Ma'naviyat 10.09.2019 26

VAQT

Hayot manzaralari

Binoga kirib kelganida hamma o‘z ishi bilan andarmon edi. Kimdir qog‘oz ko‘tarib yo‘lak bo‘ylab  shoshib ketgan, kimdir yonidagi kishiga nimanidir uqtirgan. Qay bir eshik ochiq, qay biri berk. U birpas atrofga alangladi. So‘ng hassasiga tayanganicha avval birinchi qavatni, so‘ng ikkinchi qavatni kezib chiqdi. To‘rdagi xonaga yaqinlashganida yurak urishi tezlashdi. Hazilmi, qariyb o‘ttiz yillik umri shu joyda muhrlangan. Shu xonada o‘tirib ishlagan. Xuddi hozirgilarday yelib-yugurgan. Quvonchu tashvishlariga shu xona guvoh.

U sekin ichkariga mo‘raladi. Kresloda o‘tirgan yoshgina juvon nima bilandir mashg‘ul edi. Uni ko‘rib, keling, xizmat, dedi.

"Mumkinmi, birpas o‘tirsam?".

 "Albatta, o‘tiring".

U o‘tirdi. Xayolini xotiralar chulg‘ab oldi: ilk ishga kelgan kuni, kuch-quvvatga to‘la navqiron yigitligi, goh maqtov eshitib, goh tanbeh olgani, chop-choplar ichida umri o‘tib borgani, keksalikning nuqsi urib, sochlariga oq oralagani, shijoati susaygani, pensiyaga chiqqani va bolalari qo‘ymay ayoli ikkisini poytaxtga olib ketishgani...

Qishlog‘iga qaytganidan buyon xayoli shu tomonda. Nimadir uni shu tomon yetakladi. Nimadir uni o‘ziga tortdi. Kelishga  keldiyu... Hech kim uni tanimadi, u ham hech kimni tanimadi...  O‘sha "nima"ni topolmadi... Ko‘rgani va tanigani faqat o‘sha savlatli va salobatli bino bo‘ldi...

Bino hanuz navqiron, hanuz hashamatli, hanuz g‘ozday kerilib turibdi.

U esa...

Qo‘lidagi hassasiga qaradi. Inson qanchalar omonat, qanchalar ojiz. Vaqt qanchalar beshafqat.

Yuragi qalqib ketdi uning...

KAYFIYAT

"La’nati vaqt! Buncha shoshmasa! Orqa-oldiga qaramaydi-ya. Na to‘xtashni biladi, na oromni. Chopgani chopgan. Oyog‘iga kirza etik kiyib olganday qoldirgan izini-chi? Na o‘chirib bo‘ladi, na yo‘qotib. La’nati vaqt!.."

U oynaga qarab turarkan o‘ziga o‘zi to‘ng‘illadi. Aslida huda-behudaga ko‘zguga qaramasdi, lekin hozir uydan chiqayotib burchakda turgan  oyna oldida to‘xtab qoldi. So‘ng yaqinlashdi. Qarasa, ko‘zoynak turibdi. Ko‘zoynakni taqib oldi va oynaning yaqinigacha bo‘ynini cho‘zib bordi. Birdan... Yuragi orqasiga tortib ketdi. Yuzi g‘ijimlab tashlangan qog‘ozga o‘xshardi. Hamma yog‘ini ajin bosib, to‘g‘ri, egri chiziqlar bir-biri bilan tutashib, katta-kichik katakchalar hosil qilgan.

U panjalarini yuziga tegdirib, pastga qarab tortdi, o‘zicha g‘ijimni yozmoqchi bo‘ldi. Beti bir oz taranglashdi, ammo ajinlar o‘rnida chiziqlar bilinib qoldi, qancha tortmasin ularni yo‘qotolmadi, o‘chirolmadi.

 Noiloj qo‘lini qo‘yib yubordi, yuzini yana ajinlar o‘rab oldi. Kayfiyati buzildi. Yetmish yillik xira ko‘z bilan bu qadar aniq ko‘rinmasdi yuzi. Ko‘zoynak uning haqiqiy basharasini ko‘rsatib qo‘ydi.

 U shu kayfiyat bilan peshayvonga chiqdi. Zinadan tushaverishda panjaraga suyanib keng hovliga ko‘z yugurtirdi. Bir-biriga chirmashib ketgan daraxtlar, chiroyli yasalgan ishkom,  hovlining to‘rt tomonini o‘rab olgan uy-joylar... Hammasi ko‘ziga omonat ko‘rindi va yuragi shuv etib ketdi.

 Shu payt darvozaning sharaqlab ochilgani eshitildi. U nigohini darvozaxonaga qadadi. Kelini qo‘lida sumkasi bilan shoshib uyiga kirib ketdi, qaynonasini payqamadi ham.

Kelinini ko‘rib kayfiyati battar buzildi. Ichi yona boshladi, ko‘ziga kelini baloday ko‘rindi. "Kelgindi! Shuncha dov-dastgoh senga qoladimi? Bu hovlini hovli, uyni uy qilguncha sulton suyagim suv bo‘lgan. Bir g‘ishtni bu yerdan olib u yerga qo‘ymay hammasiga egalik qilasanmi? Betayin xeshlaring uyimga in qurib oladimi? Hovlimni oyoq osti qiladimi?"

Miyasi g‘uvillay boshladi. Xuddi bugun-erta o‘lib qolayotganday, qudasi - kelinining onasi  uy to‘rida o‘tirib bakovullik qilayotganday vahimaga tushdi.  "Bunaqasi ketmaydi, - o‘ziga o‘zi gapirdi u, - o‘g‘lim bilan gaplashib olishim kerak. O‘lsam xotiningni odamlarini yo‘latmaysan, mo‘r-malaxday hovlimni bosib olsa, go‘rimda tikka turaman, deyman. Agar  so‘zimni ikki qilsang, bergan oq sutimga rozimasman, deyman. Nima desam deyman..."

U vajohat bilan zinadan tushayotgandi, qadamini noto‘g‘ri tashlab yubordi va yiqilib tushdi...

Oyog‘i sinibdi. Bir oydan ortiq gipsda yotdi. Qizlari birrov kelib xabar olib turishdi. Hali erini, hali bolasini bahona qilib, onaning bir kecha yotib ket, degan so‘zlarini yerda qoldirishdi.

Kelin esa ta’tilga chiqdi. Qaynonasi oyoqqa turgunicha yonidan jilmadi...

Lola O‘ROQOVA