbu jarayon shaffof, xolis o‘tishini ta’minlash, adolatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, bunda keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, aholiga yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish zamonaviy mexanizmlarni joriy etgan holda amalga oshiriladi va yer uchastkalari "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasida joylashtiriladi.

Ya’ni, uy-joy qurish uchun yer uchastkasiga ehtiyoji bor kishi endi avvalgidek hokimlik va turli idoralarga ovora bo‘lib borib yurmaydi. Qog‘oz-qalam qilishi shart emas. Fuqaro internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasiga kirib, o‘ziga ma’qul bo‘lgan savdodagi yer uchastkasi bo‘yicha onlayn-auksionlarda qatnashib, unga egalik huquqini olishi mumkin.

Kimlar imtiyozga ega?

- Hukumat qarorida ayni masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu hujjat bilan tasdiqlangan "Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer  uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizom"ning 2-bobida yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini auksionsiz berish tartibi" belgilangan.

Unga ko‘ra, yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalari halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalariga, davlat va xususiy uy-joy fondidagi o‘zlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga o‘tkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga auksionsiz beriladi

Yer uchastkasini berish bo‘yicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) taqdim qilinadi va oilaning   boshqa a’zolariga tatbiq etilmaydi.

Savdoda qatnashish shartlari qanday?

- Auksion savdosi o‘tkazilishi haqidagi xabarnoma va lot ma’lumotlari auksionni o‘tkazish boshlanishi sanasidan kamida 30 kalendar kun oldin operatorning veb-portalida joylashtiriladi.

Albatta, jismoniy shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari auksionda ishtirok etish huquqiga ega. Ahamiyatli jihati, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmagan shaxslar bunday huquqdan mahrum (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno).

Bo‘sh yer uchastkasiga egalik qilish huquqi auksionga tuman (shahar) hokimining qarorida (buyurtmasida) ko‘rsatilgan yer uchastkasining eng past narxi bo‘yicha qo‘yiladi.

Elektron auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalarni qabul qilish tegishli xabarnoma joylashtirilgan kundan operatorning veb-portalida avtomatik tarzda boshlanadi va auksionni o‘tkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13:00 da) yakunlanadi.

Buyurtmanoma qay tarzda yuboriladi?

- Dastavval buyurtmachi operatorning veb-portalida ro‘yxatdan o‘tadi hamda avtomatik tarzda ishtirokchining shaxsiy kabineti va shaxsiy hisob raqami ochiladi.

Buyurtmanoma beruvchi o‘zi tanlagan lotning zakalat pulidan kam bo‘lmagan miqdorda shaxsiy hisob raqamini to‘ldiradi va buyurtma beradi. Shunda zakalat puli ishtirokchining shaxsiy hisob raqamidan avtomatik tarzda yechib olinadi. Auksionda ishtirok etish uchun zakalat yer uchastkasi (lot) minimal qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Buyurtmanomalarni ro‘yxatga olishda majburiy tartibda talabgorni aniqlash imkonini beradigan ma’lumotlar - jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, pasport raqami va berilgan joyi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi. Ushbu ma’lumotlarning maxfiyligi operator tomonidan ta’minlanadi.

Savdo maydonchasi avtomatik rejimda ro‘yxatga olingan jismoniy shaxs tomonidan zakalat to‘langanini aniqlaydi hamda zakalat kiritilgan paytdan e’tiboran bir ish kuni mobaynida unga auksionda ishtirok etish uchun ruxsatnoma ochadi.

Buyurtmanomaning qo‘yilgan talablarga muvofiqligi sharti bilan operator buyurtmachiga auksionda ishtirok etish uchun ruxsat beradi, shuningdek, qo‘shimcha tarzda elektron pochta orqali uni auksion ishtirokchisi maqomini olganligi to‘g‘risida xabardor qiladi.

Auksion ishtirokchilariga yakka tartibli raqamlar beriladi, shu raqamlar bilan ular auksionda ishtirok etadilar.

Auksion tartibi qanday?

- Auksion operatorning veb-portalidagi xabarnomada ko‘rsatilgan kunda va vaqtda boshlanadi. Savdo ikki va undan ortiq ishtirokchi mavjud bo‘lganda, operator tomonidan e’lon qilingan aniq bir ish kuni mobaynida soat 9:00 dan  18:00 gacha o‘tkaziladi. Elektron auksion o‘tkazish vaqti 3 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va soat 21:00 ga qadar yakunlanishi lozim.

Auksionning har qadami auksion obyekti minimal qiymatining besh foizini tashkil etadi. Auksion uning ishtirokchilaridan lotni boshlang‘ich narxdan bitta qadamga oshirilgan narxda sotib olish bo‘yicha taklifni tasdiqlashni so‘rashdan boshlanadi.

