Jarayon 23.08.2019 44

VILOYATGA KELGAN SAYYOH O‘Z TASHRIFIDAN MAMNUNMI?

Islohot odimlari

Xabaringiz bor, keyingi yillarda mamlakatimizning turizm salohiyatini yuksaltirish, uni iqtisodiyotning lokomotivi sifatida taraqqiy ettirish, turistlar oqimini ko‘paytirish, qulay sharoitlar yaratish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida qator ishlarga qo‘l urilmoqda.

Xo‘sh, bu amalda qanday o‘zgarish yasadi? Viloyatga kelayotgan sayyohlar soni qancha va ular o‘z tashrifidan mamnunmi? Bu haqda viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimi Bobur SHOYMARDANOV quyidagilarni ma’lum qildi:

- Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning  7 oyi mobaynida "YE-mehmon" elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, Qashqadaryo viloyatidagi joylashtirish nuqtalariga 73 ta xorijiy mamlakatdan 6 ming 433 nafar turist kelgan. Viloyatda mavjud turistik namoyish obyektlari va infratuzilma hududlariga esa bu vaqt ichida 79 ta xorijiy mamlakatdan 18 ming 722 nafar turist tashrif buyurdi.

Viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyatimizda bo‘lgan rasmiy delegatsiyalar va diplomatik korpus vakillarining xavfsizligi ta’minlanib, xorijiy turistlarga nisbatan yoki ular tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. O‘z navbatida o‘tgan 7 oyda 613 mingdan ortiq mahalliy sayyoh viloyatimizda bo‘ldi.

Tashrif obyektlarida xizmat olib borayotgan xodimlarga turli masalalarda yordam so‘rab 1 ming 818 nafar xorijlik sayyoh murojaat qilgan bo‘lib, bu murojaatlarning 1 tasi yo‘qotilgan buyumlarni topib berish, 6 tasi tibbiy yordam ko‘rsatish, 571 tasi boshqa masalalarda, 1240 tasi yo‘nalish ko‘rsatish borasida va barchasi bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatildi.

Mahalliy sayyohlar esa 1 marta tibbiy yordam ko‘rsatish, 2172 ta yo‘nalish ko‘rsatish, 940 ta boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qilgan.

Qayd etish joiz, tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va turistlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga oid masalalar bo‘yicha boshqarma tomonidan taklif hamda taqdimnomalar kiritib borilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi "Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasida xavfsiz turizmni ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ning tegishli bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator    ishlar bajarildi.

Jumladan, viloyat hokimining   2019-yil 20-apreldagi qarori asosida viloyatda xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh hamda ishchi guruh to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 2019-yil 1-iyun kuni viloyatda xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2019-yil iyun-dekabr oylariga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Bu o‘z navbatida sayyohlarning bemalol sayr qilishi, o‘zini xavfsiz his qilishlarida muhim ahamiyatga ega. Chunki jahon amaliyotidan bilamizki, notinch, osoyishtalik kafolatlanmagan joyga hech kimning borgisi kelmaydi.

Aytish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi "Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan 2017-2020-yillarda Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar  dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unda tezkor va maxsus tadbirlar davomida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari maxsus vositalar bilan jihozlangan "Isuzu" avtobusi bilan ta’minlanishi ko‘rsatilgan edi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi qarori talablariga muvofiq, turistik namoyish obyektlarida va turistlar tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish uchun faol foydalanilayotgan avtomobil yo‘llarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish ko‘zda tutilgandi.

Shunga muvofiq, viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi ixtiyoriga Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2 dona "Isuzu" avtobusi hamda viloyat hokimligi tomonidan 3 dona yengil avtomobil berildi. Zarur texnika vositalari albatta belgilangan talablarni samarali bajarishda muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda Shahrisabz shahrining mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rnini inobatga olgan holda, shaharning sanoat salohiyatini yanada kengaytirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal qurish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida shu yilning 2-avgustida Vazirlar Mahkamasining "2019-2020- yillarda Qashqadaryo   viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinganidan xabaringiz bor.

Qaror bilan tasdiqlangan xizmatlar sohasi, servis infratuzilmasi, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga asosan, 313 milliard 854 million so‘mlik 64 ta loyihani tatbiq etish orqali, 2019-yilda 615 ta, 2020-yilda 307 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilganini qayd etish o‘rinli.

Ma’lumki, ko‘pgina ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet nashrlari mazkur qarorda ko‘rsatib o‘tilgan bir qoidaga asosiy e’tiborini qaratdi. Ya’ni, Shahrisabz shahrining YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qismida amalga oshiriladigan qurilish loyihalari YUNESKO Umumjahon merosi markazining faqat ijobiy xulosasi olingandan so‘ng amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Bu boradagi loyihalar birinchi navbatda, aholi turmush tarzini yaxshilashga, ikkinchi navbatda, Shahrisabz shahrining turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida turistlar oqimining ko‘payishi omili bo‘ladi.

Hech kimga sir emaski, xavfsiz turizmning ta’minlanishi nafaqat sayyohlar sonini ko‘paytiradi, balki mamlakatimiz, shaharu qishloqlarimiz haqida dunyo nigohida ijobiy tasavvur kuchayishiga turtki bo‘ladi.

N.XO‘JAYEV yozib oldi.