So'nggi yangiliklar 13.08.2019 7

YANGI NEFT KONI OCHILDI

Sanoat

Shu yilning 10-avgust kuni Muborak investitsiya bloki Bahoriston tuzilmasida yangi neft koni ochildi. Bu yerda neft bilan birga, tabiiy gaz va gaz kondensati ham qazib olinadi.

Bu haqda Qultak-Qamashi, Muborak, Surxon, Ashibuloq, Kosqudiq va G‘arbiy Farg‘ona investitsiya bloklarida geologiya-razvedka ishlarini, shu jumladan, seysmik tadqiqotlar va qidiruv, geologiya-razvedka quduqlarini burg‘ilashni amalga oshirayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Epsilon Development Company" xorijiy korxonasi ma’lum qilmoqda.

Aytilishicha, qidiruv qudug‘ini burg‘ulash ishlari 2019-yil 2-iyun kuni boshlangan. Quduqni 2445 metr chuqurlikda sinovdan o‘tkazish chog‘ida sutkasiga 100 ming kub metr debit bilan neft, kondensat va tabiiy gaz oqimi olingan.

Uglevodorodlarning olingan oqimi va geologik ma’lumotlar O‘zbekistonda yangi Bahoriston koni ochilganidan dalolat beradi. Loyihaga asosan qidiruv qudug‘ini burg‘ulash ishlari 3000 metr chuqurlikkacha davom ettiriladi. Kompaniya gazni Muborak gazni qayta ishlash zavodiga transportirovka qilish uchun 9,7 kilometr uzunlikdagi yangi gaz quvurini qurishga kirishgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mamlakatimizda bu boradagi loyihalarni amalga oshirish uchun "Thyssen Krupp" (Germaniya), "Epsilon Development Company LLC" (AQSH) va "Epsilon Asia Limited" (Gonkong) kompaniyalari tarkibida investorlar konsorsiumi (xususiy hamkorlar) tashkil etilgan bo‘lib, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Epsilon Development Company" xorijiy korxonasida ayni paytda 900 nafardan ortiq xodim xizmat qilmoqda. Kompaniya O‘zbekistonda neft va gaz, sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish doirasida 92 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, tegishli sohalarda 100 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratadigan xizmat ko‘rsatish korxonalari tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

N.XO‘JAYEV