Iqtisodiyot 17.09.2019 45

YANGI SOLIQ KODEKSI LOYIHASI MUHOKAMA ETILDI

Davra suhbati

Viloyat davlat soliq boshqarmasida yangi Soliq kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda tadbirkorlar, qator korxona va tashkilotlar mas’ul xodimlari, pedagog-iqtisodchilar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, bugun mamlakatimizda soliq tizimini takomillashtirish, aholi va tadbirkorlarga tushadigan soliq yukini kamaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29- iyundagi tegishli farmoniga asosan, Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi.  Bir qator soliq turlari kamaytirildi.

Misol uchun, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizga, foyda solig‘i 14 foizdan 12 foizga, dividend solig‘i 10 foizdan 5 foizga kamaytirildi. Budjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar esa bekor qilindi.

Bundan tashqari, soliq solish tizimi soddalashtirilib, soliq turlari 19 tadan 15 taga qisqartirildi, yagona ijtimoiy to‘lov va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobotlari birlashtirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotining 9 ta ilovasi 5 taga tushirildi, hisobvaraq-faktura shakli soddalashtirildi.

Soliq tizimidagi bu kabi katta o‘zgarishlar soha qonunchiligini ham isloh qilish ehtiyojini yuzaga keltirishi tabiiy. Shunga ko‘ra, yangi Soliq kodeksi ishlab chiqildi. Ayni paytda joylarda ushbu hujjat loyihasi muhokamalari bo‘lib o‘tmoqda.

- Ma’lumki, soliq qonunchiligi majburiylik, aniqlik, soliq solishning adolatliligi, soliq tizimining birligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq qonunchiligining oshkoraligi va soliq to‘lovchi to‘g‘riligining prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanishi lozim, -  deydi Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i E.Gadoyev.  - Yangi kodeks loyihasida mana shu jihatlar to‘liq o‘z ifodasini topgan. Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan mana shu jihatlar keng tushuntirib berildi. Kiritilgan o‘zgarishlar qizg‘in muhokama etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, har bir shaxs ushbu kodeks loyihasida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashga majburdirlar. Hech kimga ushbu kodeksda nazarda tutilmagan yoxud uning meyorlarini buzgan holda o‘rnatilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati qo‘yilmaydi. Soliq tizimida olib borilayotgan islohotlar esa ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, budjet daromadlarini oshirish, aholi turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda ishtirokchilar yangi Soliq kodeksi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bayon etgan holda mutaxassislardan savollariga javob oldilar.

J.BOYMURODOV