Tibbiyot 08.02.2019 122

Yangilangan endokrinologiya tizimi: YANA YARIM YILDAN SO‘NG ENG MURAKKAB AMALIYOTLAR HAM BAJARILA BOSHLAYDI

Tibbiyot va islohot

Yangilangan endokrinologiya tizimi:

YANA YARIM YILDAN SO‘NG ENG MURAKKAB AMALIYOTLAR HAM BAJARILA BOSHLAYDI

Shu kungacha viloyatimizda endokrinologiya xizmati ko‘rsatadigan yagona dispanser 1980-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ishlash tizimi hamon eskicha edi.  2018-yilning 13-14-dekabr kunlari Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi davomida Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialining ochilishi esa viloyat ahli uchun muhim voqelik bo‘ldi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu tibbiyot markazi diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va bolalar, qalqonsimon bez kasalliklari, endokrin jarrohlik, diabetik to‘piq jarrohligi, laboratoriya-diagnostika kabi bo‘limlar, 50 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikani o‘z ichiga oladi.

- Eng so‘nggi rusumdagi 60 turdan ziyod tibbiyot jihozi va apparatlar kasalliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolash imkonini beradi, - deydi filial bosh shifokori Bobir Teshayev. - Buning uchun xodimlarimiz Respublika tibbiyot markazida tajriba oshirdi. Bir qancha yosh kadrlar ishga olindi.  Shuningdek, shifokorlarimiz chet elda o‘qib kelishdi. Natijada yana yarim yildan so‘ng murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘z mutaxassislarimiz bajara boshlaydi.

Ma’lumki, qandli diabet ijtimoiy kasallik hisoblanib, davolanish bepul amalga oshiriladi. Bosh shifokorning ta’kidlashicha, bu yerda davolanayotgan har bir bemor uchun davlat tomonidan bir kunda 15 ming  so‘m atrofida dori-darmon va 6500 so‘m ovqat uchun ajratiladi.

- Avvallari bemorlar 100-120 kilometr yo‘l bosib davolanish uchun kelar, joy bo‘lmasa yana shuncha     masofa bosib qaytib ketishardi, - deydi nefropatiya bo‘limi boshlig‘i Jamshid Yarmamedov. - Bu ovoragarchilikning oldini olish maqsadida yana bir yangilik yaratildi. Ya’ni  filial tomonidan tumanlar kesimida yo‘llanma tashkil qilindi. Endi bemorlar o‘z tumanlarida ko‘rikdan o‘tganlaridan so‘ng navbat bilan davolangani keladi. Joy muammo bo‘lmaydi. Bir oy davomida ushbu tizim orqali 300 kishi davolanib ketayapti.

- Viloyatimizda bunday zamonaviy shifo maskani ishga tushishi biz kabi bemorlar uchun qanchalar quvonchli bo‘lganini so‘z bilan ta’riflash qiyin, - deydi Nishon tumani Shirinobod mahallasilik Suyun Xo‘jamberdiyev. - Ko‘p yillardan buyon diabetdan aziyat chekib kelaman.  Avvalgi kasalxonada yotib davolanish juda og‘ir, majburdan kelardik. Isitish tizimi mutlaqo ishlamas, ichimlik suvi yo‘q, pollari teshilib ketgan, xonada suvaraklar kezib yurardi. Hozirgi sharoitlar uchun qancha minnatdor bo‘lsak kam.

Filialdagi asosiy yangiliklardan yana biri respublikada yagona Diabet maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilganidir. Maktab alohida o‘quv xonasiga ega bo‘lib, ko‘rgazmali qurollar bilan ta’minlangan. Malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga o‘zini  o‘zi nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yo‘llarini o‘rgatadi.

Mavjud imkoniyatlari mamlakat miqyosida ham yuqori sanaladigan mazkur ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hudud aholisining talab va ehtiyojlariga asosan faoliyat boshladi. Eng asosiysi, barchasi "islohot - islohot uchun emas, avvalo, inson uchun" degan maqsadni ro‘yobga chiqarmoqda.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.