Jamiyat 27.12.2018 46

YANGI YIL "CHEGIRMASI", "AJOYIB" NARX: YARMARKADA 14 MING, KO‘CHADA 7 MING!?

Bugunning gapi

YANGI YIL "CHEGIRMASI", "AJOYIB" NARX:

YARMARKADA 14 MING, KO‘CHADA 7 MING!?

Yoxud arzonning sho‘rvasi tatimasmi?

Yangi yil bayrami tobora yaqinlasharkan, o‘tgan yili bayram dasturxoniga yarmarkadan bozorlik qilganim yodimga tushadi: yarmarkada narxlar cho‘ntakbop bo‘ladi, degan xomxayol bilan arzon joyni qidirib, rosa sarson bo‘lganman. Shunga yarasha mushkul oson bo‘lsa-ku qani, qimmatiga olib, ustiga-ustak sotuvchilarning "Nima endi yarmarka ekan, deb tekinga berish kerakmi?!" degan iddaolariga ham chidashga to‘g‘ri kelgan.

Xo‘sh, bu yilgi ahvol qanday? Viloyatda tashkil qilingan yangi yil yarmarkalaridan aholi mamnunmi? Mahsulotlar ko‘chadagidan arzonmi?

Ma’lum bo‘lishicha, doimgi odatga binoan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi maxsus yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha 14-dekabr kuni viloyat hokimligida ham majlis chaqirilgan. Unda ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish, shaharlar va tumanlardagi  dehqon bozorlari, yirik savdo komplekslari va aholi zich yashaydigan mahalla guzarlarida maxsus yarmarka savdolarini tashkil etish hisobiga narx-navo barqaror saqlanishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanib, tegishli mutasaddilarga vazifalar taqsimlab berilgan.

Masalan, mahsulotlarning yarmarkalarga to‘liq olib kelinishiga tuman hokimlari shaxsan javobgar bo‘lsa, ular o‘z navbatida tovar ishlab chiqaruvchilar, dehqon va fermer xo‘jaliklari, savdo tashkilotlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarning savdolardagi ishtirokini ta’minlashi ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, bank tizimi rastalarni terminallar bilan ta’minlasa, uning ijrosini soliqchilar o‘rganishi, viloyat davlat soliq, raqobat, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmalari yarmarkalarda sotilayotgan mahsulotlar narxini kunlik nazoratga olishi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi va veterinariya boshqarmasi oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirishi kerak.

Xo‘sh, buncha chora-tadbiru vazifa belgilashga nima zarurat? Gap shundaki, aynan shu vaqtda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab har qachongidan oshib ketadi, chunki hamma imkoni yetganicha sarxil noz-ne’matlar bilan bayram dasturxoni tuzashga harakat qiladi. Aslida ommaviy ravishda katta xarajat qilinadigan Yangi yildan boshqa bayram yo‘q hisobi.

Buni sotuvchilar ham yaxshi bilishadi, shuning uchun kechagina 3-4 ming so‘m bo‘lgan mahsulot ustiga bayram arafasida darrov 5-6 ming so‘m "minib" oladi. YA’ni narx sun’iy ravishda osh(iril)adi. Ushbu holatning oldini olish uchun esa yuqorida aytganimizday yarmarkalar tashkil qilinadi.

Aslida yarmarka so‘zi nemischa "yarmarkt" so‘zidan olingan bo‘lib, "yilda bir bo‘ladigan bozor" ma’nosini berarkan. Demak, bir yilda bir marta bo‘ladigan bu tadbir har tomonlama ko‘ngildagiday, aholiga qulay shakl va narxlarda o‘tishi kerak. Agar aksincha bo‘ladigan bo‘lsa, undan nima naf, ne mantiq? To‘g‘rimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda asosiy turdagi oziq-ovqatlar va meva-sabzavotlar yarmarkasi 2018-yil 7- dekabrdan boshlanib, 2019-yil 5-yanvariga qadar davom etadi. Birgina Qarshi shahrida Yerqo‘rg‘on, Markaziy, "Naqshab darvozasi" dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, "Orzu" va "yangi" bozorlar hamda "Yashil bozor" yonida kam pulga ko‘p mahsulot xarid qilish imkoni ko‘zda tutilgan. Yaxshiki, bu yil yarmarkasiz ham meva-cheva, kartoshka-piyoz arzon. Bu o‘z-o‘zidan yarmarka o‘tkazadigan mutasaddilar tashvishini ham bir hissa aritadi, sababi, 10-15 turdagi mahsulot narxini nazorat qilib borish qayoqdayu, faqat go‘sht, tovuq, tuxum yoki guruch narxidan hushyor bo‘lib turish qayoqda?!

