Yilnoma 06.02.2017 1236

XALQ IRODASINI IFODA ETIB, UNING MANFAATLARIGA XIZMAT QILISH – YUKSAK SHARAF

2017-yil - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

XALQ IRODASINI IFODA ETIB, UNING MANFAATLARIGA XIZMAT QILISH – YUKSAK SHARAF

Bugun sizu biz bilan yurtdosh-zamondosh bo‘lib, ayni dorilomon kunlarda yashayotgan, o‘zini Vatan, millat oldida burchli sanagan inson borki,  hozirgi va kelajak avlodlar oldida yuksak mas’uliyatni his etadi. Bu xalqimiz mentalitetiga xos, azal-azaldan ota-bobolarimiz amal qilib kelgan qarash aslida. Buni shunchaki qarash deb ta’riflasak, kamlik qilar balki? Bu haqiqiy insoniy tuyg‘u, yorqin istak, yuksak qadriyat. U bilan bugunimiz farovonligi yuksalib, ertamizga ishonch ortadi, dilda yangidan-yangi ezgu orzu-istaklar bo‘y ko‘rsatadi, ko‘zlangan aniq manzilga eltuvchi nurafshon yo‘l muqarrarligi ta’minlanadi.

Shu ma’noda mushohada qilsak, ko‘z o‘ngimizda xalqimizni birlashtirib turgan mushtarak maqsad namoyon bo‘ladi. Ana shunga hamohang muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan 2017-yil - "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilinishi hamda erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston  davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga qurish borasida qilingan da’vat mamlakatimiz jamoatchiligi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangani, mamnuniyat bilan qarshi olingani mohiyatan xalq irodasini ifoda etib, barchani inson manfaatlariga xizmat qilishga undadi. Zero, buning negizida davlatimiz rahbari qayd etganidek, "Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘" degan olijanob maqsad va vazifalar yotibdi. Yana bizni erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini qurishdek hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat birlashtiradi.

Afsuski, istiqlolga qadar muayyan davrda xalqimiz na o‘zi, na ertasi haqida qayg‘ura oldi. Bunga yo‘l berilmagan ham. Bu davrda inson manfaatlari haqida gapirishning o‘zi ortiqcha, befoyda edi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida qayd etilganidek, "O‘zbek xalqining necha ming yillik tarixida qanday murakkab davrlar, og‘ir sinovlar bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz".

Vaholanki, "O‘zbekistonning eng yangi tarixi va biz erishgan olamshumul yutuqlar mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilik, to‘siq va sinovlarni o‘z kuchi va irodasi bilan yengib o‘tishga qodir" ekanligini yaqqol ko‘rsatdi. Biz ana shunday "bukilmas iroda, fidoyilik va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishiga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarimiz, zamondoshlarimiz bilan cheksiz   faxrlanamiz". Shu bilan birga, mamlakatimizning bugungi rahbariyati ularga munosib izdosh bo‘lib, olijanob maqsad - izchil va barqaror rivojlanayotgan, erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etish siyosatini amalda davom ettirayotganidan mamnunlik tuyamiz.

