Rasmiy 06.09.2019 37

VILOYAT IQTISODIYOTI TARMOQLARI VA IJTIMOIY SOHALARINI 2019/2020-YILLAR KUZ-QISH DAVRIDA BARQAROR ISHLASHGA KOMPLEKS TAYYORLASHNI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Viloyat hokimining

QARORI

VILOYAT IQTISODIYOTI TARMOQLARI VA IJTIMOIY SOHALARINI 2019/2020-YILLAR KUZ-QISH DAVRIDA BARQAROR ISHLASHGA KOMPLEKS TAYYORLASHNI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4407-sonli qarori ijrosini ta’minlash, viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari, ijtimoiy sohalari va uy-joy fondini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan

QAROR QILAMAN:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4407-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan:

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qoshida Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, iste’molchilarni elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash jarayonining borishini o‘rganish va nazorat qilish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, issiqlik energiyasi va ichimlik suv yetkazib berish bo‘yicha respublika shtabi tashkil etilganligi;

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2018/2019-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha bajarilgan ishlar natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida infratuzilma, mahallalar va ko‘p kvartirali turar joy fondining joriy holatini inobatga olgan holda 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududlar bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi va belgilangan tartibda tasdiqlanganligi inobatga olinsin va ijroga yo‘naltirilsin.    

3. Quyidagilar:

a) viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, bunda:

viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini barqaror ishlashga tayyorlash;

yoqilg‘i-energetika sohalarini  barqaror faoliyat ko‘rsatishga tayyorlash;

ko‘p kvartirali turar joy fondini barqaror faoliyat ko‘rsatishga tayyorlash, aholi va iste’molchilarni uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga tayyorlash;

ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

b) 2 ta qozon, 0,6 kilometr issiqlik tarmog‘i, 10,6 kilometr suv quvuri, 3,7 kilometr gaz quvuri, 1960 kilometr elektr tarmoqlarini, shuningdek, 655 ta transformatorni kapital ta’mirlashni o‘z ichiga oladigan asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik asbob-uskunalarni 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga  tayyorlash va kapital ta’mirlash parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

v) 5 ta qozon, 0,6 kilometr issiqlik tarmog‘i, 20,4 kilometr suv quvuri, 4357 ta gaz taqsimlash punkti, 20571 kilometr  elektr tarmoqlarini, shuningdek, 6790 ta transformator podstansiyasini joriy ta’mirlashni hamda 0,8 kilometr issiqlik tarmog‘ini izolyatsiya qilishni o‘z ichiga oladigan asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik asbob-uskunalarni 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash va  joriy ta’mirlash parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

g) 4 ta shifoxonani kapital ta’mirlash, shuningdek, 174 ta maktab, 33 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 4 ta mehribonlik uyi va maxsus maktab-internatlari, 15 ta shifoxona va poliklinika, 7 ta musiqa va san’at maktabini joriy ta’mirlashni o‘z ichiga oladigan ijtimoiy soha obyektlarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda kapital va joriy ta’mirlash parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

d) 335 ta ko‘p qavatli uyda 219,2 ming kvadrat metr tomni, 787 ta kirish joyini, shu jumladan, 38 ta uyda ichki muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini, 309 ta obyekt fasad qismini ta’mirlash, shuningdek, 55 ta bolalar maydonchasini qurish va ta’mirlashni, 4772 metr irrigatsiya tarmoqlarini, 438 ta  tashqi yoritish chiroqlarini ta’mirlash, 881 ta noqonuniy qurilishni o‘rnatilgan tartibda buzib olish, kvartirali uylarga tutash 34,8 ming kvadrat metr yo‘laklarni betonlashni o‘z ichiga oladigan ko‘p kvartirali turar joy fondini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda kapital va joriy ta’mirlash parametrlari 5-ilovaga muvofiq;

ye) viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari uchun hammasi bo‘lib 59,87 ming tonna hajmda, shu jumladan, aholi uchun 25 ming tonna, budjet sohasi muassasalariga 34,87 ming tonna ko‘mir mahsulotini g‘amlash hamda aholiga 44,21 ming tonna hajmda  suyultirilgan gaz yetkazib berishni o‘z ichiga oladigan 2019/2020-yillar kuz-qish davriga ko‘mir mahsuloti g‘amlash va suyultirilgan gaz yetkazib berish parametrlari 6-ilovaga muvofiq;

j) viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda viloyat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 7-ilovaga muvofiq;

i) mazkur qarorni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Viloyat komissiyasi:

bir oy muddatda kommunal soha tashkilotlari, qozonxonalar, ko‘p kvartirali uylar, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda ijtimoiy sohaning    boshqa obyektlarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha joylarda ishlarning holati tanqidiy o‘rganib chiqilishini;

o‘rganish natijalari bo‘yicha viloyat hokimligi tegishli kotibiyatlari, viloyat tashkilotlari rahbarlari tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan ushbu qaror bilan tasdiqlangan kompleks tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek, viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash va ta’minlash parametrlari o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlasin.   

