Madaniyat 20.09.2019 34

VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRI TURKIYADAGI XALQARO FESTIVALDA E’TIROF ETILDI

San’at

Shu yilning 11-15-sentabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida 2-xalqaro teatr festivali tashkil etildi. Maltepa hokimligi madaniyat va ijtimoiy ishlar mudirligi tashabbusi bilan uyushtirilgan bu tadbirga Italiya, Ruminiya, Ukraina, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Kipr kabi davlatlar va Turkiyaning yettita shahar teatrlari vakillari taklif qilindi. E’tiborlisi, unda Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri jamoasi ham o‘z repertuaridagi spektakl bilan munosib ishtirok etdi.

Dramaturg Xoliq Xursandov asari asosidagi "Bobomning orzusi" spektaklida yolg‘izlikning og‘ir yuki, farzandlarning o‘z g‘am-tashvishlari bilan ovora bo‘lishi, keksalarning ular tushuna olmagan og‘riqli tuyg‘ulari aks ettirilgan. Ota-bobolarimizdan meros an’ana, odat va rasm-rusumlarimiz mazmunan singdirilgan holda folklor tomosha tarzida ifoda etilgan sahna asari jahonning turli joylaridan kelgan san’at ixlosmandlari va mutaxassislari e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Lapar va raqslarimiz, ayniqsa, xorazmcha qayroq o‘yinlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

O‘z navbatida Turkiya Eski shahar teatrining "Benerji Kendini nechun o‘ldurdi?", gruzinlarning "Selukvata", Samsun san’at teatrining "Golgesinde chinarin", Italiya Selense teatrining "Baroque suggestions", Urla tuprak teatrining "Bugun ne yozsam?", fransuz teatrining "Playland", Ruminiya "Queen Mary" teatrining "Avalansa", nemislarning "Stand up gosterim" kabi turli janr va mavzudagi  spektakllari o‘ziga xos uslubi va yondashuvi bilan e’tiborni tortdi.

- Festival doirasida, shuningdek, musiqali parad, turli qo‘g‘irchoq va masxarabozlar teatri chiqishlari ham bo‘lib o‘tdi, - deydi viloyat musiqali drama teatri direktori O‘tkir Mahmatqulov. - Ayniqsa, pantomima tomoshalari va master-klasslar o‘zaro ijodiy fikr almashinuv va malaka oshishida alohida ahamiyat kasb etdi.

Qayd etish lozim, xalqaro teatr festivalida viloyat musiqali drama teatri jamoasi "Eng yaxshi spektakl libosi" nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi. Spektaklda foydalanilgan quroqli liboslar, so‘zanalar va kashtali do‘ppilar tomoshabinlar e’tiborini jalb etdi. Shu bilan birga, teatr direktori "Teatr rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun" maxsus diplomi bilan taqdirlandi.

N.XO‘JAYEV