Iqtisodiyot 18.12.2018 57

XORIJ TEXNOLOGIYASI ASOSIDA MILLIY MAHSULOT ISHLAB CHIQARILMOQDA

Sanoat

XORIJ TEXNOLOGIYASI ASOSIDA MILLIY MAHSULOT ISHLAB CHIQARILMOQDA

Qashqadaryoda shu vaqtgacha yuqori darajadagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha birorta ham zamonaviy quvvat tashkil etilmagan. Vaholanki,  viloyatimizda qariyb 3 million kishilik yirik iste’mol bozori bor, bu degani, sifati qoniqarli, raqobatbardosh bo‘lsa, ushbu hududda hech bir tovar sotilmay qolmaydi. Davlatimiz rahbari bultur viloyatga tashrif buyurganida ham ayni jihatni e’tiborga olib, aholining zarur maishiy texnika jihozlariga bo‘lgan talabini ichki imkoniyat hisobidan qoplash kerakligi, buning uchun salohiyat mavjudligini ta’kidlagandi. Tashabbuskor tadbirkorlarga esa shu yo‘nalishda mahsulot tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif berilgandi.

Oradan bir yil o‘tib esa mazkur tashabbus samarali ro‘yobga chiqishi ta’minlandi. Mahalliy ishbilarmonlar sa’y-harakati bilan vohada birinchi marta zamonaviy televizor ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ishga tushirildi. Ushbu korxona joylashgan Qarshi tumanidagi joy 10 yildan ortiq vaqt mobaynida qarovsiz yotgani, istiqbolli loyihani amalga oshirish sharti bilan bu davlat mulki obyekti investorga berilgani ham alohida ahamiyatga molik. Ilgari qishloq xo‘jaligi maqsadida foydalanilgan mazkur bino qisqa davrda butkul yangilandi, talablar asosida ta’mirlanib, ishlab chiqarish jarayoniga moslashtirildi.

E’tiborlisi shundaki, bu faoliyatni tashkil etishga sohadan umuman yiroq kishilar emas, balki shuning ichida yurgan tadbirkorlar bel bog‘ladi. Uzoq yillar maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullangan bu ishbilarmonlar ishni avvalo rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganishdan boshlashgan.

- Shu paytgacha televizor sotgan bo‘lsak-da, turgan gapki, uni ishlab chiqarish biz uchun yangilik, - deydi "O‘zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi "Biss electronics system" mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Shuhrat Muratov. - Shu sababli jarayon bilan yaqinroq tanishishga ahd qilgandik. Joriy yil boshida bu borada dunyoda yetakchi sanalgan xorij mamlakatiga bordik. U yerdagi maishiy texnika ishlab chiqaruvchi 30 ga yaqin kompaniya ishini ko‘zdan kechirdik. Qiymati 8 million AQSH dollariga teng uskuna xarid qilish istagi ham tug‘ilgandi. Ammo yirik liniyani olib kelib, valyutani behuda sarflagandan ko‘ra, uning ma’lum bir qismini xarid qilishni ma’qul ko‘rdik. Negaki televizor uchun kerakli ehtiyot qismlarning muayyan turlari mamlakatimizda ham tayyorlanmoqda. Shu tariqa mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya asosida hamkorlik qilishni boshladik. Bu esa mahsulot tannarxi maqbullashishiga xizmat qildi. 3 oy avval mazkur quvvatni ishga tushirishga erishdik.

Tadbirkorning aytishicha, bugungi kunda ayrim turdagi detallar, xususan, termoplast, karton qog‘ozi, plata va boshqa butlovchi mahsulotlarni mamlakatimizdagi korxonalar  yetkazib bermoqda. Natijada tayyor mahsulot tarkibida mahalliy xom ashyo ulushi 30 foizga yetgan. Televizorni ishlab chiqarishda 7 turdagi usb-kabellaridan foydalaniladi. Uni ham mahalliylashtirish imkoni mavjud. Ishbilarmon buning uchun qo‘shimcha ishlab chiqarishni  yo‘lga qo‘yish niyatida.

