Qishloq xo'jaligi 13.09.2019 46

VILOYATDA QORAKO‘LCHILIK ILMIY-NASLCHILIK TAJRIBA STANSIYASI ISH BOSHLADI

Qaror va ijro

U yuqori nasldor elita sinfiga mansub qora va ko‘k rangli qorako‘l zotli qo‘ylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan.

Mazkur stansiya direktori Muhitdin Rasulovning tahririyatimizga ma’lum qilishicha, bu yangi tuzilma mamlakat Prezidentining joriy yil 16-avgustdagi "Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

- Ushbu hujjat bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, respublika "Qorako‘lchilik" uyushmasi hamda Navoiy va Qashqadaryo viloyati hokimliklarining Navoiy viloyatida qorako‘l zotli qo‘ylarning sur rangi bo‘yicha, Qashqadaryo viloyatida qora va ko‘k rangi bo‘yicha yuqori elita sinfli nasldor qorako‘l qo‘ylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanib, ularning asosiy vazifalari ham belgilandi, - deydi M.Rasulov. - Xususan, stansiyamizning eng muhim funksiyalaridan biri yuqori nasldor elita sinfiga mansub qora va ko‘k rangli qorako‘l zotli qo‘ylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etishdan iboratdir. Buning uchun naslchilik va sun’iy urug‘lantirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yib, bunda ranglar bo‘yicha qimmatli eksportbop yarim doira qalamgul, qovurg‘asimon va yassi gul tipidagi qorako‘l qo‘ylar seleksiyasiga alohida e’tibor qaratamiz. Shuningdek, jahon mo‘yna bozorlari talabidan kelib chiqib, qorako‘l terining raqobatbardosh turlarini yaratamiz hamda aholi xonadonlari, dehqon hamda fermer xo‘jaliklariga yuqori mahsuldor qorako‘l qo‘y va qo‘chqorlarni tizimli ravishda yetkazib beramiz.

G‘uzor tumani Qorakamar qishlog‘ida joylashgan korako‘lchilik ilmiy-naslchilik tajriba stansiyasiga bugungi kunda 7400 gektar yaylov yer ajratilib, 1200 bosh nasldor qorako‘l qo‘ylar olib kelingan. Yaqin vaqt ichida ularning bosh sonini 2000 taga yetkazish nazarda tutilgan.

Davlat rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan prognoz parametrlariga binoan, 2021-yilda Qashqadaryoda qorako‘l zotli qo‘ylar bosh soni 2018-yilga nisbatan 417 ming bosh yoki 25 foizga ko‘payib, 2 million 118 ming boshni tashkil qiladi. Shu vaqt davomida jun va qorako‘l teri ishlab chiqarish hajmi ham 25 foizga o‘sadi.

Viloyatimizdagi naslchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklari tomonidan 2020-yilda 6 ming dona eksportbop qorako‘lcha teri ishlab chiqarilib, 60 kilogramm noyob dorivor vositalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan qorako‘lchilik xom ashyosi (timus) yetkazib beriladi. 2021-va 2022-yillarda esa bu ko‘rsatkichlar tegishli ravishda 7,6 ming dona va 76 kilogramm hamda 9,6 ming dona va 96 kilogrammni tashkil etadi.

E’tiborli tomoni, 2019-2023-yillarda qorako‘lchilik xo‘jaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 50 ming so‘mdan va har bir dona qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiyalar ajratiladi.

Yana bir muhim yangilik. Joriy yilda "Muborak qorako‘l naslchilik" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 8 milliard so‘mga teng investitsiya loyihasi amalga oshirilib, qorako‘l va qo‘y terilarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Tez orada Muborak tumaniga Xitoydan yangi ishlab chiqarish uchun zarur texnologik asbob-uskunalar kelishi kutilmoqda.

Temur NIZOMOV