YANGI O‘QUV YILI QAMROVI QANDAY BO‘LADI?

Abituriyent – 2019

2019/2020-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi  parametrlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, bu yil hujjatlarni rasmiylashtirishda yana bir qator qulayliklar yaratilib, test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i Bektosh Shodiyev quyidagilarni gapirib berdi.

QABUL KVOTASI 20 FOIZGA O‘SDI

- Joriy yilgi qabul jarayonida abituriyentlar uchun ko‘plab yangiliklar va qulayliklar yaratildi. Ayniqsa, Prezident tashabbusi bilan Respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining qariyb 20 foizga oshirilgani qo‘shimcha tarzda yana 120 mingdan ortiq o‘g‘il-qizning talabalikka qabul qilinishiga zamin hozirlaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatimizdagi OTMga jami bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 51 ming 529 nafar abituriyentdan hujjatlar qabul qilingan. Shundan 4 ming 220 nafariga talabalik baxti nasib etgan. Bu esa bir o‘ringa 12 nafardan ortiq nomzod to‘g‘ri kelganini ko‘rsatadi.

O‘tgan yilgidan farqli ravishda joriy yilda viloyatimizdagi 3 ta oliy o‘quv yurtiga bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha 5 ming 290 ta qabul kvotasi ajratildi.

Jumladan, Qarshi davlat universitetining kunduzgi bakalavriat yo‘nalishlariga jami 2 ming 80 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Ulardan 460 nafari davlat granti, 1620 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi. Sirtqi ta’lim yo‘nalishlariga esa yana 830 nafar talaba qabul qilinadi. Shuningdek, magistratura bosqichiga jami 116 nafar talaba qabul qilinib, ularning 61 nafari davlat granti, 55 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi. 

Shuningdek, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida bakalavr bosqichining kunduzgi 27 ta’lim yo‘nalishiga jami 1715 nafar abituriyent qabul qilinadi. Ulardan 460 nafari davlat granti, 1255 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. Sirtqi bo‘yicha esa 350 ta, magistratura yo‘nalishiga jami 76 kvota ajratilgan. Shundan 54 tasi davlat granti, 22 tasi to‘lov asosida o‘qiydi. 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali esa 2019/2020 o‘quv yilida kunduzgi bakalavriatga 250 nafar talaba qabul qiladi. Ularning 65 nafari davlat granti asosida ta’lim olsa, 185 yigit-qiz to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi belgilangan. Filialda sirtqi ta’lim yo‘nalishiga 75 nafar o‘g‘il-qiz o‘qishga qabul qilinadi.

Muassasada magistratura yo‘nalishida 5 ta kvota ajratilib, barchasi davlat granti asosida o‘qiydi.

VILOYATIMIZDA OTMLAR SONI OSHMOQDA

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida, Shahrisabzda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining va Toshkent kimyo-texnologiya institutining filiallari ochildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali ham ish boshlashi kutilmoqda.

QASHQADARYOLIKLAR UCHUN AJRATILGAN ALOHIDA KVOTALAR BOR

- Prezidentning tegishli qarori bilan mamlakatimizdagi OTMga hududlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat grantlari asosida maqsadli qabul parametrlari ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2 ming 13 ta kvota belgilandi. Shundan 140 tasi viloyatimiz abituriyentlari uchun.

Hududdagi ehtiyojdan kelib chiqib, eng ko‘p (95 ta) kvota tibbiyot yo‘nalishidagi  OTMlardan ajratildi. Masalan, qashqadaryoliklar uchun Toshkent tibbiyot akademiyasidan 39 ta kvota ajratilib, undan 7 tasi Toshkent shahriga, 2 tasi muassasaning Urganch filialiga hamda 30 tasi Termiz filialiga to‘g‘ri keladi. Xuddi shunday, Samarqand tibbiyot institutidan 37 ta, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti hamda Samarqand veterinariya meditsinasi  institutidan 15 tadan, Toshkent farmatsevtika instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutidan 2 tadan o‘rin berilgan. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetidan 23 ta, O‘zbekiston davlat konservatoriyasidan 5 ta, Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabidan 2 ta kvota ajratilgan.

202 O‘RIN HARBIY TAVSIYANOMASI BORLAR UCHUN

- Qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega abituriyentlar uchun  Respublika bo‘yicha 4 ming 8 ta qabul kvotasi ajratildi. Undan 202 tasi Qashqadaryo OTMlariga tegishli. Jumladan, xizmatni namunali o‘tagan askar yigitlar uchun Qarshi davlat universitetidan 104 (23 grant, 81 ta kontrakt), Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutidan 86 (23 ta grant, 63 ta kontrakt), TATU Qarshi filialidan 12 (3 grant, 9 ta kontrakt) o‘rin ajratib berildi.

TESTNI QAYERDA TOPSHIRISH ABITURIYENTGA HAVOLA

Test sinovlari iyul-avgust oylarida, o‘tgan yilgi kabi katta sig‘imli pavilyonlarda o‘tkaziladi. Biz Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati hamda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining sport zallarini tanlab olganmiz.

Bu yil abituriyentlar respublikaning istalgan hududidagi  OTMdan ro‘yxatdan o‘tib, boshqa hududda test sinovida qatnashishi mumkin. Faqat ro‘yxatga olinayotganida qayerda test topshirmoqchi ekanini aniq ko‘rsatishi shart. Deylik, qashqadaryolik abituriyent Toshkentdagi  3  ta OTMga hujjat rasmiylashtirdi. Arizasida esa testni Qashqadaryoda topshirishini belgiladi. Demak, u Toshkentga bormasdan ham test sinovida qatnasha oladi. Yoki samarqandlik abituriyent Buxorodagi 3 ta OTMni tanladi. Lekin u test o‘tadigan vaqtda oilaviy sabablarga ko‘ra, Samarqandda emas, Navoiyda bo‘ladi. Avvaldan shuni e’tiborga olib, hujjat rasmiylashtirayotganda testni Navoiyda topshirishini qayd etishi kerak. Hududni keyinchalik qayta o‘zgartirib bo‘lmaydi. 

HUJJATLARNI SOXTALASHTIRGANLAR KECHIRILMAYDI

- Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida faqat zarur hujjatlarni ko‘rsatishi va qayd etishi avvaldan ma’lum qilingan edi. Agar abituriyent o‘ziga tegishli hujjatlarda yoki imtiyozlarga oid ma’lumotlarda soxtakorlikka yo‘l qo‘ysa va natijasiga ko‘ra talabalikka tavsiya qilinsa, baribir talabalar safidan chetlashtiriladi. Ularga o‘qishni qayta tiklash imkoniyati berilmaydi.  

Sojida ALLAYOROVA suhbatlashdi.