Jarayon 02.07.2019 2

Xatlar va hayot

Tahririyatimizga mushtariylardan keladigan xatlar, ijodiy mashqlar bitiklari oqimi har qachongidek bir zum susaygan emas. Ular gazeta sahifalaridan o‘rin olishi uchun muharrirlarimiz tomonidan jiddiy tahrir etiladi, sayqallanadi. Ayrimlari esa shunchaki mashq yoki hisobot uchungina yozilgan ish ekanligi bois, mushtariylar uchun ko‘pam qiziq emas. Biroq, bizning manzilga yo‘llangan har bir xat, undagi bitiklar doimiy e’tiborimizda.

BOLANING "IKKICHI"LIGIGA OVQATLANISH SABAB BO‘LADI... MI?

Odatda maktab yoki bog‘cha yoshidagi bolalarda erinchoqlik, xotira susayishi, darslarni o‘zlashtira olmaslik kabi belgilar ko‘zga tashlana boshlasa, buni turli sabablarga yo‘yamiz.

Biroq hamma ham anglab yetmaydigan jihat shuki, bu sabablarning asosiysi ovqatlanish tartibi bilan bog‘liq. Agar bola o‘z vaqtida va tartibli ovqatlanmasa, avvalo immuniteti kuchsizlanib boraveradi va unda erinchoqlik, xotira susayishi kabi belgilar namoyon bo‘la boshlaydi. Shunday ekan, bola qachon va qay tartibda ovqatlanishi kerak, degan savol tug‘iladi.

Bolani ovqatlantirish kun davomida 5 marta: nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, tushlikdan keyingi va kechki ovqat tarzida amalga oshirilsa, eng samarali hisoblanadi.  3-7 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisining bir sutka ichida energetik xarajatlari 1600-1900 kkalga teng bo‘lib, shundan 25 foizi nonushta va 15 foizi kechki ovqatlanish hisobidan qoplanadi.

Ota-onalar bolalariga yoshlikdan to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgatib borsalar, bu xususiyat ularning bir umr sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi va kuchli immunitetga ega bo‘lishlarini kafolatlaydi.

G.BEKMURODOVA

ASHULANI QO‘SHIQQA QORISHTIRIB YUBORMAYLIK

Yaqinda bir ko‘rsatuvda boshlovchi taniqli xonanda bilan suhbatlashayotib, unga "Qani bitta ashula eshitaylik" deya lutf qildi. Xonanda esa  uning iltimosiga binoan qo‘shiq ayta boshladi.

Xo‘sh, ashula bilan qo‘shiqning nima farqi bor, deysizmi?! Aslida ashula yakka xonanda yoki xonandalar guruhiga mo‘ljallangan, mumtoz o‘zbek musiqiy merosida asosiy o‘rin tutuvchi san’at yo‘lidir.

Sodda til bilan tushuntirganda, ashula asosan aruz vazndagi g‘azallarga bastalangan, keng diapazonli katta avjlarga, o‘zining qat’iy tuzilishiga ega musiqiy ijod namunasi. Odatda ashulaning kuylari qo‘yi pardalardan boshlanib, o‘rta va yuqori pardalarda rivojlanadi, so‘ngra dastlabki turg‘un tovushda nihoyalanadi.

Ashula janri uzoq tarixga ega bo‘lib, eng mukammal ko‘rinishlari Buxoro va Xorazm maqomlarining nasr (ashula) yo‘llari, Toshkent va Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan maqom yo‘llari, katta ashula janrida namoyon bo‘ladi.

Xo‘sh, qo‘shiqchi?..

Qo‘shiq keng ma’nodagi she’riy-musiqiy janrdir. U vokal musiqaning eng ommalashgan, katta avjlarga ega bo‘lmagan, kichik diapazonli, baland naqoratli janridir. Shuningdek, kuylashga mo‘ljallab to‘qilgan she’riy asarlarning umumiy ifodasi hisoblanadi.

