Madaniyat 15.03.2019 55

XALQ O‘YINLARI VA YOSHLAR

Qadriyat

XALQ O‘YINLARI VA YOSHLAR

Kitob tumanidagi markaziy o‘yingohda xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi tuman kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada tumandagi kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari hamda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari qatnashishdi.

- Ajdodlarimiz hayotida muhim o‘rin tutgan, biroq keyingi davrlarda unutilgan xalq o‘yinlarini o‘rganish, tiklash, targ‘ib qilish, ularni kelgusi avlodlarga ham yetkazish har birimizning insoniy burchimizdir, - deydi xalq deputatlari Kitob tuman Kengashi deputati Gulandom Sattorova. - Ushbu musobaqada ishtirokchilar "Eshak mindi", "Tosh ko‘tarish", "Yelkada kurash", "Arqon tortish", "Oq terakmi, ko‘k terak", "Urib qochar", "Arg‘amchida sakrash" kabi milliy o‘yin turlari bo‘yicha bellashdilar.

Musobaqa davomida tomoshabinlar ishtirokchilardagi chaqqonlik, kuch, shijoatni ko‘rish bilan bir qatorda, milliy o‘yinlarimizning o‘ziga xos sehru jozibasidan ham bahramand bo‘lishdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslardan so‘ng g‘olib jamoalar nomi aniq bo‘ldi. Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

J.BOYMURODOV