Jamiyat 17.09.2019 57

XOM-XATALA TAFTISH KELTIRGAN TASHVISH

Inson va qonun

Xo‘jaabdujabborlik Saxiddin Iboyev hali 30 yoshga to‘lmay Chiroqchidagi kasb-hunar kolleji direktori vazifasiga tayinlanarkan, o‘z oldiga qator maqsadlar qo‘ygani aniq. Ushbu maqsadlari o‘zgalar nazdida ham ishonchli tuyulganki, uni xalq deputatlari tuman kengashi deputatligiga saylashgan.

To‘g‘ri, yosh yigit uchun yuzlab o‘quvchi va o‘qituvchiga boshchilik qilish u qadar oson kechmagan, biroq shu orada unga budjet mablag‘larini talon-toroj qilish aybi qo‘yilib, ish sudga oshirilgani jamiki niyatlarning oyog‘ini osmondan qildi.

Dastlabki tergov ham ko‘p kuttirmadi: uni kollej hisobchisi bilan til biriktirib, ikki qorovulga 253 ming so‘m oshiqcha ish haqi to‘laganlikda ayblashdi. Shuningdek, dars soatlarini o‘tmagan ayrim o‘qituvchilarga 313 ming so‘m ko‘p ish haqi yozilgani, ijtimoiy-gumanitar fanlar o‘qituvchisi Z.Sabinovaning farzandi o‘qishi uchun o‘tkazilgan pul o‘z vaqtida ushlanmagani natijasida 100 ming so‘m oshiqcha ish haqi to‘lab berilgani ham qog‘ozga tirkaldi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-avgustdagi "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga amal qilmasdan, direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga 1 million 592 ming, o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga ham shuncha, bir o‘qituvchiga ikki marta 838 ming so‘mdan, kutubxonachiga 514 ming, xazinachiga 354 ming, maxsus komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqilmagan va direktorning buyruqlar kitobida qayd etilmagan bo‘lsa-da, yotoqxona komendanti, chilangar va boshqa o‘qituvchilarga yo‘q joydan pul berilib, jami 9 million 335 ming so‘m pul "havoga sovurib" yuborilgani ham ayblov hujjatlaridan joy oldi.

Biroq sudda direktorning o‘zi aytilganlarning birortasiga qo‘shilmasligini, chunki dalolatnomada dars soatlari o‘tilmagan deb ko‘rsatilgan barcha holatlar bo‘yicha o‘qituvchilar tomonidan haqiqatda dars soatlari o‘tilgani, tekshirish vaqtida bu bo‘yicha o‘qituvchilardan tushuntirish xatlari olinmagani, o‘sha paytda (2015-yil nazarda tutilmoqda) paxta mavsumi bo‘lgani bois o‘tilgan darslar jurnallarga yozilmay qolgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, dalolatnomada oshiqcha to‘langan deb ko‘rsatilgan rag‘batlantirish va moddiy yordam pullari ham maxsus komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, komissiya qaroriga asosan alohida o‘rnak ko‘rsatgan va ma’lum yutuqlarga erishgan xodimlarga tayinlangani, buni komissiya a’zolari hamda o‘qituvchi va xodimlar tasdiqlashi mumkinligi, ammo tekshirish davomida ularning birortasidan bu haqda so‘ralmagani va tushuntirishlar olinmagani, ayni paytda, rag‘bat va moddiy yordam pullaridan manfaatdor bo‘lmaganini aytdi.

Tuman prokuraturasining hujjatli taftish tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga asosan kollejda taftish o‘tkazgan, viloyat nazorat-taftish boshqarmasi hisobchi-taftishchisi A.Nuraliyev esa oshiqcha ish haqi to‘lash haqidagi dalolatnomada ko‘rsatilgan holatlarni tushuntirib bera olmasligini, chunki ushbu holat o‘rganishga jalb qilingan tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari tomonidan aniqlangani, ular buni o‘zlarining dalolatnomasiga ko‘chirib qo‘ya qolganliklarini bildirdi.

 Qorovullarga to‘langan ish haqidagi ma’lumotni esa moliya bo‘limi o‘rgangan, taftishchilar buni ham shunchaki ko‘chirib olgan ekan, xolos.

Qizig‘i, moddiy yordam pullari bo‘yicha tegishli hujjatlar, ya’ni maxsus komissiyaning yig‘ilish bayoni hamda qarori taqdim etilmagani sababli moddiy yordam pullari noto‘g‘ri to‘langan, deb ko‘rsatilgan.

Ko‘rinib turibdiki, kollejda kamchilikka yo‘l qo‘yilgan, faqat bunga kollejdagilar emas, taftishchilar yo‘l qo‘ygan. O‘zlari-ku tekshirishni ko‘ngildagiday o‘tkazmay boshqalarni aybdor qilishga uringanlari qiziq.

