Ma'naviyat 04.06.2019 3

Xat va hayot

Tahririyatimizga kelayotgan maktublar mavzusi rang-barang, ularda ijtimoiy-siyosiy tadbirlar, mahalla raisligiga saylovlar jarayoni, joylardagi sayyor qabullar, taniqli sudyaning ibratli hayot yo‘li, shu bilan bir qatorda, murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar... Nima bo‘lganda ham mushtariylarning bizga yozganlari doimiy e’tiborimizda. 

SAYLOVLAR - DEMOKRATIYA KO‘ZGUSI

Yaqindagina yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan siyosiy tadbir - yig‘in raisligiga saylovlar fuqarolarning o‘z fikrini namoyon etish, xalqparvar, elga qayishadigan nomzodlar raislikka kelishi imkonini berdi.

Qarshi tumanidagi Qoratepa mahalla fuqarolar yig‘inida 7588 nafar kishi istiqomat qiladi. Saylovda aholi nomidan 498 nafar vakil ovoz berishda qatnashdi. Ushbu jarayonda nomzodlarning aholi farovonligi hamda hudud rivojiga qaratilgan dasturlari birma-bir tinglandi. Yakunda eng ko‘p ovozni Doniyor Abrahmatov olib, yig‘in raisligiga saylandi.

Umuman olganda, bu yilgi saylovlarda ijobiy o‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi. Shu bois aholi vakillari ham jarayonga e’tibor bilan qaradi. Saylovlarning yopiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgani esa har kim fikrini ixtiyoriy ifoda etishiga sharoit yaratdi.

Anvar O‘TKIROV,

Qoratepa xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kolleji direktori

ODAMIYLIGI BILAN QALBLARDA MANGU QOLDI

Umr insonga bir marotaba beriladigan bebaho ne’matdir. Kimdir buyuk kashfiyot yaratib, nomini abadiylikka muhrlasa, kimdir ezgu amallari, Vatan va xalq oldidagi buyuk xizmatlari, odamiyligi bilan qalblarda mangu qoladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Mirza Tursunov ibratli umr kechirgan insonlardan edi.

Mirza Tursunov Toshkent davlat institutining yuridik fakultetini tamomlab, viloyat ijroiya qo‘mitasida huquqiy maslahatchi sifatida ish boshlarkan, xo‘jalik ishlarini yuritish borasida yaxshigina tajribaga ega bo‘ldi. Orttirgan bilimi va mehnatga munosabati sabab hali yosh bo‘lishiga qaramay uni viloyatning bosh davlat arbitri lavozimiga tayinlashdi.

Bu davrda viloyat tez sur’atlarda rivojlandi. Yirik qurilish korxonalari va zavodlar qad rostladi. Shu orada Mirzo Hamroyevich xo‘jalik nizolarini qonun asosida hal qila oladigan mutaxassis sifatida viloyat rahbarlarining nazariga tushdi. Islom Karimov, Nuriddin Zayniyev kabi rahbarlarning yuksak e’tirofi va hurmatiga erishdi.

Davlat arbitraji xo‘jalik sudlariga aylantirilib, Mirza Tursunov viloyat xo‘jalik sudi raisligiga tayinlanarkan, ushbu yo‘nalishning oyoqqa turishiga katta kuch-g‘ayrat sarfladi. Sohaga yosh kadrlarni tanlash, ularni tayyorlashning boshida turdi. Uning sa’y-harakatlari bilan viloyat markazida xo‘jalik sudi uchun zamonaviy bino ajratildi, sud majlislari zallari va sudyalar uchun alohida xonalar, texnik vositalar hozirlandi.

Halolligi, to‘g‘riso‘zligi va bilimdonlik xislatlari sabab Oliy xo‘jalik sudi malaka hay’ati komissiyasi raisi etib saylandi. U kishini tanigan, bir safda faoliyat yuritgan hamkasblari uni samimiy, ochiq ko‘ngil inson sifatida tilga oladi. Hozirgi yosh sudyalar uning hayot yo‘lini namuna qilib olsa arziydi.

SH.MAMADIYAROV,

viloyat iqtisodiy sudi raisi

VILOYAT PROKURORI KOSONLIKLAR MUAMMOLARINI TINGLADI

Davlat rahbarining 2019-yil 8-yanvardagi qarori hamda 17-yanvardagi "Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi bo‘yicha viloyat prokurori Botir Yusupov Koson tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.

Amir Temur nomidagi istirohat bog‘ida o‘tgan tadbirga viloyat prokuraturasi, tumandagi 4 sektor rahbarlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar mas’ullari jalb etildi.

Qabul davomida 31 fuqaro 36 masala bo‘yicha murojaat qildi. Ularning 10 tasi joyida qanoatlantirildi, 5 murojaatga asosli tushuntirish va huquqiy maslahatlar berildi. 21 masala ijrosi nazoratga olindi. Shu bilan bir qatorda 7 kishiga nogironlik aravachasi, sog‘lig‘idan shikoyati bo‘lgan 2 fuqaroga shifoxonada davolanish uchun order berildi.

