So'nggi yangiliklar 02.08.2019 35

Yakkabog‘ tumaniga yangi hokim tasdiqlandi

Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida hokimlik mulozimi va mahalliy tadbirkor o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro ortidan ishdan olingan Yakkabog‘ tumani hokimi Shohmurod Donayev o‘rnini viloyat hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri Abdirasul Safarov egalladi.

Tashkiliy masala 31-iyul kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi. Unda viloyat hokimining  Abdirasul Safarovni tuman hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.

Sessiyada viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

Eslatib o‘tish joiz, Abdirasul Safarov asli yakkabog‘lik bo‘lib, avval bir muddat hududda tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

O‘z muxbirimiz

P.S. Avvalroq, Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini buzishga urinishi va mulkdorning bunga  qarshilik ko‘rsatib mulozimga o‘t qo‘ygani xabar qilingan edi. Holat o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqilgach, tuman hokimi Shohmurod Donayev bilan birga prokuror Jamshid Xalilov ham egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi. Mansur Tuymayevga nisbatan esa o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.