VATANIMIZ TARAQQIYOT YO‘LINING HUQUQIY KAFOLATI

VATANIMIZ TARAQQIYOT YO‘LINING HUQUQIY KAFOLATI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan 7-dekabr kuni "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etib, mamlakatimiz hayotining bir yilida ro‘y bergan o‘zgarish va yangilanishlar haqida ma’ruza qildi.

Mustaqillik yillarida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar, xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanayotgani, iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligi mustahkamlanib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalib borayotgani zamirida Asosiy qonunimizda belgilangan huquqiy kafolatlar mujassam. Konstitutsiyamizda xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan milliy istiqlolimiz, jonajon Vatanimizning taraqqiyot yo‘li, inson huquq va erkinliklari kafolatlari belgilab qo‘yilgan.

Prezidentimiz ma’ruzasida ta’kidlanganidek, mamlakatimiz mustaqillik yillarida bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘l Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion rivojlanish sari odimlashda beqiyos o‘rin tutmoqda.

Joriy yil xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlarda tashabbuskorlikni kuchaytirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash borasida tizimli amaliy harakatlar davri bo‘ldi. "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" Davlat dasturi asosida bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari qabul qilinib, aholi hayotini tubdan yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Bu  xalqimiz ertaga, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, degan olijanob g‘oyani ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. "Har bir oila - tadbirkor" hamda "Yoshlar - kelajagimiz" dasturlari doirasida    xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sezilarli ishlar qilinmoqda. Bularning barchasi odamlarda Vatanimiz taqdiriga daxldorlik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida erishilayotgan bunday o‘zgarishlar nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqa hayotiga yangi ruh olib kirdi. Qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlar yanada mustahkamlandi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik ko‘priklari tiklandi.

Konstitutsiyamiz boshlangan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, xalqimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan turmush sharoiti yaratish, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, eng muhimi, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishdek olijanob maqsadlarimizning kafolati va huquqiy poydevori sifatida barchamizni yuksak marralarga ruhlantiradigan beqiyos qudrat manbai bo‘lib xizmat qilaveradi.

Tantanali marosimda yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida ilk bor jonli konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zA