Jamiyat 30.08.2019 40

XALQIMIZGA ULUG‘ SAODAT ATO ETGAN ASRIY ORZULAR TARANNUMI

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi tantanasi

Mustaqillik bayramining bu gal "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" degan ezgu g‘oya asosida nishonlanishi zamirida yurtdoshlarimizning Vatanimizga bo‘lgan yuksak mehri va cheksiz faxru iftixori mujassam.

Ayni jihat Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida joylashgan amfiteatrda o‘tgan viloyatning asosiy bayram shodiyonasida ham o‘z ifodasini topdi.

Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev tantana ishtirokchilarini, barcha vohadoshlarimizni muborakbod etarkan, mustaqillik, istiqlol degan ulug‘ saodat avvalo xalqimizga erkinlik va ozod hayotni bergan, insoniy sha’nimiz, qadr-qimmatimizni tiklab, barchamizga o‘zligimizni anglash tuyg‘usini, tilimiz, muqaddas dinimizni, qadriyat va urf-odatlarimizni qaytargan, Vatanimiz tarixida hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan buyuk ne’mat ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan - milliy yuksalish sari dadil qadam qo‘ymoqdamiz. Bunda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" Davlat  dasturi, "Obod qishloq", "Obod mahalla", "Har bir oila - tadbirkor", "Yoshlar - kelajagimiz", "Besh ijobiy tashabbus" kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlar aholining hayot darajasi va sifatini tubdan yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Birgina viloyatimiz misolida olib ko‘rsak, "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari doirasida so‘nggi 2 yil ichida shahar va qishloqlarning yangi, obod va yanada ko‘rkam qiyofasini yaratish, xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida 69 ta qishloq va 10 ta mahallada bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir.

Aholining zamonaviy uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida birgina joriy yilning o‘zida 1673 oilaga mo‘ljallangan 365 ta yakka tartibdagi 2 sotixli uy va 44 ta ko‘p qavatli turar joy binosi foydalanishga topshirildi. O‘tgan 2 yilda kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan 127 fuqaro va 215 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uy-joy bilan ta’minlandi.

Investitsiya dasturiga asosan joriy yilda 328,2 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirish hisobiga 145 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, 216,5 kilometr ichki yo‘llar va ko‘chalar ta’mirlandi, 90 ta aholi punktida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 157,5 kilometr suv tarmoqlari tortildi. 1909 ta bo‘sh turgan obyekt va yer maydonlarining 1006 tasi ishlab chiqarishga jalb etilishi natijasida 4 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, viloyatimizda 160 ga yaqin xorijiy sarmoya ishtirokidagi   korxonalar faoliyat ko‘rsatib, ularda 2 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilishi bilan bir qatorda viloyatning  eksport salohiyati ortishiga erishildi.

Tibbiyot sohasida so‘nggi ikki yarim yilda jami 113 ta davolash-profilaktika muassasalarida qurilish, ta’mirlash hamda yangidan jihozlash ishlari bajarildi.

- Shifoxonamiz moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 1 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilib, kompyuter tomograf, fakoemulsifikator va lazer apparatlari keltirish rejalashtirilgan edi, - deydi viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi mikroxirurgiya bo‘limi shifokori Baxtiyor To‘rayev. - Shunga binoan tomografiya apparati olib kelindi va hindistonlik hamkorlar tomonidan o‘rnatildi. Ayni paytda shifoxonamizda 100 ga yaqin bemor davolanayapti. O‘ylaymanki, yaqin orada bemorlarimiz Toshkentga yoki xorijga borishlariga hojat qolmaydi, barcha jarrohlik amaliyotlari shu yerda bajariladi. O‘zim uchun quvonarlisi esa, bayram arafasida II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan mukofotlandim. Bu 47 yillik mehnat faoliyatimdagi ilk mukofotligi bilan ham men uchun qadrli bo‘lib qoladi. Shuning uchun mas’uliyat va g‘ayratni yanada oshiramiz.

Bir eslab ko‘ring, bundan 28 yil burun Qashqadaryoda katta-kichigini qo‘shib hisoblasa, atigi yuzga yaqin sanoat korxonalari bo‘lardi. Bugun esa ularning soni 3 mingdan oshib ketdi.

Dehqon-fermerlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga bu yil davlatga 515 ming tonnadan ortiq g‘alla sotildi. Ayni vaqtda 381 ming tonnalik paxta xirmonini yaratish ustida astoydil mehnat qilinmoqda.

Viloyatda bir yarim yil ichida maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 3 barobardan ko‘proqqa oshgani ham e’tiborga molik. Kuni kecha Dehqonobodda yangi bog‘cha ochilishi bilan viloyatimizda qurib bitkazilgan, barcha zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan va bolalarni qabul qilishga har jihatdan shay bo‘lgan bog‘chalar soni minginchi dovondan oshdi.

Birgina shu yilning o‘zida sportchilarimiz tomonidan O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 468 ta, xalqaro musobaqalarda 18 ta medal qo‘lga kiritildi.

O‘tgan yili bor-yo‘g‘i 38 ta kitob do‘koni mavjud bo‘lgani holda, 5 muhim tashabbus doirasida aholi, ayniqsa yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida shu yilning o‘zida 100 dan oshiq yangi kitob do‘konlari qurib ishga tushirildi.

- Istiqlol mehnat faoliyatimga ham erkinlik epkinlarini olib kirgan, - deydi kuni kecha Prezident farmoniga ko‘ra "Shuhrat" medali sohibasiga aylangan, viloyat musiqali drama teatri artisti Oyniso Babayeva. - Milliy ruhdagi kuy-qo‘shiqlarim bilan Germaniya, Rossiya, Polsha mamlakatlarida ijodiy gastrol safarlarida bo‘lib, turli spektakllarda rollar ijro etganman. Anglaganim shu bo‘ldiki, nafaqat inson kamoloti, san’at rivoji uchun ham erkinlik, hur va ozodlik suv va havoday zarur ekan. Istiqlolimiz abadiy bo‘lsin!

Mustaqillik yillarida erishilgan natijalar, keyingi yillarda turli sohalarda yuz berayotgan o‘zgarishlar bayram dasturida ham o‘z ifodasini topdi. El suygan san’atkorlar ijrosidagi dilbar navolar barchaga xush kayfiyat, shodonlik ulashdi.

Amfiteatrda hukmron bayram shukuhi qalblarga ko‘chdi. Eng ulug‘, eng aziz ayyom tantanalari vohamizning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: bayram tantanalaridan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.