Tibbiyot 13.08.2019 26

XOTIRANGIZDAN SHIKOYATINGIZ BORMI?

Fan va turmush

Ko‘pchilik 60 yoshdan oshgandan keyin (ayrimlarda undan 5-10 yil oldin ham) eshitgan, ko‘rgan, o‘qigan narsalarini esda saqlab qolishi, ya’ni xotirasi yomonlashganidan shikoyat qiladi. Bu holat maxsus nerv markazlari tomonidan qabul qilingan ma’lumotlarning tegishli vaqt saqlanishi va qayta tiklanishi bilan bog‘liq murakkab fiziologik, biokimyoviy, biofizikaviy va psixologik jarayonlarning buzilishi natijasida kelib chiqadi.

Umuman olganda, inson miyasi tomonidan biror narsani xotirada saqlab qolish va uni kerak bo‘lganida qayta tiklash fanda oxirigacha hal qilinmagan masalalardan biridir.

Bu o‘rinda miya faoliyatini o‘rganish bo‘yicha xalqaro Nobel mukofoti sohibi, fiziolog olim Ivan Petrovich Pavlovning "Men shuncha yillar davomida miyani o‘rganib unga faqat kirish va chiqish borligidan boshqa narsani ko‘rmadim", deganini eslash kifoya.

Aytib o‘tish joizki, xotiraning kuchi, uning saqlanish muddatlari, qayta tiklanib ma’lum xulosa va tushunchalarga olib kelishida nasldan-naslga o‘tib keluvchi genetik omillar muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, teng yoshdagi kishilarning biri eshitgan, ko‘rgan narsalarini uzoq vaqt yodida saqlab qolsa, o‘qigan she’rlarini tez yodlab, til o‘rganishga chechan bo‘lsa, boshqasida bunday qobiliyatlar kuchsizroq. Lekin har qanday odamda ham yosh o‘tib borishi bilan dismneziya (xotiraning to‘zg‘ib ketishi), amneziya (xotiraning yo‘qolishi), demensiya (zehnning pasayishi) kabi holatlar kuzatila boshlaydi. Bu muammolarga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, kun kelib alsgeymer (xotiraning yo‘qolib odam o‘z uyini, yaqin kishilarini taniy olmasligi, ismi-sharifini esdan chiqarib qo‘yishi va hokazo) yoki parkinson (muskullar tarangligi, harakatning kamayishi, qo‘l-oyog‘ining titrashi, nutqning buzilishi) xastaliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, bunday holatga uchramaslik, ya’ni xotira susayishining oldini olish uchun nima qilish kerak?

Avvalo, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ya’ni jismoniy faollik bu borada muhim ahamiyat kasb etishi tadqiqotlarda isbotlangan.

Xotira nerv hujayralari va ulardan tashkil topgan yadrolarning funksiyasi hisoblanib, eslab qolish darajasi ularning kislorod va tegishli oziq moddalari bilan ta’minlanish darajasiga bog‘liq. Miyada qon yetarli harakat qilmasa (bunday holatlar davomli kamharakatlilik, ya’ni gipodinamiya, kuchli asabiylashish tufayli qon tomirlari toraysa yoki ularning yosh bilan bog‘liq elastikligi kamaysa), nerv hujayralariga yetarli kislorod, oziq moddalar yetib bormaydi. Natijada nerv hujayralari faoliyati buzilib, esda saqlash qobiliyati yomonlashadi.

Hammaga ma’lumki, endi uyqudan turganingizda xotira bilan bog‘liq funksiyalar, masalan, biror voqea-hodisani aniq, ravshan aytib berish, tasvirlash ancha qiyin bo‘ladi. Chunki odam uzoq vaqt qimirlamasdan yotganida miyaga qon borishi kamayadi, shu bois nerv markazlari ishida susayish kuzatiladi. Kishi o‘rnidan turib harakat qila boshlagach (badantarbiya, yuz-boshlarini silab- siypalash, yuvinish va hokazo) miyada qon aylanish meyoriga kelib, voqea-hodisalar batafsilroq esga tushadi. Yoki uyqudan keyin aqliy qobiliyatning ma’lum darajada kuchayishi ham miyada qon aylanishining (u dam olganidan keyin) yaxshilanishi bilan bog‘liq. Shuning uchun har kim yoshi, jinsi, kasbini hisobga olgan holda ma’lum jismoniy faollikni kanda qilmasligi muhim.

