Jarayon 27.09.2019 40

VARGANZADA BIRINCHI XALQARO "ANOR" AGROTURISTIK FESTIVALI BOSHLANDI

27-sentabr - Xalqaro turizm kuni

26-30-sentabr kunlari Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘ida birinchi xalqaro "Anor" agroturistik festivali bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur festivalga yurtimizning turli mintaqalari va bir qator xorijiy mamlakatlardan mehmonlar tashrif buyurdi.

Tadbir doirasida anor bog‘larida hosil terish, agroturizm istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar, "Anor" kolleksiyalari, milliy liboslar namoyishi, viloyat folklor jamoalari konkursi, ko‘pkari va kurash musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar Shahrisabz shahrida tashkil etilgan "Invest in Kashkadarya" forumida ham qatnashdilar. Aytish joiz butun dunyoga mashhur Varganza anori shirinligi, ekologik tozaligi, servitaminligi bilan yuksak baholanadi. Shu bois bu yerda yetishtirilayotgan anorning bir qismi xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

- Qishlog‘imiz aholisi asosan anor yetishtirish bilan shug‘ullanadi, - deydi Varganza mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ziyodulla Mirzayev. - Ayni paytda 1000 gektar yerga anor ekilgan bo‘lsa, shundan 350 gektari fermer va dehqon xo‘jaligi egalariga tegishli, qolgani aholi tomorqalarida. 2018-yilda xorijga 2000 tonna anor eksport qilindi. Anorlarimizning asosiy xaridorlari Rossiya va Janubiy Koreya davlatlari hisoblanadi.  Joriy yilda xorijga qishlog‘imizning o‘zidan 5000 tonna anor eksport qilishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, ushbu festival xorijiy xaridorlar sonini yanada oshiradi.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.