Jarayon 22.12.2018 222

"VATANPARVAR BOG‘I"DA - VATANPARVARLIKKA UNDOVCHI DARSLAR

Tadbir

"VATANPARVAR BOG‘I"DA - VATANPARVARLIKKA UNDOVCHI DARSLAR

"Ko‘rib turganingiz qiruvchi-bombardimonchi samolyot "Su-17" bo‘ladi. Bu turdagi harbiy texnika 1960-yildan ishlab chiqarila boshlangan. Ushbu samolyotimiz esa ilk parvozini 1966-yil avgustda amalga oshirgan. O‘sha paytda qurolli kuchlar ixtiyoriga olingach, keyinchalik bir qator jangovar harakatlarda ham ishtirok etib ulgurgan. Masalan, harbiylar mazkur qiruvchidan Afg‘on urushi paytida to‘liq foydalanishgan. So‘ngra bu samolyot mamlakatimiz mudofaasi arsenalini boyitdi. Ekspluatatsiya qilinganiga ham 30 yilcha bo‘ldi. Bir qator ustunlikka ega. Yetarli balandlikka chiqqach, soatiga 1300 kilometr tezlik bilan harakatlanadi. Qo‘shimcha 4 tonnagacha qurol-aslahani ko‘tara oladi. Dushman pozitsiyasini yo‘q qilishda juda qo‘l kelgan".

Mudofaa tizimi mutaxassislari Qarshi shahrida qurilishi davom etayotgan "Vatanparvar bog‘i"da bo‘lib o‘tgan "Mardlik va jasorat" darslarida ko‘plab yoshlarga shu kabi eksponatlar - harbiy texnikalar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Ushbu jangovar transport vositalarini nafaqat yaqindan ko‘rish, balki ularning kabinasi bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lgan  yosh yigit-qizlarda kun kelib Vatan posboni bo‘lishdek ezgu orzu barq urishi shubhasiz. Bu suhbatlar ularda jasoratni jo‘sh urdirgani, Vatanparvarlik hissini kuchaytirganiga ham hech shubha yo‘q.

 "Vatanparvarlik oyligi" doirasida "Vatan - muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!" shiori ostida viloyat hokimligi va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirdan ham shu maqsad ko‘zlangan aslida. O‘sib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini  mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini oshirishga xizmat qiladi bu ishlar.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2018-yil 13-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishiga asosan, bu gal bayramni har qachongidan boshqacha o‘tkazish belgilandi. 2018-yilning 15-dekabridan 2019-yilning 15- yanvariga qadar davom etadigan "Vatanparvarlik oyligi"da milliy armiyamiz jamiyatimizning ajralmas qismi ekanini anglatuvchi   ommaviy tadbirlar o‘tkazib borilmoqda.

Prezident tashabbusi bilan bunyod etilayotgan, ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylanishi lozim bo‘lgan bog‘da o‘tgan darslar viloyatimizdagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan minglab yoshlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli. Shuningdek, bu tadbir keng jamoatchilik vakillari va oddiy aholini ham o‘ziga jalb etmay qolmadi. Ushbu uchrashuvlarda Vatan himoyasiga daxldor boshqa tashkilotlar, viloyatimizda joylashgan harbiy qismlar hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ishtiroki ham ta’minlandi.

Mehmonlar "Vatanparvar bog‘i"da o‘tgan qisqa davrda amalga oshirilgan ishlar, o‘rnatilgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Yoshlar uchun Qurolli Kuchlarimiz mudofaa qudrati va salohiyati haqida yetarli tasavvur paydo qiluvchi ko‘rgazmali mashg‘ulotlar ham tashkil etildi.

- "Mardlik va jasorat" darslarida qatnashib, o‘zim uchun ko‘p narsa oldim, - deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti akademik litseyi 2-bosqich o‘quvchisi Siroj Mamatqulov. - Harbiy sohaga avvaldan qiziqishim baland. Shu bois litseyimizda faoliyat ko‘rsatayotgan harbiylashgan maxsus guruhga a’zo bo‘lganman. Kelib guvohi bo‘ldimki, bog‘da ulkan ishlar qilinibdi. Mahobatli harbiy texnikalar kishini shoshirib qo‘yadi. Dars davomida muzeyni ham ko‘zdan kechirdik. Ikkinchi jahon urushida qo‘shinni nemislarga qarshi boshlagan o‘zbek generali Sobir Rahimov jasorati va qahramonliklari haqida bilib oldim. Bu ekskursiya menga olam-olam taassurot berdi, kelgusida harbiy bo‘lish, yurtimiga sodiq xizmat qilishdek ahdimni yanada qat’iylashtirdi.

Uchrashuvlar doirasida maxsus konsert dasturi ham namoyish etildi. Vatanni sevishga undovchi kuy-qo‘shiqlar kuylandi.

Tadbirda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari Jamolxon A’zamov so‘zga chiqishdi.

M.SHUHRATOV

Suratlarda: "Mardlik va jasorat" mavzusidagi darslardan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.