Demakki, an’anaviy musiqa hamda vokal san’ati durdonalarini xalqimiz ongiga  singdirish, farzandlarimizning musiqiy bilimini boyitish uchun, eng avvalo, milliy ashulamiz, uning o‘ziga xos jihatlari haqida tasavvurga ega bo‘lishimiz lozim. Hatto    ommaviy axborot vositalarida ham bu ikki janrning bir-biridan sirayam farqlanmasdan qo‘llanilayotgani esa achinarli holatdir.

Yusuf YULDOSHEV,

Qamashi pedagogika kasb-hunar kolleji musiqa fani o‘qituvchisi

 

ZARGARLAR FERUZA TOSHINI NEGA QADRLASHADI?

Ma’lumki, ayrim zargarlik buyumlari nafaqat bezak sifatida, balki inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan vosita sifatida ham qadrlanadi. Buni ajdodlarimiz qadimdan bilishgan va mahalliy zargarlar turli taqinchoqlarni yasashda ana shunday elementlar, toshlar va qorishmalardan keng foydalanishgan.

Zargarlikda keng qo‘llaniladigan minerallardan biri feruza toshidir. "Dori-darmonlar xazinasi" asarida qayd etilishicha, feruzaga ozgina surma tekqizib ko‘z qovoqlariga ishqalansa, juda katta foyda bo‘larmish. Feruza toshiga erta tongdan turib qarash esa ko‘rish qobiliyatining yaxshilanishiga sabab bo‘lar ekan.

Qadimgilarning aytishlaricha, feruza toshi yiqilganda jarohat olishdan asragan, yurakni baquvvat qilgan hamda qo‘rquvdan   xalos etgan.

Shu bilan birgalikda, feruza toshining go‘zalligi, uning yorug‘ va yorqin rangi kishilarning bu mineralga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi. Ayni sabablarga ko‘ra ham sivilizatsiya tarixida qadimdan ma’lum bo‘lgan  boshqa hech bir mineral  feruzachalik yuqori o‘rin tutmagan.

Sohiba OCHILOVA,

Shahrisabz shahar Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi muzeyi bosh mutaxassisi

MUZQAYMOQ VA SALQIN ICHIMLIKLAR HAYOTINGIZGA XAVF SOLMASIN

Ma’lumki, issik kunlar boshlanishi bilan bozorlar atrofi hamda odamlar ko‘p to‘planadigan boshqa joylarda salqin ichimliklar va yeguliklar, jumladan, muzqaymoq, "mors" ichimligi savdosi avjiga chiqadi.

 Hozirgi kunda ko‘plab uddaburonlar qo‘lbola uslubda (frezer uskunasi yordamida) tayyorlangan yumshoq muzqaymoqni ko‘cha-kuyda, yo‘llar yoqasida, avtobus bekatlarida sotishmoqda. Ammo bu mumkin emas. Boisi, frezer uskunasi orqali tayyorlanayotgan muzqaymoqni faqat sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan turg‘un savdo shoxobchalaridagina sotishga ruxsat etiladi. Qadoqlangan muzqaymoq ham tegishli tartibda sanitariya-gigiyena ko‘rigidan o‘tgan joylarda, ishlab chiqarish qoidlariga qat’iy rioya qilingan holda tayyorlanishi lozim.

Bundan tashqari, muzqaymoq va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanadigan umumiy ovqatlanish, savdo subyektlari (kafe, restoran) xodimlari belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, xalat va qo‘lqoplar bilan ta’minlangan bo‘lishi shart. "Mors" ichimligiga ham shu kabi talablar qo‘yiladi. Yana bir jihati, "mors" sotishda faqat bir marta ishlatiladigan idishlardan foydalanish lozim. Bir idishdan ko‘pchilikning foydalanishi esa kasallik yuqtirib olish xavfini keskin oshiradi.

Shunday ekan, muzqaymoq yoki "mors" sotib olishdan oldin uning qayerda, qay holatda va qay tartibda sotilayotganiga e’tibor qaratsak, savdoda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinganligiga ishonchimiz komil bo‘lgandan so‘nggina uni olib iste’mol qilsak, o‘z sog‘ligimizni o‘zimiz asragan bo‘lardik.

A.XOLMURODOV,

Qarshi shahar DSENM ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi sanitariya vrachi