Jarayon 09.08.2019 25

XIZMAT ITLARI ISHTIROKIDA 76 TA JINOYAT OCHILGAN

 Ko‘rik-tanlov

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan "Namunali pitomnik" hamda "Kinologiya xizmati a’lochisi" respublika ko‘rik-tanlovlari kinologiya xizmati xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Mazkur tanlovlarning bu yilgi yakuniy bosqichi Xorazm viloyati IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi bazasida o‘tkazildi.

Unda viloyatimizdan ham ichki ishlar organlarining tajribali kinologlari ishtirok etib, tanlov shartlariga ko‘ra turnikda tortilish, 100 va 3000 metr masofalarga yugurish, qo‘l jangi usullari, 50 metr masofaga suvda suzish, o‘q otish, saf tayyorgarligi hamda xizmat itlari bilan umumiy kurs mashg‘ulotlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Shuningdek, musobaqa qatnashchilari IIV meyoriy hujjatlari bo‘yicha test sinovlarini ham topshirishdi. Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov ishtirokchilarining har bir shart bo‘yicha chiqishlari baholab borildi.

E’tiborlisi, viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi huzuridagi kinologiya xizmati pitomnigi veterinariya xizmati boshlig‘i, serjant Ozodbek Suyunov "Kinologiya xizmati a’lochisi" ko‘rik-tanlovining o‘q otish turi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, instruktor kinolog, safdor Abror Xo‘janazarov faol ishtiroki uchun faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Boshqarma huzuridagi kinologiya xizmati xizmat itlari pitomnigi esa "Namunali pitomnik" ko‘rik-tanlovida  2-o‘ringa loyiq ko‘rilib, Ichki ishlar vazirligining faxriy yorlig‘i va kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlandi.

Qayd etish lozim, viloyat ichki ishlar organlari kinologiya xizmati xodimlari tomonidan shu yilning 7 oyi davomida xizmat itlari ishtirokida o‘g‘rilik bilan bog‘liq 41 ta, giyohvand moddalar bilan bog‘liq 22 ta, qotillikka doxil 9 ta, talonchilik bilan aloqador 3 ta va boshqa holatlar bilan bog‘liq 1 ta jinoyat ochilgan.

B.SAYFIYEV