Jarayon 20.08.2019 38

XALQARO ARMIYA O‘YINLARI G‘OLIBLARI MUNOSIB KUTIB OLINDI

Xabaringiz bor, joriy yilgi "ArMI - 2019" xalqaro armiya o‘yinlarida 36 davlatdan 221 ta jamoa safida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ham munosib ishtirok etishdi.

E’tiborlisi, musobaqada asosiy tarkibdan o‘rin olib, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlaridan qatnashgan mutaxassislar "Rem Bat" nominatsiyasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "Harbiy ralli" nominatsiyasida yakka tartibdagi yo‘nalishlar bo‘yicha 2 ta 2-o‘rin va 2 ta 3-o‘ringa munosib deb topildi. Musobaqada harbiylarimizning mahorati, bilim va ko‘nikmalari alohida e’tirof etildi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan ushbu harbiylar Qarshi temir yo‘l shohbekatida milliy udumlarimizga mos ravishda kutib olindi.

Tantanali marosimda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni boshchiligida faxriy harbiylar, harbiy xizmatchilar, Qarshi harbiy prokuraturasi xodimlari, yoshlar hamda g‘olib va sovrindorlarning oila a’zolari jam bo‘lishdi.

Xalqaro miqyosda harbiylarimiz erishgan yutuqlar mamlakatimiz harbiy qudratini namoyon etishi bilan birga yosh avlod vakillarida harbiy kasbga qiziqishni yanada oshirishi ta’kidlandi. Yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan xizmatchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.