Shu kuni bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, milliy hunarmandchilik mahsulotlari va kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

SH.AHMEDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koson tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi

SHAHAR KENGASHIGA YANGI RAIS SAYLANDI

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Shahrisabz shahar tashkilotining I ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamiyat hayotida partiyaning rolini kuchaytirish, boshqa partiyalar bilan sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Konferensiyada tashkiliy masala ko‘rilib, O‘zbekiston XDP Shahrisabz shahar kengashi raisligiga partiyaning tuman tizimini boshqarib kelgan Dilshod Yorov nomzodi ko‘rsatilib, bir ovozdan ma’qullandi.

U.JABBOROV,

O‘zbekiston XDP viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i

TAKRORIY MUROJAATLARGA SABAB NIMA?

Keyingi vaqtda aholi murojaatlari bilan ishlash ijobiy tomonga o‘zgarayotgani sezilmoqda. Ammo hali-hanuz eski qoliplardan qutula olmayotganlar uchrab turibdi. Aslida takroriy murojaatlar vaqt yo‘qotilishi, masala chigallashuviga olib keladi. O‘z navbatida qonunlarga, hokimiyat vakillariga ishonchsizlik yuzaga keladi, bu davlat va jamiyatning olg‘a yurishiga to‘siq bo‘ladi.

Xo‘sh, takroriy murojatlarga nima sabab bo‘ladi o‘zi?

Avvalo, xatni olgan mas’ulning e’tiborsizligi bilan murojaat o‘rganilmasligi, javob xati berilmasligi, murojaatdagi masalalar bo‘yicha qonuniy tushuntirish yo‘qligi.

Ikkinchidan, fuqaroning murojaatiga mansabdorlarning tarafbozlik bilan munosabati, shunday paytda fuqaroni emas, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi.

Uchinchi sabab - qandaydir manfaat evaziga ko‘ra-bila turib qonunni buzgan tomonga yon bosilishi.

To‘rtinchisi - "yuqori"da turib, "quyi"dagilarni pisand qilmaslik, "Qayerga yozsang ham qo‘limga tushadi" qabilidagi munosabat. Shuni pesh qilib, murojaat egasiga bosim o‘tkazish, arizani "yopdi-yopdi" qilishga urinish.

Navbatdagisi - va’dabozlik. Haqiqatdan uzoq, yolg‘on javoblar berilishi.

Aslida bularning bari rivojlanishimizga xalal beradi. Xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqotni uzib qo‘yadi. Shu sabab ijro intizomini ta’minlashda o‘zibo‘larchilikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Rahmatillo MENGIROV, Qamashi tumani

INTERNETDAN ZARAR EMAS, FOYDA OLAYLIK

Ba’zi kishilar biror xabarni eshitishlari bilan hamma yoqqa tarqatishga shoshiladilar. Bundan odamlarga foyda bormi, zarar bormi, o‘ylab o‘tirmaydilar. Oqibatda turli-tuman yolg‘onlar, kishilar orasida kelishmovchilik yuzaga keladi.

Xususan, ayrim musulmonlar ham ezgu amallar qolib, "faloniy", "pistoniy" laqabli mutaassiblarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan ig‘volariga ishonib,  chalg‘ib yuribdilar.

Shu o‘rinda mutaassib guruhlarga tegishli internet saytlarini farqlab olish hamda bundan ogoh bo‘lish maqsadida, ularga taalluqli sahifalarning o‘ziga xos xususiyatlarini keltirsak:

ular sahifalarida va guruhlarida o‘zlarini yagona to‘g‘ri yo‘lda yuruvchilar deb hisoblab, targ‘ibotiga ergashmaganlarni kofir sanashadi;

iymon keltirmagan yoki boshqa dinga e’tiqod qiladigan har qanday kishini dushman deb aytishadi;

o‘zlarining jinoyatchi to‘daboshilaridan boshqa olimlarni qoralab, ularni haqoratlashadi va yomonotliq qilishadi;

davlat hokimiyatiga nisbatdan norozilik kayfiyatini uyg‘otish va mavjud kamchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatish orqali odamlarni vahimaga solishadi;

xalq bilan go‘yoki yaqinligini bildirish maqsadida odamlarning qiyinchiligi va tashvishlariga "sherik" qilib ko‘rsatishadi, aslida esa ularning diniy tuyg‘ularidan ustalik bilan foydalanishadi;

Xo‘sh, bunday fitna va xatolardan omonda bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Birinchidan, Alloh taoloning kuzatib turganini, U zot hamma narsadan voqif ekanini doim his qilib turish lozim.

Ikkinchidan, internetga muayyan vaqtlarda, o‘z oldiga muayyan vazifa va aniq maqsadni qo‘ygan holda kirish  kerak.

Uchinchidan, o‘zi aytayotgan, eshitayotgan, naql qilayotgan va o‘qiyotgan narsalar haqida ishonchli ilmga ega bo‘lish lozim.

Ta’kidlash joizki, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha diniy ta’lim muassasalari hamda viloyat va shahar vakilliklarining rasmiy diniy-ma’rifiy saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda kanallari muntazam yuritiladi. Ular orqali barcha diniy-ma’rifiy masalalarga asosli va aniq javob topish mumkin. Boshqa chet el saytlari va noma’lum kanallarga hech qanday muhtojligimiz yo‘q.

Azamat USMONOV,

Kasbi tumanidagi Fazli jome masjidi imom-xatibi