To‘g‘risi, viloyatda o‘tayotgan yarmarkalar, ularga biriktirilgan mas’ullar ro‘yxatiga nazar tashlab, bu borada biror muammo yo‘q, degan xayolga boradi kishi. Ammo faqat qog‘ozdagi harf va raqamlar sabab paydo bo‘lgan bu xayol hayotda o‘z ifodasini topmayotgani ko‘ngilni xira qiladi.

Misol uchun, "Oqtepa fayz savdo" majmuasi MCHJ, xalq tilidagi "Orzu" bozoridagi yarmarkani olaylik. Hali bozorga kirmasdan turib, ko‘chani liq to‘ldirgan meva-cheva, to‘kin-sochinlikni ko‘rib, ko‘z quvnaydi, narx ham yomon emas. Ammo ular shunchaki yoyma, demak, yarmarkada bundan ham arzon, bundan ham sifatli mahsulot xarid qilaman, degan o‘yda kirarkansiz, ichkaridagi narxlar tashqaridan deyarli farq qilmasligi  kishini taajjubga soladi. Pomidor-bodring yarmarkada - 14 ming, ko‘chada 6-7 ming so‘m ekaniga nima deysiz?! "Yangi yil chegirmasi. Ajoyib narx" deya "reklama" qilingan 32 ming so‘mlik go‘shtni esa olgingiz kelmaydi. Shunchaki ta’b tortmaydi.

- Bizga mahsulotlar Yakkabog‘, Qamashi tumanlaridan keltirilishi kerak edi, biroq hech narsa kelmadi, - deydi "Oqtepa fayz savdo" majmuasi MCHJ bosh iqtisodchisi Eshtemir Namozov. - Bu bo‘yicha xat qilib berganmiz. Imkon doirasida o‘zimiz tadbirkorlarni jalb qilib, yarmarka o‘tkazayapmiz.

Aslida ular "imkon doirasida" tashkil qilgan savdoning yarmarkaga hech qanday daxli yo‘q. Chunki "yarmarka" deb bannerga yozib qo‘ygan bilan hech narsa o‘zgarmaydi, hamma gap yarmarkadagi narx ko‘chadagidan keskin farq qilishida. Bu yerdagi ishlar nomiga ekanini sotuvchining so‘zlari ham tasdiqlaydi.

- Yarmarkaga, mana, 2 minglik olmalarimiz bor, lekin ularni hech kim olmayapti, - deydi Nurjamol Tosheva. - To‘g‘risi, bayramga hamma yaxshi narsa olgisi keladi. Biz ham "Yerqo‘rg‘on"dan olib kelamiz, pomidor-bodringni 13 mingga olsak, 14 ming qilib sotamiz. Boshqalariyam shu. 5-6 kun bo‘ldi savdoni boshlaganimizga, foyda qilaylik, deb keldik-da.

Ko‘rinib turibdiki, xo‘jako‘rsinga tashkil qilingan bu kabi yarmarkalar har qachongidan ko‘ra ko‘proq foyda qilishni ko‘zlagan sotuvchilar uchun ayni muddao bo‘layapti. Ayni shu masalada, shu bozorga mas’ul etib birkitilgan soliq inspeksiyasi, IIB va DSENM mas’ullari esa negadir jim.

"Orzu" bozorida bayram dasturxoniga xarajatning "kattasi" ketadigan ho‘kiz go‘shti 38, qo‘y go‘shti 39 ming so‘mdan sotilayapti.