Agar taklif berilgandan keyin o‘n daqiqa davomida auksion ishtirokchilaridan biri belgilangan qadamga oshirilgan lot narxini tasdiqlasa, keyingi taklifni tasdiqlash uchun vaqt yana o‘n daqiqaga uzaytiriladi. Agar shundan so‘ng o‘n daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi bo‘yicha taklif auksion ishtirokchilarining birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, auksion natijalari haqidagi bayonnomani avtomatik tarzda  shakllantirgan holda yakunlanadi. Lot narxi bo‘yicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi auksion g‘olibi deb hisoblanadi.

Auksion ishtirokchilariga navbatdagi stavkani dastlabki belgilangan qadamning 5, 10 yoki 20 baravari miqdorida mustaqil belgilash imkoniyati beriladi.

Auksionni o‘tkazish tugagan paytdan boshlab savdo maydonchasi auksion g‘olibini aniqlaydi va uning shaxsiy kabinetiga yer uchastkasi (lot) qiymatini to‘liq miqdorda to‘lash haqida talabnoma yuboradi.

Navbat - egalik huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishga

- G‘olib auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, operatorning hisob raqamiga pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan lotning qiymatini to‘liq to‘lashi lozim. Bunda ushbu lot bo‘yicha avval to‘langan zakalat puli lot qiymatiga qo‘shib hisoblanadi.

Operator g‘olib auksion obyektining qiymatini to‘liq to‘lagandan so‘ng keyingi ish kunidan kechiktirmay maxsus blankada auksion natijalari haqida bayonnomani rasmiylashtiradi, unga muhr qo‘yib, bir nusxasini auksion g‘olibiga beradi (yoki auksion g‘olibining roziligi bilan pochta jo‘natmasi orqali yuboradi). Bayonnoma nusxasi operatorda qoladi.

Tumanlar (shaharlar) hokimlari bayonnomani olgandan keyin besh ish kuni mobaynida auksion g‘olibiga yer uchastkasini ajratish haqida qaror qabul qiladi, uni yer tuzish davlat korxonasi filialiga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboradi. Shuningdek, hokimlik o‘z veb-saytida tegishli qarorni e’lon qiladi.

Yer tuzish davlat korxonasining filiali qarorni olgandan so‘ng ikki ish kuni davomida, shu asosda yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini to‘lov undirmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Qiymat to‘liq to‘lanmasa...

- Auksion ishtirokchisi besh ish kuni ichida yer uchastkasining qiymatini to‘liq to‘lamasa, operator keyingi kalendar kundan kechiktirmay g‘olibga - u g‘olib deb topilgan auksion natijasining bekor qilinganligi haqida elektron xat yuboradi.

Operator g‘olibdan keyin yer uchastkasining narxi bo‘yicha eng yuqori stavkani qo‘ygan auksion ishtirokchisiga - auksion o‘tkazilayotganda taklif etilgan yer uchastkasi narxini besh ish kuni mobaynida to‘lash haqidagi taklifni jo‘natadi. Agar u besh ish kuni ichida yer uchastkasining qiymatini to‘liq to‘lasa, auksion g‘olibi deb hisoblanadi va unga belgilangan tartibda auksion natijalari haqidagi bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Agar auksion o‘tkazilmagan bo‘lsa, zakalat ikki ish kuni davomida tegishli hisob raqamga qaytarilishi kerak. Zakalat shuningdek, auksionda ishtirok etgan, ammo unda g‘olib bo‘lmagan shaxslarga ham ikki ish kuni davomida qaytariladi.

Agar auksion ishtirokchisi besh ish kuni davomida operatorni auksion obyektini sotib olish istagi yo‘qligi haqida xabardor qilsa yoki mulkning to‘liq qiymatini belgilangan muddatda to‘lamasa, u auksion obyektini sotib olishdan bosh tortgan deb tan olinadi.

Auksion obyekti narxini belgilangan tartibda to‘liq to‘lamagan auksion ishtirokchilariga zakalat puli qaytarilmaydi va tegishli mahalliy budjetlarning maxsus g‘aznachilik hisob raqamlariga o‘tkaziladi.

G‘olibga qo‘yiladigan keyingi talablar

- Auksion ishtirokchisi elektron onlayn-auksion orqali yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun bitta yer uchastkasini bir yilda bir marta sotib olish huquqiga ega.

Yer maydonini auksion savdosidan sotib olib, to‘liq rasmiylashtirgan fuqarolar ushbu yer maydonidan O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi talabi bo‘yicha maqsadli va samarali foydalanishi kerak.

Shuningdek, qonunchilikda belgilangan muddatlarda (O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi bo‘yicha 3 yil ichida) loyiha asosida qurilishni amalga oshirishi va inshootni foydalanishga topshirishi hamda tegishli davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlashi kerak bo‘ladi.

MIRJAHON suhbatlashdi.