Iqtisodiyot 05.07.2019 138

YAKKABOG‘NING TABIIY SHARBATLARINI XORIJLIKLAR HAM SEVIB ISTE’MOL QILADI

Qashqadaryo va dunyo

Mamlakatimizda meva-cheva, sabzavot va poliz mahsulotlari shu darajada ko‘p yetishtiriladiki, oxirgi 4-5 yilda pishiqchilik davrida bozorlarda mahsulot tanqisligi deyarli kuzatilmayapti. Aksincha, ichki iste’moldan orttirib, bir qismini tashqi bozorga chiqarishga ham to‘la imkoniyat bor. Birgina viloyatimizda bultur 480 ming tonnadan ortiq sabzavot, 170 ming tonnadan ko‘p poliz, yana shuncha meva hosili yig‘ib olingani ham fikrimiz tasdig‘idir. E’tiborlisi, bu noz-ne’matlarni nafaqat tabiiy holda sotish, balki sanoat usulida qayta ishlab, tayyor mahsulot ko‘rinishida xaridorga taqdim etish mumkin.

Ilgari bu borada unchalik ham maqtana olmagan bo‘lsak, so‘nggi paytda kam bo‘lsa-da, ushbu xom ashyoni qayta ishlashga yo‘naltirish salmog‘i imkon qadar oshayotgani kishini xursand qiladi, albatta. Bu esa vohamizda shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi zamonaviy quvvatlar soni asta-sekin ko‘payayotgani bilan bevosita bog‘liq.

Bog‘dorchilik yaxshi rivojlangan Yakkabog‘ tumanida ham bunday korxonalar hozirda bir nechtani tashkil etadi. Shulardan biri "Delta muhandis" mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lib, mazkur tadbirkorlik subyekti tomonidan 3 yil avval 100 ming AQSH dollaridan ziyod investitsiya evaziga istiqbolli loyiha amalga oshirilgandi. Yevropa mamlakatlaridan keltirilgan zamonaviy uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan korxona asosan tabiiy sharbat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

- O‘rtacha quvvat bilan ishlayapmiz, yiliga 4 ming tonnagacha tayyor mahsulot olish imkonimiz mavjud, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Alisher Xudoyorov. - O‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi 3 ming tonnaga yaqin bo‘ldi. Bu jarayondagi asosiy yangilik shuki, oldin tabiiy sharbatni faqat 3 va 5 litrli idishlarga qadoqlayotgandik. Yaqindan boshlab mahsulotimiz 0,5 va 1 litrli qadoqlarda ham chiqayapti. Sharbat turi 5-6 xil bo‘lib, asosan olma, sabzi, qovoq, lavlagi qo‘shib tayyorlanadi. Mahsulot meva-sabzavot suvi siqib olinishidan hosil bo‘ladi. Shu orqali uning tabiiyligi saqlanadi. Sharbatlarimiz asosan ichki bozordan ortmayapti. Ahamiyatlisi, o‘tgan yili mahalliy  eksportyorlar yordami bilan mahsulotimiz xorijlik iste’molchilarga ham yetib bordi. Jami hajmi yarim tonna atrofidagi tabiiy sharbat Afg‘oniston va Rossiyaga eksport qilingan. Endilikda xorijiy bozorlarni zabt etish bilan o‘zimiz jiddiy shug‘ullanish maqsadidamiz.

Ish boshqaruvchining bildirishicha, korxona tasarrufida atigi 2 gektar bog‘ bor, xolos. Albatta, bu bilan mavjud quvvatlarning barqaror ishlashini ta’minlab bo‘lmaydi. Shu bois zarur xomashyo mahalliy fermer va bog‘bonlardan xarid qilinayapti. Kelgusida tuman hududida 10 gektar joyda intensiv bog‘ barpo qilish ham rejalashtirilgan. Yana bir jihati, bu yerda boshqa bir loyiha ham ro‘yobga chiqarilmoqda. Umumiy qiymati 300 ming AQSH dollaridan oshuvchi ushbu tashabbus doirasida tez orada deraza-romlar uchun qo‘shimcha alyumin profilli detallar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Xorijiy kredit liniyasi ko‘magida amalga oshirilayotgan loyiha qo‘shimcha 20 nafar kishi bandligini ta’minlashga sharoit yaratadi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joiz, joriy yilning dastlabki 5 oyida viloyatimizdan xorijga qiymati 16 million 118 ming dollarlik 20 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot eksporti amalga oshirilgan. Eksport geografiyasida asosiy ulush Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Mirzohid JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.