Madaniyat 19.07.2019 179

VATAN HAQIDAGI ENG YAXSHI QO‘SHIQLAR

Ko‘rik-tanlov

Qarshi shahar madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan "Yagonasan, muqaddas Vatan!" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu an’anaviy tanlov yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona yurtni madh etuvchi yuksak badiiy qo‘shiqlar yaratilishini rag‘batlantirish, yangi iste’dodlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Hududiy saralash bosqichlarida 300 nafarga yaqin ishtirokchi o‘z ijod namunalari bilan qatnashgani ko‘rik-tanlovga bo‘lgan qiziqish va qamrov kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Tanlovning viloyat bosqichida 30 nafar iste’dod egasi Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi. Ijod namunalari matn va ohang uyg‘unligi, ijro mahoratiga ko‘ra baholab borildi.

Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Dehqonobod tumanidagi 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Mehrobshoh Beknazarov "Sen ona yurtimsan, O‘zbekistonim" qo‘shig‘i uchun g‘olib deb topildi. Qarshi tumani madaniyat bo‘limiga qarashli "Cho‘l chamani" ashula va raqs ansambli musiqa rahbari Sayfulla Ubaydullayev "O‘zbekiston bu yurt" hamda Shahrisabz shahridagi 2-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Jonibek Eshboboyev "Vatan" qo‘shig‘i bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

G‘oliblar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.

N.XO‘JAYEV