Rasmiy 22.02.2019 65

VILOYATDA TIBBIYOT MUASSASALARINING KADRLAR BILAN TA’MINLANGANLIK DARAJASI 88,8 FOIZNI TASHKIL QILADI

Sessiya

VILOYATDA TIBBIYOT MUASSASALARINING KADRLAR BILAN

TA’MINLANGANLIK DARAJASI 88,8 FOIZNI TASHKIL QILADI

Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda viloyatimizda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi, dori vositalari va tibbiy buyumlar ta’minoti yaxshilangan. Shuningdek, soha xodimlarining mas’uliyati birmuncha oshib, tibbiyot muassasalari aholiga yaqinlashtirilgani tufayli bir qator ijobiy natijalarga erishilgan. Xususan, viloyatda 2018- yilda umumiy kasallanish ko‘rsatkichlari 2016- yilga nisbatan qariyb 7,9 foizga kamaygan. Tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifati ham birmuncha oshgan.

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida so‘z yuritildi. Selektor tartibida o‘tkazilgan ushbu tadbirda deputatlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari, viloyatimizdagi sohaga aloqador tashkilot va muassasalar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, OAV xodimlari qatnashdi. Tuman va shahar studiyalarida ham mas’ullar ishtiroki ta’minlandi. Sessiya kun tartibida respublika ishchi guruhining joriy yil 18-20-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatida olib borgan o‘rganishi yakunlari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, Qonunchilik palatasi deputatlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislari va hududiy tibbiyot muassasalari shifokorlari har bir tumanda aholi xonadonlarida bo‘lgan.  Surunkali kasalliklarga chalingan qariyb 4117 nafar fuqaro va ehtiyojmand oilalar a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ulardan 578 nafariga ambulator, 396 nafariga tuman tibbiyot birlashmasida, 198 nafariga viloyat sog‘liqni saqlash muassasalarida va 16 nafariga respublika sog‘liqni saqlash muassasalarida davolanish uchun yo‘llanmalar berilgan. 34 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan.

- 2018-yilda Qashqadaryo tibbiyot tizimida katta o‘zgarishlarga qo‘l urildi, - deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. - Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 120 hamda 150 o‘rinli viloyat filiallari, 220 o‘rinli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilib foydalanishga topshirilgani buning isboti. Bugun ushbu muassasalar hudud aholisi salomatligini yaxshilashga xizmat qilayapti. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida 2019- yilning o‘zida 11 nafar bemorda kardiojarrohlik amaliyoti, 33 nafarida koronoangiografiya tekshiruvi o‘tkazildi. 2 nafar bemorga EKS qo‘yildi, 6 nafar bemorda koronar tomirni stentlash, 1 nafarida perikardiotsentez, 3 nafarida yurakni zondlash amaliyoti bajarildi. Bu yuqori natija, albatta.

Sessiyada qayd etildiki, sohada zarur choralar amalga oshirilayotganiga qaramay, viloyatda umumiy kasallanish ko‘rsatkichlari orasida nafas olish a’zolari, ovqat hazm qilish hamda qon va qon yaratuvchi a’zolar bilan bog‘liq kasalliklar ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tizimdagi mavjud tibbiy-texnika, asbob-uskunalarni yangilash va zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan to‘ldirish zarurati mavjud. O‘rganishlar jarayonida kadrlar ta’minoti va salohiyati masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda tizimdagi tibbiyot muassasalarining kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi 88,8 foizni tashkil qiladi.

Shu munosabat bilan sessiyada 2019-yilda viloyatda tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi atroflicha muhokama etilib, tasdiqlandi. Tegishli vazifalar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli ta’minlanishi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha kelishib olindi.

Sessiya yakunida xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

M.JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.