Korxonaning muvaffaqiyatli ishga tushishida tijorat banki krediti ham ancha qo‘l kelgan. Joriy yil may oyida moliya muassasasi tomonidan bu loyihaga 3 milliard so‘m miqdorida sarmoya kiritilgan. Ushbu mablag‘ evaziga xorijdan yig‘ish liniyasi va sinov apparatlari, 8 ming dona televizor ishlab chiqarishga yetuvchi butlovchi qismlar keltirilgan. O‘z navbatida mulkdorlar ham o‘z yonidan yana shuncha investitsiya xarj qilishgan.

- To‘g‘ri, bir qarashda bu yo‘nalishda raqobatga dosh berish qiyindek tuyuladi, chunki bozorning asosiy qismini import tovarlar egallagan, - deydi korxona direktori Sardor G‘aybullayev. - Biroq mahsulotimizning ko‘rsatkich darajasi yuqori ekani ham bizga bunda ustunlik bermoqda. Birinchi galda uni ishlab chiqarishda Yaponiya texnologiyasiga murojaat qilganmiz. "Philips" va "LG" singari tan olingan kompaniyalar bilan hamkorlik qilayapmiz. Televizorga o‘rnatilayotgan asosiy detallar shu brendlarga tegishli. Qolaversa, mahsulot tannarxi pastligi ham uning xaridorgirligini ta’minlayapti. Hozirgacha 3 ming dona LED-televizor realizatsiya qilingani ham buning tasdig‘i bo‘la oladi. Bugungi kunda bir qancha viloyatlarda dilerlarimiz ham bor. Asosiysi, iste’molchiga import o‘rnini bosuvchi mahsulot taklif eta olayapmiz.

Albatta, yuqori texnologiyani boshqarish uchun ham malakali mutaxassislar talab qilinadi. Korxona rahbariyati avvaldanoq buning chorasini ko‘rgan. Sohaga yaqin mutaxassislik bo‘yicha tahsil olgan yoshlar ishga jalb qilingan. Ularni bir oy davomida xitoylik mutaxassislar o‘qitgan. Hozirda korxonada 40 ga yaqin yosh yigit-qiz mehnat qilmoqda.

- Qarshi axborot texnologiyalari kollejini kompyuter muhandisligi texnigi yo‘nalishi bo‘yicha shu yil tamomladim, - deydi Lobar Zokirova. - Bu yerga ishga kirganimga esa 3 oy bo‘ldi. Zarur ko‘nikmani egalladim. Mahsulotni konveyyer usulida yig‘amiz. Har bir ishchi  ma’lum detallni o‘rnatishga mas’ul. Kuniga 100 dan ortiq televizor ishlab chiqaramiz. Hozir esa diagonali 32 dyuym ekranli televizorni ishlab chiqarayapmiz. Mamlakatimiz aholisi qo‘liga yetib borayotgan ushbu yuqori texnologiyali mahsulotda kichik bo‘lsa-da, hissam bor ekanidan xursandman.

Korxona rahbariyatining bildirishicha, bugungi kunda televizorning faqat ikki turi - 32 va 43 dyuym ekranlisini barqaror ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Mavjud quvvat esa oyiga 4500 dona mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. 2019-yilda bu turdagi maishiy texnikaning yana 2 xili - ekrani 50 va 55 dyuymlisini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu mahsulotlarni "smart-tv" aqlli qurilmasi bilan jihozlash ham reja qilingan. Yana bir jihati, mazkur tadbirkorlik subyekti tomonidan boshqa bir elektrotexnika jihozi – zamonaviy changyutgichlarni yig‘ishga ham kirishilgan. Mahsulotning dastlabki partiyasi allaqachon xaridorlarga yetkazib berilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ayni vaqtda viloyatimizda "O‘zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi 2 ta korxona faoliyat yuritmoqda, xolos. Albatta, bu vohamiz iste’mol bozori uchun kamlik qiladi. Haligacha hududda elektrotexnika sanoatining muhim yo‘nalishlari tashkil etilmagan. Kompaniya matbuot xizmati rahbari Namoz Tolipovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida bu borada ham faol ish olib borish belgilangan. Jumladan, chet ellik investorlar bilan hamkorlikda bir qancha loyihalarni hayotga tatbiq etish mo‘ljallangan. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish uchun xorijlik ishbilarmonlarga viloyatimizdagi bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari taklif qilinmoqda. Agar bu tashabbuslar ham amalga oshsa, hudud iqtisodiyotida sanoatning mazkur tarmog‘i ulushi yanada ortishiga umid qilish mumkin.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.