Ta'lim 27.09.2019 31

VA’DA BAJARILMADI...

Tanqiddan so‘ng

Xabaringiz bor, gazetamizning 10-sentabr sonida "11-maktabda yangi o‘quv yilini parta va doskasiz boshlashdi" sarlavhali maqola chop etilgan edi. Unda umumta’lim muassasasi yangi korpusi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, zarur jihozlar, xususan, ayrim xonalarda parta-stullar, doskalar yo‘qligi, qolaversa, darsliklar ham to‘la yetkazilmagani xususida so‘z yuritilgan, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddisi esa o‘qish boshlanganiga bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, yechilmay turgan barcha muammo o‘sha kunning o‘zida, nari borsa ertasiga hal bo‘lishini bildirgandi.

Aytish joiz, mazkur holatlar 9 sentabrdagi o‘rganishlarimizda o‘z aksini topgan edi. Oradan oz emas, ko‘p emas, naq 15 kun o‘tib, maktabda qanday o‘zgarish bo‘lganiga yana nazar soldik.

Maktab direktorining ma’lum qilishicha, yangi korpusga 320 ta parta, 640 stul, o‘qituvchilar uchun 16 juft stol-stul, 32 ta shkaf keltirilgan.

Bu raqamlarni eshitganingiz hamonoq, demak, ta’lim muassasasida jihozlar borasida birorta muammo qolmabdi, degan fikrga borishingiz tabiiy. Ammo 420 o‘rinli korpusga 640 o‘rinli jihoz keltirilgan bo‘lsa, nega ayrim o‘quv xonalarida o‘quvchilar haliyam eski parta-stullarda o‘tiribdi? Shunday savol tug‘ilishi tabiiy, to‘g‘rimi?

O‘qish boshlanganiga 3 hafta bo‘lgan chog‘da o‘quv xonalariga birortayam yangi doska keltirilmaganini mutasaddilar endi nima bilan izohlasharkin? Qo‘lbola taxtalardan doska o‘rnida foydalanilayotgan bir joyda zamonaviy ta’lim haqida gap bo‘lishi mumkinmi?

Muassasa direktori sekin-sekin o‘zgarishlar bo‘layotgani, biroq muammoni to‘la hal qilish maktab va   boshqarmaga bog‘liq emasligini bildirdi. Shu bilan birga, maktabdagi holat matbuot yuzini ko‘radigan bo‘lsa, shahar va viloyat hokimiga gap tegishini (?) ham aytib o‘tdi.

Ko‘rinib turibdiki, berilgan va’da to‘kis bajarilmagan, "Bugun-erta hal bo‘ladi", deyilgan muammo yarim oy o‘tgan bo‘lsa-da, to‘la yechilganicha yo‘q. Har qanday kamchilik ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatarkan, bu mas’ullarning birinchi o‘rindagi masalasi bo‘lishi kerak. Buning o‘rniga boshqalarga suv yuqtirmaslik payida bo‘layotganliklari qiziq...

N.XO‘JAYEV

Muallif olgan suratlar.