Yilnoma 03.04.2017 1779

XALQ QABULXONASI – ADOLAT MASKANI

2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

XALQ QABULXONASI – ADOLAT MASKANI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida "Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir" deya ta’kidlangan. Zero, ozod elu xalqqina mustaqil davlat tashkil qiladi hamda orzu-umidlarini shu davlat orqali amalga oshirishga intiladi. Xalq va davlat manfaatlari mushtarak, orzu-intilishlari hamohang bo‘lgan taqdirdagina buyuk ishlar ro‘yobga chiqadi. Shunga muvofiq xalqning fikr va takliflarini eshitish hamda dardu tashvishini yengillashtirish davlat xizmatchilarining burchidir.

Bu boradagi ishlarni samarali tashkil qilish maqsadida davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilib, bugungi kunda faoliyat yuritmoqda. Xalq qabulxonalarining asosiy vazifasi xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishga doir qonuniy huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi, murojaatlarning o‘z vaqtida to‘liq, xolis va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash, aholining davlat organlariga murojaat etishdagi huquqiy madaniyatini oshirishdan iboratdir.

O‘z navbatida davlatimiz rahbarining 2017-yil 6-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida"gi qarori va joriy yil 10-martdagi farmoyishi qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tarkibiga kiritildi.

O‘tgan bir oydan oshiq muddat davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kitob tumani Xalq qabulxonasiga 330 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, bu murojaatlarning 58 tasi yozma, 272 tasi og‘zaki murojaatdir. Alohida tasniflaganda esa 47 tasi uy-joy va yer, 40 tasi ish bilan ta’minlash, 26 tasi sog‘liqni saqlash, 30 tasi moddiy yordam olish, 19 tasi sud-huquq, 20 tasi kredit olish, 20 tasi pensiya va qolganlari boshqa masalalarga taalluqlidir. Muhimi, ularning aksariyat qismi, ya’ni to‘qson foizga yaqini  tuman miqyosida hal qilinadigan murojaatlardir.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Kitob tumani Xalq qabulxonasida qabulxona xodimlarining besh kunlik qabulidan tashqari tuman hokimi va o‘rinbosarlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari rahbarlarining qabul qilish kuni, vaqti belgilanib, aholiga yetkazildi.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, qo‘yilayotgan masala qayerda, qaysi davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi idorasi, qaysi mansabdor shaxs bilan va qachon hal qilinishi borasida aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini ko‘paytirishimiz kerak.

Masalan, bir fuqaro o‘z murojaatida yer uchastkasi olib berilishini so‘ragan. Vaholanki, uy-joy qurish uchun yer uchastkasi faqat kim oshdi savdosi orqali beriladi. Nafaqa va moddiy yordam berish masalasi esa faqat mahalla fuqarolar yig‘ini huzuridagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash komissiyasida hal qilinadi. Shuning uchun dastlab ana shu idoralarga murojaat qilish, agar ulardan hech qanday javob yoki samara bo‘lmasa, keyin yuqori idoralarga xat yo‘llansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qolaversa, ota-bobolarimiz uydagi gapni ko‘chaga chiqarishni, xonadonidagi holatni oshkor qilishni, boshqalardan biror bir moddiy narsa so‘rashni or bilishgan. Bugungi kunda oila sirlarini ko‘chaga doston, er-xotin va qaynona-kelin mojarolari haqida dunyoga jar solishni odat qilganlar ko‘pligi achinarlidir. Bunday masalalarni azaliy urf-odatlarimiz va odob-axloq normalari bilan hal qilishga erishmog‘imiz kerak.

Albatta, asossiz va noqonuniy talab bilan murojaat qilayotgan barcha fuqaroni hayotu davlatdan rozi qilish qiyin. Ammo uni ham nohaqligiga ishontirish va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish bizning burchimizdir. "Yozuvchilik"ni odat qilib olgan, sodda odamlarga asossiz shikoyatlar yozib berib, "hojatbarorlik"ni kasb qilib olganlar borligi ham sir emas. Tuhmat va ig‘vodan iborat murojaat mualliflarining javobgarlik masalasini qat’iy ko‘rib chiqmoq kerak.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, ayrim davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining murojaatlarni ko‘rib chiqishga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgani, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati buzilayotgani, ayrim rahbarlar fuqarolarni qabul qilish vaqtida muomala madaniyatiga rioya qilmasligi ham fuqarolarning yuqori turuvchi idoralarga shikoyat bilan chiqishlariga sabab bo‘lmoqda. Mazkur muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan Xalq qabulxonalari mudirlariga tegishli topshiriqlar berilgan.

Fuqarolar bilan ochiq va oshkora muloqot qilish, hokimiyat va boshqa davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining sayyor qabullari aholini o‘ylantirib kelayotgan holatlar ko‘pligini ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh, aholini tashvishga solayotgan asosiy muammolar nimalardan iborat? Ular qaysi masalalar bo‘yicha ko‘p murojaat qilayapti? Tahlillarga nazar tashlasak, xalqimizning umumiy boyligi bo‘lgan yerlarning qonunsiz ravishda talon-toroj qilinayotgani, xususan, noqonuniy qurilishlar, zaxiradagi va daryolarning himoya zonalaridagi yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va turli xususiy korxonalarda ishlayotgan ishchilarga mehnat daftarchalari yuritilmayotgani, ularga ish haqlari o‘z vaqtida berilmasligi kabi muammolardir.

Shu bilan birga, bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan ish bilan ta’minlash talab darajasida emasligi, korxona va tashkilotlarda kvota asosida ish joylari ajratilmayotgani, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashdagi ayrim soxtakorliklar, fermer xo‘jaligi rahbarlari aholiga yer sotib "tirikchilik" qilishni odat qilishgani, kommunal korxonalar xodimlari elektr va gaz to‘lovlarini amalga oshirishda firibgarlikka yo‘l qo‘yayotgani kabi muammolar bildirilmoqda. Ayni paytda sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi muassasalarida sodir bo‘layotgan qilmishlar, ta’lim-tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yaxshilash borasida zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan takliflar aytilgan.

Fuqarolarimiz qo‘yayotgan har bir masala va muammoga jiddiy e’tibor qaratish, ularning yechimini topish, noto‘g‘ri, norozi kayfiyatda yurgan fuqarolarni jamiyat va davlatdan rozi qila olish davlat xizmatida turganlarning birgalikdagi burchidir. Ayni damda aholining ayrim qatlamlarini boqimandalik kayfiyatidan qaytarish, hayot, yaxshi yashash tinimsiz va samarali mehnat evaziga kelishini targ‘ib qilmog‘imiz hamda ularga mehnat qilish va shunga yarasha ish haqi olishi uchun imkoniyat yaratib bermog‘imiz kerak.

Asosiysi, davlat xizmatida bo‘lgan har bir rahbar va xodim o‘ziga yuklatilgan vazifaga mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Qonunlarimizda fuqarolar murojaatiga e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik bilan qaragan rahbar va xodimlarning javobgarlik masalasi aniq belgilab qo‘yilgan. Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash - odamiylikning eng oliy mezonidir" deya bejiz ta’kidlamagan. Zero, davlat xizmatida bo‘lish elu xalqqa halol va vijdonan xizmat qilish uchun berilgan imkoniyatdir.

Abdishukur OMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kitob tumani Xalq qabulxonasi mudiri