Ma'naviyat 30.08.2019 3

VATAN NIMA? VATANPARVAR KIM?

Saralangan satrlar

Vatan tuyg‘usi. Bu ilohiy ne’mat bo‘lib, u kishini doimo yuksak ishlarga, ezgu amallarga ruhlantirib turadi. Vatanni sevgan, o‘zini uning bir parchasi deb his eta olgan kishigina shu zaminning go‘zalliklaridan chinakam bahra olish, yutuqlaridan faxrlanish, uzoqlashsa sog‘inch hissini tuyishga qodir.

Quyida mashhur allomalar, olimlar, ijodkorlar tomonidan Vatan va vatanparvarlik haqida aytilgan eng sara fikrlarni to‘pladik.

Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakati shu kishining Vatani deyilur. Har kim tug‘ilgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu Vatan his-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z Vatanidan - uyuridan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-farog‘atda yashamas, maishati talx bo‘lib, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z Vatanining muhabbati turar.

Abdulla AVLONIY

* * *

Vatanga muhabbat ayni zamonda butun insoniyatga muhabbat ham bo‘lishi kerak. O‘z vatanini sevmoq unda insoniyat orzularining ro‘yobga chiqishini chin ko‘ngildan istamoq va qo‘ldan kelgancha bunga ko‘maklashmoq demakdir.

* * *

Vatanparvarlik tantanavor xitoblar va umumiy gaplardan iborat emas, balki u vatanga qizg‘in muhabbat hissi bilan ortiqcha dabdabalarsiz o‘z fikrini bildirish, faqat ezgulikda hayratlanmay, balki muqarrar har qayerda, har qanday vatanda ham bo‘ladigan yovuzlikni jinidan battar yomon ko‘rish demakdir.

Vissarion  BELINSKIY, rus adabiyotshunosi

* * *

Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi.

Jorj BAYRON, ingliz shoiri

* * *

Bizga ota-onalar, bolalar, yaqin xesh-aqrabolar qimmatlidirlar; lekin muhabbat bobidagi barcha tasavvurlarimiz birgina "Vatan" otli so‘zda mujassamlashgandir.

SITSERON, qadimgi Rim siyosatchisi, faylasuf

* * *

Cho‘lda o‘rmalab yurgan jonivorlar ham tug‘ilishidanoq o‘z makonlarini biladilar, havoda uchuvchi qushlar ham, dengiz va daryolardagi baliqlar ham o‘z oshyonlarini his qiladilar, hatto bolari va shunga o‘xshashlar ham o‘z uyalarini muhofaza qiladilar, shuning kabi odamlar ham qayerda tug‘ilib parvarish topsalar, o‘sha joyga cheksiz mehr qo‘ygan bo‘ladilar.

Fransisk SKORINA, belarus adibi

* * *

Vatanparvarlik - yolg‘iz o‘z vataniga mehr qo‘yishdan iboratgina emas. Bu juda katta his… Bu  vatan bilan o‘zini bir butun deb bilish, uning yaxshi-yomon kunlarida asqatish demakdir.

Aleksey TOLSTOY, rus yozuvchisi

* * *

Vatan sog‘inchi hammaga bir xilda ta’sir qiladi: u o‘tmish manzaralarini ideallashtirilgan holda jilolantiradi, uning fazilatlari oshaveradi, kamchiliklari esa vaqt va masofa taqozosi bilan xiralashib boraveradi, oxiri tasavvurimizdan butkul o‘chib yo‘qoladi.

Jorj SAND, fransuz adibasi

* * *

Ma’rifatli xalqlarning haqiqiy jasorati Vatan yo‘lida qurbon bo‘lishga hozir ekanliklarida aks etadi.

GEGEL, nemis faylasufi

* * *

Haqiqiy vatanparvarlik barcha munosabatlar va manfaatlardan ustun turadi va insoniyatga mehr-muhabbat bilan mustahkam aloqadadir.

Nikolay DOBROLYUBOV, rus adabiyotshunosi

* * *

Vatan uchun eng qiyin bo‘lgan paytlarda uning eng mushkul ishlarini o‘z zimmasiga oladigan kishigina vatanparvardir.

Pyotr PAVLEVKO, rus yozuvchisi

* * *

Chinakam pok vijdonli kishi o‘ziga nisbatan - oilani, oilaga nisbatan - Vatanni, Vatanga nisbatan - insoniyatni afzal ko‘rishi lozim.

Jan Leron D'ALAMBER, fransuz olimi

* * *

Vatanparvarlik bizni mahliyo qilib qo‘ymasligi kerak; vatanga muhabbat ko‘r-ko‘rona ehtiros emas, balki dono aql faoliyatidir.

Nikolay KARAMZIN, rus tarixchisi

* * *

...Vatan degani - faqat otalarning xoki qolgan joy emas. Mening uchun Vatan odamni odam qilgan joydir.

Nozim HIKMAT

JAHONGIR tayyorladi.