Qishloq xo'jaligi 07.06.2019 90

VILOYATDA O‘RIMGA KIRISHILDI

G‘alla-2019

Joriy mavsumda viloyatimiz mirishkorlari 141 ming 800 gektar suvli hamda 63 ming gektar lalmi maydonda boshoqli don ekinlarini parvarishladi. Suvli yerga ekilgan bug‘doyning 38 ming 600 gektari ertapishar, 97 ming 50 gektari o‘rta pishar hamda 6150 gektari kechpishar navlar sanaladi.

Ayni paytda ertapishar navli hamda lalmi maydondagi boshoqli ekinlar pishib yetilmoqda. Bu esa soha xodimlari uchun yana bir muhim palla boshlanganini anglatadi. Har bir hudud uchun biriktirilgan mas’ullar va mutaxassislar tomonidan hosil to‘liq pishgan maydonlar aniqlanib, o‘rimga kirishilmoqda.

G‘uzorlik dehqonlar ham bu yil jami 12 ming 800 gektar, shundan 8800 gektari suvli va 4 ming gektar lalmi maydonda g‘alla yetishtirdi. O‘tgan yili ob-havoning noqulay kelishi, suv tanqisligi bois tumanda dehqonchilik ishlari, jumladan, boshoqli don ekinlaridan ham kutilgan hosil olinmagan edi. Bu yil esa g‘allaning cho‘g‘i baland. Bundan ruhlangan fermerlar hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olishga kirishgan.

- 43 gektar lalmi yer maydonimiz mavjud, - deydi fermer Renat Umirov. - Shundan 20 gektarida bug‘doy ekkan edik. Lalmi dehqonchilikning natijasi  bahorning qanday kelishiga bog‘liq. Shukurki, bu yil yog‘ingarchilikning mo‘l bo‘lishi hosilga hosil qo‘shdi. Mana bugun o‘rimni boshladik. Har gektaridan   20 sentnerdan hosilni mo‘ljallab turibmiz. Bu belgilangan rejadan 4 marotaba ko‘p hosil ko‘taramiz, degani.

Ta’kidlash joiz, bu yil viloyatimiz fermerlari davlatga 798 ming 819 tonna don sotish bo‘yicha shartnoma tuzishgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dalalarda hosilning bo‘liqligi kutilgan xirmon ortig‘i bilan ko‘tarilishidan darak bermoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.