So'nggi yangiliklar 23.08.2019 6

YANA IKKITA GAZ KONI TOPILDI

Sanoat

Xabaringiz bor, shu yilning 10-avgustida "Epsilon" kompaniyasi  Muborak tumanidagi Bahoriston tuzilmasida neft va gaz kondensati konini ochgandi. E’tiborlisi, 18-19-avgust kunlari kompaniya mutaxassislari tomonidan yana ikkita gaz kondensatli - Mirbarak va G‘arbiy Ernazar konlari aniqlandi.

Dastlab 18 avgust kuni Qultoq-Qamashi investitsion blokida joylashgan Mirbarak maydonidagi qidiruv qu-dug‘ida olib borilgan aeratsiya va sinov ishlaridan so‘ng 2953-2983 metr chuqurlikda tabiiy gaz manbasi ochilgan. Ushbu gazni "Sho‘rtanneftgaz"ning asosiy sanoat inshootlariga yetkazib berish maqsad qilingan bo‘lib, buning uchun 12,5 kilometr uzunlikdagi quvur tortilmoqda.

Shu blokdagi G‘arbiy Ernazar tuzilmasida esa chuqurligi 4000 metrli quduqda olib borilgan burg‘ilash ishlari ham ijobiy yakunlangan. Sinov jarayonlari, aeratsiya va qatlamni gidroportlatish amaliyotlaridan so‘ng tabiiy gazning sanoat oqimi qayd etilgan. O‘z navbatida yangi aniqlangan kondagi tabiiy gazni transportirovka qilish uchun 2,5 kilometr masofada gaz o‘tkazish quvurlarini qurish ishlari yakunlangan.

Ma’lumot uchun, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Epsilon Development Company" xorijiy korxonasi 2019-yil boshidan Qultoq-Qamashi, Surxon, Ustyurt, Muborak va G‘arbiy Farg‘ona investitsiya bloklari hududlarida geologik razvedka va kon-qidiruv ishlarini olib bormoqda. Kompaniya tomonidan mazkur hududlardagi tabiiy gaz zaxirasi 561 milliard kubometrga baholangan.

N.XO‘JAYEV