Jamiyat 09.08.2019 23

VALYUTAFURUSHLAR QO‘LGA TUSHDI

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan mamlakatimizda barcha yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotishi, sotib olishi va tasarruf etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan.

Fuqaro yoki tadbirkor o‘zidagi xorijiy valyutani hech qanday to‘siqlarsiz, istagan tijorat bankiga olib borib belgilangan narxda sotishi yoki o‘ziga zarur miqdorda sotib olishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid ravishda naqd chet el valyutasini sotib olish va sotish bilan shug‘ullangan shaxslar esa tegishli tartibda jazoga tortiladi. Biroq, o‘z nafsini tizginlay bilmagan ayrim yurtdoshlarimizning hamon "qora bozor"da xorijiy valyutalar savdosi bilan pinhona shug‘ullanayotganligi sir emas.

Kosonlik Q.A. va B.O.ni ham ana shunday kishilar sirasiga kiritish mumkin. Bu ikki uddaburon 2400 AQSH dollarini "qora bozor"da sotishga qaror qilgan edi. Ular tumandagi "Ko‘hna qal’a" savdo majmuasi yonida ushbu valyutani 8550 so‘mdan hisoblab, jami 20 million 552 ming so‘mga sotgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi hamda Koson tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Ayni paytda Q.A. hamda B.O.ga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Xayrulla RUSTAMOV,

departamentning viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

 YO‘Q ISH STAJINI BOR QILAMAN DEB...

Tamagirlik, nafsga qul bo‘lish insonni tubanlikka yetaklovchi, manqurtga aylantirib qo‘yuvchi illatdir. Bu illat tuzog‘iga tushganlar o‘z cho‘ntagini qappaytirish ilinjida turli noqonuniy ishlarga bosh qo‘shishdan ham, o‘z mansab mavqeini suiiste’mol qilishdan ham tap tortishmaydi.

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Koson tumani bo‘limi mutaxassisi V.N. ham moddiy manfaat ilinjida jinoyatga qo‘l urdi.

Gap shundaki, mazkur tumanda yashovchi M.S. pensiyaga chiqish maqsadida zarur hujjatlar bilan  Pensiya jamg‘armasi Koson tuman bo‘limi mas’ul mutaxassisi V.N.ga murojaat etadi.

V.N. esa fuqaroga to‘liq pensiya olish uchun ish staji yetmasligini tushuntirib, agar u aytgan shartga rozi bo‘lsa, bu borada yordam berishini taklif qiladi. Shartga ko‘ra, M.S. 200 ming so‘m pul keltirib berishi, V.N. esa buning evaziga uning ish stajiga yana 3 yillik davrni qo‘shib yozishi lozim edi.

Ammo noqonuniy ishga bosh qo‘shishni istamagan M.S. bu haqda  huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qiladi.

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi hamda Koson tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda V.N. fuqaro M.S.dan 200 ming so‘m pulni olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ayni paytda unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi tomonidan qonuniy jazo tayinlangan.

YOG‘FURUSHNING MISI CHIQDI

Ma’lumki, uy sharoitida va ekstraksiya bo‘limlariga ega bo‘lmagan kichik sexlarda chigitdan paxta yog‘i ishlab chiqarishning bir qancha zararli tomonlari mavjud.

Birinchidan, bunday ishlab chiqarish noqonuniy tadbirkorlik hisoblanadi va mamlakat iqtisodiyoti uchun zarar keltiradi. Bozordagi halol raqobat muhitini buzadi.

Ikkinchidan, aksariyat hollarda bunday sexlarda elektr energiyasi ta’minotidan yashirin ravishda, noqonuniy foydalaniladi.

Uchinchidan, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan yog‘ mahsulotlari iste’mol uchun o‘ta zararli hisoblanadi. U turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Shu bois ham mamlakatimizda bunday sexlarni aniqlash va ularning faoliyatiga barham berish bo‘yicha doimiy ravishda chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Kasbi tumanining Qoratepa mahallasida yashovchi A.L. ham otasiga tegishli fermer xo‘jaligining dala shiyponida qo‘lbola juvoz uskunasini o‘rnatib, "tadbirkorlik"ni yo‘lga qo‘yib olgan ekan.

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi hamda Kasbi tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda uning bu "ishbilarmonligi" fosh etildi.

O‘rganish natijasida A.L. ishlab chiqargan yog‘ iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermasligi aniqlandi.

Mahsulot ishlab chiqarilayotgan xonadagi 1 dona qo‘lbola juvoz uskunasi, 70 litr sifatsiz yog‘, 500 kilogramm chigit  va 4 million 432 ming 200 so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Ushbu holat bo‘yicha A.L.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan qonuniy jazo tayinlandi.

To‘lqin QURBONOV,

departamentning viloyat boshqarmasi katta inspektori