Madaniyat 09.05.2019 3

YANGI TEATRNING ILK SPEKTAKLI

Premyera

Kasbi tumani madaniyat markazida yangi tashkil etilgan "Yoshlar" teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan ilk spektakl premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida joriy yilning 3 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish bo‘yicha beshta muhim tashabbus ilgari surilgan edi. Birinchi tashabbus bevosita yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga qaratilgan.

- Mazkur tashabbusdan kelib chiqib, tuman madaniyat markazi qoshida "Yoshlar" teatr-studiyasini tashkil etdik, - deydi tuman madaniyat bo‘limi mudiri To‘ra Madiyev. - Unga hududdagi iqtidorli yigit-qizlar jalb etilgan.

Teatrning ilk ishi Karomat Dilmonov asari asosida sahnalashtirilgan "Terakvoyning sarguzashtlari" deb nomlangan ertak-tomoshasi bo‘ldi. Inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat ipi, uning taranglashuvi qanday oqibatlarga olib kelishi ifoda etilgan bu asar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Yosh jamoa endi yangi-yangi asarlarni sahnalashtirish, ularni tumandagi turli tashkilotlar, jumladan, ta’lim maskanlarida ham namoyish etib borishni maqsad qilishgan.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: premyeradan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.