XALQARO HAMKORLIK TA’LIM SIFATI OSHISHIGA XIZMAT QILADI

Qaror va ijro

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida oliy ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish borasida muhim vazifalar belgilangan edi.

Shunga ko‘ra, yurtimizdagi har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, aniq manzilli loyihalar, dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Buni birgina Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali misolida ko‘radigan bo‘lsak, filialda 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 400 million so‘mlik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ (Italiyaning Sannio universiteti) dasturi asosida qariyb 84 ming yevrolik mustaqil tadqiqot ishlari olib borilayotir.

O‘tgan yil oxirida filialda Erasmus+ dasturi doirasida "TechReh - Tibbiyotda axborot texnologiyalari" xalqaro loyihasi bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Italiyaning Sannio hamda Fransiyaning Sorbonna universitetlaridan kelgan professor-o‘qituvchilarning ma’ruza va treninglaridan yosh olim va talabalarimiz ko‘p narsa o‘rganishdi.

Shu yilning yanvar oyida esa Portugaliyaning Lissabon universiteti huzuridagi "Iqtisodiyot va menejment" oliy maktabi direktori, professor Jorj Filip da Silva Gomes o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ma’ruza qildi. Albatta, xorijlik mutaxassislarning izlanishlari yurtimiz olimlari uchun birday qiziq va ahamiyatli. Shu bilan bir qatorda, filial professor-o‘qituvchilarining Janubiy Koreyaning Chung-Ang, Xanyang, Yongman, Fransiyaning Sorbonna, Italiyaning Sannio universitetlarida malaka oshirib, ilmiy salohiyatni yuksaltirganini ham aytish o‘rinli.

MDH oliy o‘quv yurtlari, xususan, Novosibirsk davlat texnika universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi hisoblash texnologiyalari instituti, Moskva aloqa va axborot texnologiyalari, Tojikiston Respublikasi milliy universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Davlat rahbarining 2018-yil 25-sentabrdagi   "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni asosida 2019-2021-yillar mobaynida filialning 27 nafar professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari xorijiy universitetlarda malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi, magistratura va tayanch doktoranturada o‘qishi rejalashtirilgan. Bu albatta filialdagi o‘qish-o‘qitish jarayoniga o‘zgarish va yangiliklar kiritishi shubhasiz.

2018-yil so‘ngida filial direktori "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiyasi tanlovidan o‘tib, noyabr-dekabr oylarida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti qoshidagi axborot texnologiyalari malaka oshirish institutida bo‘ldi. Malaka oshirish jarayonida universitetlarimiz professor-o‘qituvchilari onlayn muloqotda bo‘lishdi, hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab TATU Qarshi filiali hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti axborot texnologiyalari qo‘shma fakultetiga talabalar axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minoti va dasturlanuvchan mobil tizimlar yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilinadi. O‘qish "2+2" sxemasi bo‘yicha olib boriladi:  2 yil Qarshida va 2 yil Belarusda.

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli innovatsion markaz tashkil etish hamda Qarshi va Shahrisabz shaharlarida "Aqlli shahar" loyihalarini amalga oshirish maqsadida viloyatimizni investitsion faoliyat yuritish uchun maqbul hudud sifatida tanlashgan kanadalik investorlar filialdagi "Yosh dasturchilar" markazida bo‘lib, talabalarning dasturiy ishlanmalari bilan tanishishdi hamda yoshlarimiz bilimiga yuqori baho berishdi. 20 dan ziyod loyihani talabalarning o‘zi ingliz tilida tushuntirib berishdi. Investorlar ushbu loyihalar ijtimoiy jihatdan foydali ekanligi va ulardan sun’iy intellekt, virtual voqelik, "blokcheyn" texnologiyalari singari elektron xizmatlar ma’lumotlarini qayta ishlovchi zamonaviy markaz tashkil etilishida foydalanish mumkinligini bildirdilar.

Albatta, malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash - muhim masala. Bunga esa xorij tajribasini o‘rganib, yutuqlarni o‘zlashtirish bilan erishiladi. Xorij bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani - bu hali ta’lim sifati oshdi, degani emas. Ta’lim sifati va samaradorligi egallangan bilim va yangiliklarni amaliyotda nechog‘lik qo‘llay olishga bog‘liqki, filialda masalaning ana shu jihati ham e’tibordan chetda emas.

G‘ayrat UBAYDULLAYEV,

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Qarshi filiali bo‘lim boshlig‘i