Yana bir e’tiborga molik jihati, tuman moliya bo‘limi mutaxassisi Z.Xushmurodov ikki qorovulning ishga kelib-ketganligi haqidagi hujjatlar taqdim etilmagani sababli ularga ish haqlari noto‘g‘ri to‘langan deb ko‘rsatilgani, ammo bu holatlar bo‘yicha qorovullardan tushuntirish xatlari olinmagani, chunki o‘sha  vaqtda tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish hujjatlari tezda so‘rab olib qo‘yilgani sababli tekshirish o‘z yakuniga yetmay qolgani hamda ma’lumotnoma bilan kollej direktori va boshqa mas’ul xodimlari tanishtirilmagani, ular tomonidan imzolanmasdan qolib ketganini bayon qildi.

Tekshirish xom-xatala bo‘lgani unga jalb etilgan xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi iqrorlarida ham o‘z aksini topdi.

Ma’lumki, Oliy sud plenumining 2004-yil 21-maydagi "Jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qo‘llashning ayrim masalalari haqida"gi qarorida takroran sodir etilgan talon-torojni kvalifikatsiya qilishda barcha epizodlar bo‘yicha aniqlangan umumiy talon-toroj summasi emas, balki zarar miqdori eng ko‘p bo‘lgan epizod bo‘yicha talon-toroj summasi asos qilib olinishi kerakligi haqida tushuntirish berilgan.

S.Iboyev tomonidan takroran sodir etilgan talon-toroj summasining eng ko‘p miqdori 2-ayblov epizodi bo‘yicha 5 million 732 ming so‘mni tashkil etadi.

Jinoyat kodeksi 13-moddasi 2-qismida qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega, ya’ni ushbu qonun kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan, jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan hisoblansalar, tatbiq etiladi, deb ko‘rsatilgan.

S.Iboyev tomonidan takroran eng ko‘p miqdorda talon-toroj qilingan deb hisoblangan 5 million 732 ming so‘mlik budjet mablag‘lari avvalgi eng kam oylik ish haqi qiymati (202 ming 730 so‘m)dan kelib chiqqanda, eng kam oylik ish haqining 30 baravarini tashkil etmaydi va bugungi kunda jinoyat tarkibini bermaydi.

Bundan tashqari, tergov organi tomonidan S.Iboyev Jinoyat kodeksi 209-moddasida nazarda tutilgan mansab soxtakorligi jinoyatini sodir etganlikda ham ayblangan bo‘lsa-da, biroq uning ushbu jinoyatni qasddan, hisobchi bilan til biriktirib, g‘araz yoki boshqa past niyatlarda sodir etganini tasdiqlovchi birorta dalil mavjud emas. Bu holat sudda so‘ralgan guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan ham o‘z tasdig‘ini topmadi.

Biroq, dastlabki tergov organi mazkur qonun talabiga rioya etmasdan, ishga bir tomonlama, faqatgina S.Iboyevni ayblash nuqtai nazaridan yondashib, yetarlicha dalillar mavjud bo‘lmasa-da, shubha va taxminlarga asoslanib, xulosaga kelgan.

Vaholanki, tergov organi kollej direktoriga Jinoyat kodeksi 167-moddasi 2-qismi "b, v, g" bandlari va 209-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan ayb e’lon qilgan bir holatda, u bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib jinoyat sodir etganligi ko‘rsatib o‘tilgan kollej hisobchisiga nisbatan jinoyat ishining qismini uning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli tugatish va unga nisbatan ma’muriy javobgarlikka doir ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Xuddi shuningdek, S.Iboyev ayblangan epizodlar bo‘yicha kollej maxsus komissiya a’zolarining hamda ortiqcha to‘lov amalga oshirilgan o‘qituvchi va xodimlarning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli ishning ularga oid qismi ham harakatdan tugatilgan.

Oliy sud plenumining 2014-yil 23-maydagi "Sud hukmi to‘g‘risida"gi qarorida ishda to‘plangan dalillarning yetarli emasligi, dalillar qonunga zid ravishda olinganligi sababli ular dalil hisoblanmasligi yoki qo‘yilgan ayblovda sudlanuvchining to‘liq aybdorligi to‘g‘risidagi shubhani bartaraf qilishning imkoni yo‘qligi haqidagi sudning asoslantirilgan xulosasi oqlov hukmi chiqarish uchun asos bo‘ladi, deyilgan.

Shunga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining ochiq sud majlisida kollej direktorining harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi bois u aybsiz deb topildi. Mazkur ishda ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa-da, davlat budjetiga yetkazilgan zararlar to‘liq qoplangani hamda ushbu huquqbuzarliklar sodir etilganidan buyon Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks  36-moddasida nazarda tutilgan bir yillik javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli, ma’muriy javobgarlikka doir ish qo‘zg‘atish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblandi.

Albatta, qorani oqlashdan ko‘ra oqni qoralash oson. Taftishchiyu tergovchilar ishning osonini ko‘rishdi, yo‘q joydan bir kishini qora qilib qo‘yaqoldi. Keyingi islohotlar samarasida yangilanishga yuz burayotgan sud esa adolatni tikladi, yakka shaxslar istagi, kayfiyatiyu ish uslubini emas, qonun ustuvorligini ta’minladi. Demak, sohada o‘zgarishlar bor.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi materiallari asosida N.XO‘JAYEV tayyorladi.