Ta'lim 13.08.2019 24

"YAKKABOG‘ YULDUZCHALARI" PORLAMOQDA

Maktabgacha ta’lim

Mamlakatimizda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etish istagini bildirgan ishbilarmonlar qo‘llab-quvvatlanib, ular uchun keng imkoniyatlar yaratilishi natijasida sohaga sarmoya kiritish taklifi bilan chiqayotgan tadbirkorlar safi ortib borayapti. Shunga monand, chekka-chekka hududlarda zamonaviy bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yakkabog‘ tumanining Uchtepa mahallasida davlat - xususiy sherikchiligi asosida ish boshlagan  yangi maktabgacha ta’lim muassasasini "Yakkabog‘ yulduzchalari" deya nomlashibdi. Bu yerda bolajonlar uchun keng shart-sharoitlar yaratilgan.

- Muassasamiz 100 o‘ringa mo‘ljallangan, - deydi bog‘cha mudirasi Barchin Toshtemirova. - Joriy yilning iyul oyida ish boshlaganimizga qaramay, hozir tarbiyalanuvchilarimiz soni 50 nafardan oshdi. Har kuni ko‘plab ota-onalar farzandlarini olib kelishayapti. Ular ishonchini oqlash, bolajonlarga boshlang‘ich bilimlarni berish bilan bir qatorda, xorijiy tillarni o‘rgatish, san’at va sportga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishga asosiy e’tiborni qaratmoqdamiz.

Ayni paytda muassasaga 5 nafar malakali tarbiyachi jalb etilgan. Bolajonlarga ingliz va rus tillarini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, suzish va badiiy gimnastika to‘garaklari ishlab turibdi. Kelgusida ular sonini yana bir nechtaga ko‘paytirish  rejalashtirilgan.

 Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.