Vaholanki, viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan, raqobat qo‘mitasi, viloyat davlat soliq, moliya boshqarmalari boshliqlari, viloyat bozorlar uyushmasi boshqaruv raisi imzolagan, dehqon bozorlarida kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining shu yil 16-31-dekabr kunlari uchun belgilangan eng yuqori cheklangan narxiga binoan, qo‘y va mol go‘shti yarmarka maxsus rastasida 28 mingdan, tadbirkorlar rastasida 36 ming so‘mdan oshmasligi zarur. Ammo "Orzu" bozorida go‘shtga qo‘shimcha 10-12 ming so‘m "minib" olganki, bu narxdagi go‘shtni istalgan joydan topish mumkin. Bozor mutasaddilari ertadanoq go‘sht narxi 28 mingga tushirilishini, bu bo‘yicha qassoblar bilan gaplashilganini ma’lum qildi. Erta ham qochib ketmas, ko‘ramiz, shu narxda sotiladimi va u xaridor ta’biga mos keladimi?

Eng yuqori cheklangan narxi yarmarkada 500 so‘m bo‘lgan tuxum bu bozorda 600-650 so‘m, qizig‘i, shundoq ko‘chadagi savdo shoxobchasida "optom" 400 so‘mdan turibdi. Baliqning ham cheklangan bahosi sotuvchilarni qanoatlantirmayapti, shekilli, yarmarkada dudlanganidan boshqasini topolmaysiz.

"Yashil bozor" savdo markazi yonidagi yarmarkada hartugul qo‘y go‘shti ham, mol go‘shti ham bir xil narxda - 33 ming so‘m. 28 mingga esa aholining katta qismi diniy mansubligiga ko‘ra iste’mol qilmaydigan cho‘chqa go‘shtini topasiz. Uning ham yuqorisiga "26 ming so‘m" deya xo‘jako‘rsin lavha ilib qo‘yishgan. "26 mingga qoplamaydi, aytishaveradi-da", deydi qassob yog‘ni kesarkan.

Bu yerda tovuq go‘shtini 20 ming so‘mga topasiz. Aslida yuqorida keltirilgan cheklangan narxlarga binoan tovuqning bir kilosi maxsus rastada 15, tadbirkorlar rastasida 17 ming so‘mdan sotilishi kerak.

Qizig‘i, pomidor-bodring yarmarkada 14-15 ming so‘mdan sotilayotgan bir chog‘da, bir necha qadam naridagi "Yashil bozor"da pomidor 13 ming 500, bodring 12 ming 300 so‘m atrofida turibdi. Yarmarkada savdo markazidagidan qimmat?!

Xuddi shunday, Markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori, ya’ni "eski bozor"da oriqroq tovuq go‘shtini 19, yaxshirog‘ini 20 mingdan olsa bo‘ladi. Demak, har kilosiga 4-5 ming qo‘yib sotilayotgan bunday tovuqni yarmarkaga bormay ham topish imkoni ko‘p.

Faqat bu yerda go‘sht narxi boshqa joylarga qaraganda sal qimmatroq. Molniki 38, qo‘yniki 40 ming.  28 mingliklari ham bor, uyam boya aytganimizdek, ko‘ngilda nedir shubha uyg‘otadi. Buni marshrutkada biroviga aytgandim, "28 minglik go‘sht? Tirik molnikimi?" deb so‘radi. Bu kabi ishlardan xabari bor shekilli, o‘tgan yili arzon sotilgan go‘shtga molning tuyog‘i, jag‘igacha qo‘shib sotishganini aytdi. "Arzonning illati bo‘ladi, deb bekorga aytishmaydi" deb qo‘shib qo‘yishni ham unutmadi.

- Bozorimizda yarmarka o‘tkazish uchun tumanlardan vakil biriktirilgan, lekin mahsulot kelgani yo‘q, - deydi Qarshi markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori AJ raisi Oybek Po‘latov. - Masalan, Mirishkor tumanidan 15 tonna go‘sht keltirilishi kerak edi, kelmadi. 14-15 minglik tovuq savdoga chiqarilgandi, hech kim olmadi. Lekin ertadan boshlab savdoga haqiqiy bayram kayfiyatini beramiz.

Demak, ko‘p narsa tumanlarga ham bog‘liq. Balki tuman hokimlari ushbu masalaga panja orasidan qaramaganda, hammasi joyida bo‘larmidi. Chunki qaysi yarmarkaga bormang, tumanlar zimmasiga yuklangan mahsulot kelmayotganidan nolishadi.

