Jarayon 09.05.2019 29

XALQ SHOIRI XOTIRASIGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO FESTIVAL

Qashqadaryo va dunyo

Kecha Qarshi shahrida O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning  yorqin xotirasiga bag‘ishlangan  I  Xalqaro "Oltin so‘z" adabiyot festivali o‘z ishini boshladi.

Ikki kunga mo‘ljallangan ushbu festivalning dastlabki kunida Qarshi shahridagi shoir nomi bilan yuritiluvchi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda adabiy uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir avvalida Abdulla Oripov xotirasiga hurmat bajo keltirilib, uning haykali poyiga gul qo‘yildi. Shundan so‘ng festivalga kelgan mehmonlar mazkur maktab-internat, shoir hayoti va ijodi aks etgan muzey faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Uchrashuv yakunlangach, ishtirokchilar uchun viloyat markazining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi. Bu jarayonda mehmonlar Qarshi shahrida olib borilgan bunyodkorlik ishlari samarasi, tarixiy qadamjolarni ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi.

Xalqaro  festival doirasidagi bugungi tadbirlar Shahrisabz shahrida davom ettiriladi.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tamiz,  festivalda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli shoirlar, yozuvchilar hamda jurnalistlar ishtirok etayapti. Jumladan, Turkiyadagi "KIBATEK" xalqaro adabiy tashkiloti prezidenti Sengeli Bilgi, tashkilot vitse-prezidenti Leyla Ishik, Filippindagi "Pentasi B"  xalqaro adabiy tashkiloti prezidenti Epitasio Tongohan, Hindiston qit’alararo madaniyat assotsiatsiyasi xodimi, Norvegiyada yashab, ijod qiluvchi yozuvchi Solomiya Karoli, italiyalik shoir, yozuvchi va bloggerlar Katerina Davinio, Klaudio Preziosi, Tojikistondagi "Do‘stlik" va "Elchi" gazetalari bosh muharriri Toshmat Temirov, Nosir Xusrav nomidagi Qo‘rg‘ontepa davlat universiteti professori Zebiniso Sattorova, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hasan G‘oyib, "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi muxbiri Maysara Saparova, Qozog‘istondagi "Chimkent" ijodiy uyushmasi raisasi Erkinoy Sultonova va boshqalar festivalga kelishgan. 

              Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.