VILOYATDAGI OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA QANCHA ABITURIYENT HUJJAT TOPSHIRDI?

Qabul-2019

2019/2020-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlandi. Viloyatimizda ham bu yil 6 ta oliy ta’lim muassasasi abituriyentlardan hujjat qabul qildi.

O‘qishga kirish uchun nomzodlar sonining ko‘pligi bo‘yicha Qarshi davlat universiteti viloyatimizda mutlaq yetakchilik qilgan bo‘lsa, respublika oliy ta’lim muassasalari orasida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 3-o‘rinni egallab turibdi. Joriy yilda mazkur universitetni 44 ming 676 nafar abituriyent (shundan 24 ming 899 nafari kunduzgi, 19 ming 777 nafari sirtqi) birinchi ta’lim yo‘nalishi sifatida tanlagan. Eng yuqori natija qayd etgan 2080 abituriyent kunduzgi, 830 nafari esa sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha talabalikka qabul qilinadi.

Shuningdek, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutini 20 ming 203 nafar abituriyent birinchi yo‘nalish sifatida tanlagan bo‘lib, ulardan 1715 nafari kunduzgi, 350 nafari sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga kiradi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali esa o‘qishga kirish istagidagi 2 ming 892 nomzoddan hujjatlarini qabul qilgan. Uning bu yilgi qabul kvotasi esa 250 ta kunduzgi hamda 75 ta sirtqi ta’lim shakli uchun o‘rinlarni tashkil etadi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yilda viloyatimizda Toshkent shahridagi 3 ta oliy ta’lim muassasasining filiallari ish boshladi. Ularga ham ko‘plab abituriyentlar hujjat topshirgan.

- Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filialiga o‘qishga kirish istagini bildirgan jami nomzodlar soni 4,5 ming nafardan oshdi, - deydi mazkur filial faoliyatini tashkil etish ishchi guruhi rahbari Erkin Meyliyev. - Ulardan 150 nafari boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha ta’lim hamda xorijiy filologiya (ingliz va rus tillarida alohida-alohida) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi. Jumladan, boshlang‘ich ta’lim va maktabgacha ta’lim yo‘nalishlariga 20 nafardan nomzod davlat granti, 30 nafari to‘lov shartnoma asosida, xorijiy filologiyaning ingliz va rus tili yo‘nalishlari bo‘yicha esa 10 nafardan nomzod davlat granti, 15 nafari  to‘lov shartnoma asosida o‘qishga olinishi belgilangan.

Bundan tashqari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari    instituti Qarshi filialiga 3223 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ular 250 ta o‘rin uchun raqobatlashadi.

Toshkent kimyo texnologiya instituti Shahrisabz filialida (birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha) o‘qish istagini bildirgan nomzodlar soni esa 555 nafar. Ularning 150 nafari 4 ta yo‘nalish bo‘yicha talabalikka qabul qilinishini hisobga olsak, raqobat bo‘yicha eng kichik ko‘rsatkich mazkur ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lib turibdi.

J.BOYMURODOV