5. Hududlarda tuman (shahar)lar hokimlari rahbarligida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha bir hafta muddatda hududiy komissiyalar tashkil etilsin.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashga yo‘naltirilgan tadbirlar hamda ishlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy mas’uliyat shahar va tumanlar hokimlari, shuningdek, aloqador tashkilot va korxonalar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

6. Viloyat hokimining o‘rinbosari S.Azizov:

joylarga chiqqan holda ko‘p xonadonli uylar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining kuz-qish davrida barqaror faoliyat yuritishga tayyorligini, mahalliy avtomobil yo‘llari va umumiy foydalanish joylari, markazlashtirilgan va mahalliy isitish qozonlari, issiqlik, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, mahalla hududlarining sanitariya holati tartibga keltirilganini nazoratga olsin;

o‘rganish natijalari bo‘yicha obyektlarni 2019/2020-yillar kuz-qish davriga tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan barcha tuzilmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish, mavjud muammolarni hal qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsin;

kuz-qish davrida isitish-energetika resurslari, elektr energiyasi, transformatorlarni ta’mirlash va barqaror ishlashi, iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlash, uzoq tumanlarda esa suyultirilgan gaz va ko‘mir ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazsin.  

7. "Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari" AJ (Muzapov), "Qashqadaryogaz" hududiy gaz ta’minoti filiali (Avazov) iste’molchilarni bir maromda elektr, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash choralarini ko‘rish, suyultirilgan gaz yetkazib berishni tashkil etish uchun viloyatga ajratilgan gaz ballonlarning o‘z vaqtida olib kelinishini ta’minlash uchun shaxsan mas’ul ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilsin.

8. Viloyat hokimining o‘rinbosari D.Allayev ijtimoiy soha obyektlarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, ularning sanitariya va obodonlashtirish talablariga muvofiqligini ta’minlash ishlarini joylarning o‘ziga chiqib tashkil etsin.

9. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari X.Djurayev, viloyat hokimining o‘rinbosari B.Rajabov shahar va tumanlar hokimliklari va aloqador tashkilotlar bilan birgalikda 2019-yil 1-sentabrgacha bo‘lgan muddatda:

o‘tgan 2018/2019-yillar qish-bahor davrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini g‘amlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilish asosida viloyat, tuman (shahar)lar bo‘yicha aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib 2019/2020-yillar qish-bahor davri uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini belgilangan hajmlarda g‘amlash, narxlarning keskin ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kartoshka, piyoz, sabzi, karam, guruch va dukkakli ekinlar mahsulotlarini g‘amlashga alohida e’tibor bersin;

g‘amlanishi kerak bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini saqlashning zarur sharoitlarini ta’minlash va g‘amlashning to‘liqligi hamda mahsulotlarning zarur tarzda saqlanishi uchun mas’ul shaxslarni belgilash bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda aniq takliflar kiritsin.

10. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari X.Djurayev, viloyat moliya bosh boshqarmasi (Shukurov) mazkur qarorda belgilangan topshiriqlarni bajarish uchun mablag‘larning o‘z vaqtida moliyalashtirilishini, zaruriyat keskin bo‘lgan hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini kuz-qish davriga tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘larni belgilangan tartibda moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.    

11. Viloyat hokimining o‘rinbosarlari viloyat iqtisodiyoti tarmoqlarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar va chora-tadbirlarni to‘liq hajmda o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan javobgar hisoblanadilar va har oy yakuni bilan viloyat hokimiga hisobot berib boradilar. 

12. Ushbu qarorning bajarilishi har chorakda viloyat hokimligi majlislarida tanqidiy ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilsin.

13. Viloyat hokimining 2018-yil 9-avgustdagi X-799/08-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

14. Ushbu qaror bajarilishini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.

15. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Viloyat hokimi          Z.RUZIYEV

Qarshi shahri, 2019-yil 23-avgust