"Yangi bozor" - Qarshi markaziy buyum savdo kompleksida ham yarmarka o‘tishi ko‘zda tutilgan, mutasaddilar esa kirish darvozasi yonidagi bayram sovg‘alarini yarmarka deb tushuntirishdi. Agar bo‘y barobar chiqmaydigan birgina sun’iy archa 550 ming so‘mdan sotilayotgani yarmarka bo‘lsa, qolganini bilmadik.

Yarmarkalar tashkil etish bo‘yicha Qarshi shahar hokimining 2018-yil 10-dekabrdagi farmoyishiga asosan nazorat shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Do‘stmurod Sultonov zimmasiga yuklangan.

- Chindan ham tumanlardan aytilgan mahsulot kelmagani uchun shaharning o‘zidagi tadbirkorlar bilan ehtiyojni qoplab bo‘lmayapti, - deydi Do‘stmurod Sultonov. - Lekin hozir 1 kilo yem qancha? Go‘shtni yarmarkada aytilgan narxda sotish qoplamasligi ham bor gap. Ertaga chiqib, hammasini o‘rganib chiqaman, joyiga tushadi.

Aslida gap bir kilo yemning narxi qancha ekanida emas. Chunki yarmarkada go‘sht uchun cheklangan narx belgilanayotganda, hamma xarajat hisob-kitob qilingan, six ham, kabob ham kuymaydigan, sotuvchi yutqazmaydigan, xaridor mamnun bo‘ladigan to‘xtamga kelingan.

Viloyat markazidaki, ahvol shu bo‘lsa, tumanlardagi yarmarkalarni tasavvur qilavering. Xususan, Chiroqchida har yili hokimiyat binosi yonida o‘tadigan yarmarkadan bu yil negadir darak yo‘q. Har holda aholi yarmarka qayerda o‘tayotganini bilmaydi. Shundanmi, go‘sht 40-42 ming so‘mdan. Qarshi tumani hokimligi mas’ul xodimi Marat Xodjayev esa viloyat hokimi selektorda bergan topshiriqqa asosan yarmarka o‘tkazilayotganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, amalda doimgi savdo joyidan boshqasini uchratmaysiz. Go‘sht mol va qo‘ynikiligiga qarab 35, 37 ming so‘mdan.

Mirishkor tumani hokimligi vakili Halim Karomatov tuman hokimligi oldida yarmarka tashkil qilingani, go‘sht 25 ming so‘mdan sotilayotganini ma’lum qildi.

Surishtiruvimizda ma’lum bo‘lishicha, darhaqiqat, bir necha kun avval bir qo‘y keltirilib so‘yilgan, 20 kilogramm go‘sht qilgan va uning har kilosi 25 ming so‘mdan sotilgan ekan. Mas’ullar aytgan joyda esa yarmarkaning "ya"sini ham ko‘rmaysiz.

Ochiq aytish kerak, savdo nuqtalarida 28 minglik go‘sht bor, yo‘q emas. Ammo uni kim olayapti? Deylik, yarmarkaga mas’ul etib biriktirilgan mutasaddilarning o‘zi shu go‘shtdan xarid qiladimi? Qilarmidi?

Biz mahsulotlar narxini asosan qimmatlari misolida ko‘rdik. Ammo arzonlari, misol uchun, kartoshka 2 ming so‘mdan go‘yoki arzon sotilayotganday ko‘rinsa-da, ayni kunlarda uning cheklangan bahosi 1500 so‘m, xolos. Har kilosidan 500 "tug‘ayotgan" kartoshkaning o‘zidan sotuvchiga qancha foyda qolishini tasavvur qilavering.

Bir paytlar juda mashhur ruscha qo‘shiqda shunday jumlalar bo‘lardi: "Tug‘ilgan kunim juda yaxshi, afsuski u yilda bir marta". Buni sotuvchilar tiliga ko‘chirsak, nomiga yarmarka deb atalgan, amalda nazorat yo‘q, mas’ullari "erta-indin joyiga tushadi" deydigan va hech joyiga tushmaydigan, narxlari hatto ko‘chadagidan qimmat yarmarka "sotuvchilar uchun juda yaxshi, "afsuski" u yilda bir marta..." Afsuski, har yili odamlar yarmarkadan arzonrog‘ini, sifatlisini xarid qilaman, degan umid bilan cho‘ntak kavlaydilaru, amalda faqat yutqazib yuraveradilar. Afsuski, har yili...

B.O‘KTAM