O‘tkazilgan kuzatuvlarda shu narsa tasdiqlanganki, jismoniy faol, domiy ravishda gipodinamiya elementlariga qarshi kurashib keladiganlarda xotira bilan bog‘liq nuqsonlar boshqalarga nisbatan bir yarim, ikki marta kam uchrar ekan. Shuning uchun xotira kuchsizlanib qolishining oldini olishda har kuni badantarbiya mashqlarini kanda qilmaslik, hech bo‘lmaganida oddiy yurish bilan mashg‘ul bo‘lib turish juda yaxshi samara beradi. Mashg‘ulotlarning miqdori, davomiyligi hamda tezligi har kimning yoshi, jinsi va organizmining fiziologik xususiyatlariga qarab mutaxassis-vrachlar tomonidan aniqlab beriladi.

Bosh miya nerv markazlarining tegishli oziq moddalari makro  (oqsillar, yog‘lar, uglevodlar) va mikronutriyentlar (vitaminlar, minerallar, biologik faol moddalar) bilan qanday ta’minlanishi ham muhim hisoblanadi.

"Unday bo‘lsa, yeyish-ichishdan kamchiligi yo‘q odamlar orasida yosh ulg‘ayishi bilan xotiraning yomonlashib borishini qanday tushunish mumkin?" degan savol tug‘ilishi ham tabiiy.

Albatta, hamma vaqt ham mazali, xushta’m taomlar iste’mol qiladigan odamlar ovqatdan barcha kerakli oziq-ovqat komponentini oladi, deb aytish yaramaydi. Chunki bunday ovqatlar kuchli texnologik qayta ishlash yo‘li bilan tayyorlanadi. Natijada ulardagi tabiiylik tamoman yo‘qolib, ko‘pgina foydali xususiyatlari keskin kamayib ketadi.

Boz ustiga, ularning organizm uchun zarari ham bisyor. Ya’ni bunday taomlar odatdagiga qaraganda ko‘p miqdorda yeyiladi, shunga yarasha tanada semirish kuzatiladi. Oshiqcha vaznning paydo bo‘lishi esa, o‘z navbatida, davr kasalliklarni (yurak-qon tomirlari kasalliklari, qandli  diabet, ateroskleroz va boshqalar) keltirib chiqaradi. Bu hol miyadagi mayda kapillyar tomirlardagi qon harakati yomonlashuviga ham olib kelib, natijada nerv markazlari, aytib o‘tganimizdek, eng kerakli moddalarga muhtojlik sezadi.

Shundan kelib chiqib ta’kidlash joizki, yosh oshib borgan sari xotira yomonlashuvi bilan bog‘liq xastaliklarning oldini olishda sog‘lom ovqatlanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda kundalik ratsion tarkibida semiz bo‘lmagan mahalliy qoramol, dala sharoitida boqilgan qo‘y, kurka, tovuq go‘shtlari, yog‘li dengiz balig‘i, o‘simlik, yong‘oq, pista yog‘lari yetarli miqdorda bo‘lishi asqatadi.

Kishi keksayib borishiga qaramasdan xotiraning yomonlashishini to‘xtatish yo‘lida yana bir muhim tadbir miyani mashq qildirishdir. Tanadagi har qanday a’zo, jumladan, bosh miya ham doimiy ravishda faol ishlab turmasa, asta-sekin morfofunksional jihatdan kuchsizlanib, ya’ni kichiklashib boradi.

Olib borilgan ko‘pgina tadqiqotlarda shu narsa aniqlanganki, aqlan faol odamlarda boshqalarga nisbatan xotira ancha kuchli bo‘lar ekan. Shu bois ham kishi yoshi ulg‘aygani sari shaxmat o‘yini, unchalik murakkab bo‘lmagan matematik hisob-kitoblarni kalkulyatorsiz bajarish, til o‘rganish, she’r yodlash, kitob o‘qib undagi voqealarni boshqalarga aytib berish kabi amallar bilan ko‘proq shug‘ullansa, xotirasi mustahkamligini yaxshi saqlash uchun asqatadi. Ya’ni, bunday mashqlar bosh miyadagi xotira bilan bog‘liq nerv hujayralari markazlarining bir-biri bilan faollashib ishlashini rag‘batlantiradi, natijada biron narsani eslab qolish, oldin bilgan narsalarni e’tirof etish, fikr yuritib, ma’lum masalalarni yechish oson kechadi. 

Xotirangizdan shikoyatingiz bormi? Marhamat, aytganlarimizni o‘zingizda sinab ko‘ring!

Shoniyoz QURBONOV, 

biologiya fanlari doktori, professor 

Gulnoza BURANOVA,

fiziolog