Jarayon 25.12.2018 235

XAVFSIZ TURIZM BILAN IJOBIY IMIDJ HAM OSHADI

Islohot va natija

XAVFSIZ TURIZM  BILAN IJOBIY IMIDJ HAM OSHADI

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 11 oyida viloyatimizga jami 80 xorijiy mamlakatdan 29 ming 982 nafar turist, 1 million 340 ming mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Albatta, sayyohlar oqimi ko‘payishida hududning turistik salohiyati yuqori ekani asosiy o‘rin tutsa, xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ham bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, bundan bir yil muqaddam, ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi qarori bilan yurtimizning qator tarixiy shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasi tasdiqlangandi. O‘tgan vaqt ichida qaror asosida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha vaziyat markazlari faoliyat boshlab, ular xavfsiz turizm holatini monitoring qilish, sayyohlarni bo‘lg‘usi xavf-xatarlar haqida real vaqt rejimida ogohlantirish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yordam berish bo‘yicha ish olib borayotir.

O‘z navbatida viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etilib, shaxsiy tarkib tanlov asosida, birinchi navbatda, chet tillarini biladigan xodimlar jumlasidan shakllantirildi. Ular ixtiyoriga 3 yengil avtomashina, 4 ta skuter va yana shuncha segvey foydalanishga berildi va bu faoliyatni tezkor hamda qulay olib borishda asqatayapti.

Bilamizki, qayerdaki turist o‘zini  bexatar his qilsa, o‘sha joyga odamlar oqimi ko‘payadi. Tahlillar joriy yilning 11 oyi davomida xorijiy turistlarga nisbatan yoki ular tomonidan jinoyat, ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilmaganini ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida xorij sayyohlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisa ham qayd etilmagan. Bunda namoyish obyektlari va ularga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar orasidan profilaktik hisobda turadigan yoki huquqbuzarlik sodir etishga  moyil shaxslar bilan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar ham yaxshi samara berganini ta’kidlash o‘rinli.

Shu bilan birga, 387 nafar xorijlik turist xavfsiz turizmni ta’minlash  boshqarmasi xodimlariga tibbiy yordam ko‘rsatish, yo‘qotilgan buyumlarni topib berish, yo‘nalish ko‘rsatish kabi masalalarda murojaat qilgan va so‘rovlarning barchasi ijobiy hal etilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda ayni paytda turistik infratuzilma obyektlarining umumiy soni 345 ta bo‘lib, muzey, ziyoratgoh, arxeologiya, arxitektura, monumental san’at yodgorliklari, diqqatga sazovor joylarni o‘z ichiga olgan madaniy meros manzillari, turistik namoyish obyektlari, eko-tabiat qo‘riqxona fondi sayyohlar e’tiboriga havola etilgan.

Tan olish kerak, faqat shular bilan xorijlik mehmon e’tiborini tortib bo‘lmaydi. Xizmat ko‘rsatish tizimi ham juda yuqori darajada bo‘lishi darkor. Ayni paytda sayyohlarga "E-mehmon" elektron tizimi yo‘lga qo‘yilgan 49 mehmonxona va oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritilgan 16 ta uy-mehmonxona xizmat ko‘rsatmoqda.

"E-mehmon" shunday tizimki, chet el fuqarosi yurtimizga kelgach, 30 daqiqa ichida veb-sayt, mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Tabiiyki, ortiqcha vaqt sarfi, turli tashvishlardan xoli bo‘lgan sayyoh O‘zbekistonda o‘z uyida yurgandek his qiladi o‘zini. Qolaversa, bu tizim yashash joyi xavfsizligini ta’minlash, mehmonxonaga joylashish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sohasida har bir mehmonxonada yetib kelgan sayyohlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi.

Sir emas, sharoit bo‘lmagan, xavfsizligi ta’minlanmagan joyga sayyoh qadamini ham bosmaydi. "Tourist-friendly" ("sayyohlarga do‘stona") tizimi esa turistik namoyish obyektlari hamda infratuzilmaning sanitariya normalariga, doimiy ravishda issiq suv, elektr ta’minoti rezerv tizimlari, videokuzatuv, xorijiy tillarni egallagan xodimlar, turli to‘lov tizimlari mavjud bo‘lishi to‘g‘risidagi talablarga va boshqa mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydi. Aniqroq aytsak, sharoiti bo‘lmagan joyga turist olib borilmaydi.

Tizim ichida yurgandan keyin sayyohlar nimani istayotgani aniq-ravshan ko‘rinadi. Shundan kelib chiqib, Shahrisabz shahar hokimligiga taklif kiritildi va unga asosan namoyish obyektlarida 3 ta axborot shoxobchalari o‘rnatilib, zaruriy jihozlar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, tegishli obyektlarga 132 ta videokuzatuv va shaxs qiyofasini identifikatsiya qilishga mo‘ljallangan 4 ta kamera o‘rnatildi.

Turistlarning mulki yo‘qolishi va talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida Amir Temur xiyoboni hududidagi namoyish obyektlari hamda ular atrofidagi savdo shoxobchalari, umumiy ovqatlanish joylari, pullik xizmat ko‘rsatuvchi elektromobillarga bir nechta xorijiy tilda "Shaxsiy buyumlaringizga hushyor bo‘ling, ularni qarovsiz yoki unutib qoldirmang!" mazmunidagi yozuvlar joylashtirildi. Sayyohlar bo‘ladigan hududlar egasiz hayvonlardan tozalandi.

Ko‘zda tutilgan yangiliklardan yana biri shuki, mobil ilova orqali sayyohlar mamlakatimizda bo‘lish qoidalari, viza va ro‘yxatga olish jarayonlari, diqqatga sazovor manzillar va yo‘nalishlar, shuningdek, yaqin ichki ishlar organi tayanch punktlari va tibbiyot muassasalari to‘g‘risida xabardor qilib boriladi. Unda sayyoh huquqni muhofaza qilish organlariga mushkul vaziyatga tushib qolganlik to‘g‘risida xabar yuborishi yoki o‘z mamlakatining konsullik idorasiga murojaat yozishi mumkin.

Jahon amaliyotidan ma’lumki, xavfsiz turizmning ta’minlanishi sayyohlar soni ko‘payishiga xizmat qilishi barobarida dunyo nigohida o‘sha mamlakat haqida ijobiy tasavvur uyg‘onishida ham muhim omil bo‘ladi.

Baxtiyor SAYFIYEV,

viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimi, mayor