Iqtisodiyot 06.09.2019 26

VILOYAT HOKIMI "ROSSIYSKAYA GAZETA" ORQALI ROSSIYALIK ISHBILARMONLARNI HAMKORLIKKA CHAQIRDI

Qashqadaryo va dunyo

Joriy yilda Qashqadaryoda xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 62,5 million dollarga teng 19 ta yirik qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tuman va shahar hokimliklari vakillari yana 95 ta mustaqil investitsiya loyhasini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borishar ekan, ularning umumiy hajmi 285,6 million dollarni tashkil qiladi. Shundan 240 million dollar - 20 dan ortiq mamlakatning xorijiy qo‘yilmalaridir.

Ushbu ma’lumotlar viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevning "Rossiyskaya gazeta"da chop etilgan maqolasida keltirilmoqda. "Sanoat gigantlaridan tortib issiqxonalargacha" deb nomlangan bu maqola Rossiya Federatsiyasi hukumati rasmiy bosma organi hisoblangan mazkur nashrning shu yil 29 avgustdagi maxsus sonida e’lon qilingan. Unda Qashqadaryoda iqtisodiyot sohasida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar haqida batafsil so‘z yuritilib, xususan, viloyatimizda tabiiy gazdan sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Oltin yo'l GTL" zavodi qurilishi yakuniga yetkazilayotgani va bugungi kunda bu sanoat gigantining tayyorgarlik darajasi qariyb 80 foizga tengligi e’tirof etilmoqda.

- Bu korxona nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo miqyosida noyob sanaladi, - deb yozadi Zafar Ro‘ziyev o‘z maqolasida. - Jahonda atigi bir nechta bunday korxona bor - Janubiy Afrika Respublikasida, Malayziyada va Qatarda. Yaqinda bu mamlakatlar safiga O‘zbekiston ham qo‘shiladi. Kelajakda yangi zavodda zamonaviy ekologik standartlarga javob beradigan 1,5 million tonnaga yaqin dizel yonilg‘isi va aviakerosin hamda nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi... Ushbu mega-loyihaning ishga tushirilishi yana bir yirik gazni qayta ishlash korxonasi - Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ham ishlab chiqarish quvvatini oshirish imkonini beradi.

"Rossiyskaya gazeta" mushtariylarini Qashqadaryoning iqtisodiy salohiyati bilan batafsil tanishtirish maqsadida viloyat hokimi o‘z sharhida vohamizda yetakchi hisoblangan boshqa tarmoqlar rivojiga doir ham ko‘plab misollar  keltirmoqda. Jumladan, maqolada viloyatimizda paxta-to‘qimachilik klasteri ish boshlagani, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yirik fabrikalardan biri, ip-kalava ishlab chiqarish  quvvati yiliga 22 ming tonnaga teng "LT Textile International" korxonasi yana bir istiqbolli loyihani ro‘yobga chiqarayotgani, hududda innovatsion texnologiyalarga asoslangan zamonaviy issiqxona komplekslari ko‘payayotgani, an’anaviy chorvachilik taraqqiy etishi barobarida tuya, quyon, kurka, tuyaqush boqishga ixtisoslashgan fermalar ham ortib borayotgani, qorabayir zotli otlar parvarishlanayotgani haqida ko‘plab muhim va qiziqarli faktlar bayon etilgan.

Maqola muallifi Qashqadaryoda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan korxonalar faoliyatiga ham to‘xtalar ekan, misol tariqasida "Avtotraktorradiator" O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi vohamizda o‘n yildan buyon muvaffaqiyatli biznes yuritayotgani va keyingi ikki yilda viloyatda Rossiya kapitali ishtirokida qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etilishi faollashganini bildirmoqda. O‘tgan yilning oktabr oyida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Rossiya I mintaqalararo hamkorlik forumida viloyatimiz hududida umumiy qiymati 8,5 million dollarga teng 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish haqida kelishib olingan. Mazkur forum doirasida rossiyalik bir qator ishbilarmonlar Qashqadaryoga tashrif buyurib, vohamizda korxona tashkil etish niyatini bildirishgan. Xususan, "Kaylas" kompaniyasi kelgusida Qarshi shahrida bitum ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, "Rusuz" kompaniyasi esa Nishon tumanida idish-tovoq ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqchi.

Maqola yakunida viloyat hokimi rossiyalik  boshqa tadbirkorlar va kompaniyalarga ham hamkorlik taklif qilib, yangi qo‘shma korxonalar ikki mamlakat uchun yangi imkoniyatlar ochishini va, eng muhimi, do‘stona munosabatlarimizning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘z muxbirimiz