Hech kimga sir emas, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning o‘tgan yili kutilmaganda yuz bergan vafoti xalqimizni chuqur qayg‘uga solishi barobarida, "endi mamlakatning ertasi nima bo‘ladi?" degan o‘yga toldirdi. Qayg‘uli yo‘qotish sabab muddatidan oldin o‘tkazilgan Prezidentlik saylovida murakkab davrlar, og‘ir sinovlarni ko‘p bora boshidan o‘tkazgan o‘zbek xalqi dadil turib, yana bir bor o‘z irodasini namoyish etdi. Saylovda Ulug‘ Yo‘lboshchiga munosib izdosh bo‘lgan, uzoq yillar u kishi bilan yelkama-yelka turib ishlagan fidoyi inson Shavkat Mirziyoyev ko‘pchilik ovoz bilan mamlakat Prezidentligiga saylandi. Endi odamlar dilidagi qandaydir hadik o‘rnini yorqin kelajak tasavvurlari band etdiki, xalq o‘ziga munosib yangi Yo‘lboshchini tanlagan edi. O‘z navbatida, saylangan Prezident ham "Bugun dunyodagi shiddatli globallashuv sharoitida, xalqaro maydonda turli manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan, jahon iqtisodiy-moliyaviy inqirozi davom etayotgan keskin bir vaziyatda O‘zbekistonga rahbarlik qilishdek ulkan mas’uliyatni zimmamga olayotgan ekanman, men avvalo ko‘pni ko‘rgan, donishmand xalqimizga, siz, azizlarning yordam va ko‘magingizga tayanaman va ishonaman", deya qayd etdi. Bu bilan davlat rahbari o‘z xalqiga, xalq esa Prezidentga sodiqligini, suyanishini namoyon qildi. Ana shu o‘zaro ishonch turibdi bizning osmonimiz musaffoligi, qo‘lga kiritayotgan barcha yutuqlarimiz zamirida, desak mubolag‘a emas.

Yana bir jihat borki, qaysi yurtda adolat hukmron bo‘lsa, o‘sha zamin odamlari hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Ishlaydi, intiladi, yaratadi. Har qanday vaziyatda Vatan himoyasiga shay turadi. Shu bois buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz aytadiki, "Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!" Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimida bu chuqur ma’noli o‘git har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarurligini uqtirdi. Binobarin, adolat xalq hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasidagi ishonch mustahkamligini, inson manfaatlarini ta’minlashning bosh mezonidir.

Bugun Prezidentimiz barcha bo‘g‘in rahbarlarini xalq ichiga kirishga, aholining o‘y-tashvishlari, orzu-istaklari bilan o‘rtoqlashib, muammolarini joyida hal etishda ko‘maklashishga chaqirayapti. Endi "xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak"ligi aytildi. Bu borada shaxsan Shavkat Miromonovichning o‘zi o‘rnak ko‘rsatib, virtual qabulxona orqali yuz minglab odamlarning murojaatlarini tinglayapti, ularda keltirilgan takliflar ko‘rib chiqilishi va ko‘tarilgan masalalarga yechim topilishi tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bundan adolat istagan kishi adolat topayapti, oddiy odamlar ham o‘z fikrini aytib, qarashlarini bayon etib, davlat ishlarining faol ishtirokchisiga aylandi.

Davlat rahbarining bevosita joylarda bo‘lib xalq bilan muloqotga kirishayotgani esa odamlarning dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmoqda. 

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 27-28-yanvar kunlari Xorazm viloyatida bo‘ldi. Ana shu tashriflar chog‘ida kechgan muloqotlarda ushbu Orolbo‘yi mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida kelgusida qilinadigan katta ishlar haqida batafsil gapirildi.  Albatta, bunday izchil islohotlar o‘zida xalq irodasini ifoda etgani bilan ahamiyatli va buning zamirida xalq farovonligini ta’minlash, munosib turmush uchun mavjud shart-sharoitlarni yuksaltirish, eng muhimi, odamlarni hayotidan rozi etish, inson manfaatlariga xizmat qilish maqsadlari mujassam.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida "Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar", deb qat’iy belgilangan. Bir so‘z bilan aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda ana shu qoidaning amaldagi ifodasini ko‘rayapmiz. Bundan xalq ruhlanayapti, odamlar hayotidan mamnun bo‘lib, rag‘bat topayapti. Katta-katta marralarni ko‘zlayapti, yaratishga, yurt ravnaqi uchun mehnat qilishga ishtiyoqi oshayapti. Endi quyi bo‘g‘in rahbarlari ham demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalq ichiga kirayapti. Zero, maqsad aniq - erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birga quramiz!

Kamoliddin KARIMOV